Eng faol jurnalistlar taqdirlandi

2020-07-03T14:01:27+00:003 July, 2020|Umumiy yangiliklar|

Xabaringiz bor,O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi ommaviy axborot vositalarida faoliyat ko‘rsatayotgan jurnalistlarning kasbiy mahoratini oshirish, ijodiy salohiyatini yuksaltirish, mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi, islohotlar jarayonidagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash va  rag‘batlantirish maqsadida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan “Yilning eng faol jurnalisti“ an’anaviy respublika ijodiy tanlovini o‘tkazdi.

Tanlov  pandemiya bois yuzaga kelgan karantin sharoitida Muvaqqat nizom asosida, on-layn tartibida o‘tkazildi. Taqdim etilgan  materiallarda  turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar va demokratik yangilanishlar jarayoni, jumladan  koronavirus pandemiyasi va favqulodda holatlarda jamiyatimizda odamlarimiz tomonidan namoyon etilayotgan fidoyilik,  o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik kabi olijanob fazilatlar tobora mustahkamlanib borayotgani, Vatan  taqdiri  va istiqboliga daxldorlik tuyg‘usi ma’naviy hayotimizning uzviy qismiga aylanib borayotgani o‘z aksini  topgani e’tiborga molik.

G‘oliblar ro‘yxati   bayram arafasida  matbuot va uyushma saytida  e’lon qilindi.

Kuni kecha O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasida Toshkent shahri va viloyatidagi OAVda faoliyat olib borayotgan g‘oliblarga  mukofotlar topshirildi.

Mukofotlarni uyushma raisi Sa’dulla Hakimov  topshirdi. U o‘z so‘zida so‘nggi yillarda yurtimizda milliy jurnalistika sohasini rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kadrlarning ijodiy, kasbiy salohiyatini yuksaltirish masalasiga katta ahamiyat qaratilayotganini,bu borada qabul qilinayotgan qonun hujjatlari ommaviy axborot vositalari xodimlarini yanada erkin, samarali ijod qilishi, xalqimiz uchun dolzarb bo‘lgan mavzularni dadil ko‘tarib chiqishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganiga alohida urg‘u berib o‘tdi.

Dilshodbek Nazirov, “O‘zbekiston-24” teleradiokanali Bosh muharriri:

    –Ochig‘i, so‘z va ibora bilan buni quvonch va shukuhini yetkazib berish mushkul. Hammada bo‘lgani kabi menda ham savol tug‘ildi. Ishqilib, mukofot o‘z egasiga berildimi? Men shunga loyiqmanmi? Nokamtarlikka yoymang. Chunki, qilayotgan ishlarimdan o‘zimni goh ko‘nglim to‘ladi, gohida to‘lmaydi. Hamma vaqt ham o‘ylagan natijaga yetisha olmayman. Ammo bir joyda to‘xtash yo‘q. Ochig‘i, bugungi o‘zgarishlar dinamikasini hamma ham birdek ilg‘ay olmayapti. Ushbu mukofot esa menga, umuman olganda barcha sovrindorlarga yelkamizdagi mas’uliyatning nechog‘lik mashaqqatli hamda dolzarbligini anglatadi.

Dilobar Kabulova, “Sevimli”TV,“Zamon” axborot dasturi boshlovchi muharriri:

 – Bilasizki, televideniye ko‘p yillardan beri eng ommaviy   axborot vositasi bo‘lib  kelmoqda. Bugungi kunda  mamlakatda telekanallar soni ham  ko‘p. Bu esa har bir kanal va uning xodimlaridan sog‘lom raqobat muhitida ishlashni, o‘z o‘rni va nufuzini saqlash uchun  kurashishni  talab etadi. Bu borada nodavlat telekanallar yil sayin o‘z mavqelarini mustahkamlab borayotgani  quvonarli hol. O‘zim faoliyat olib borayotgan “Sevimli” telekanalida ham talablar qattiq, natijalar esa faqat xalq, jamiyatga xizmat qilishi kerak. Tezkorlik, zamon bilan hamnafaslik, aniq hamda sifatli axborot  berish bu mening shiorim. Umid qilamanki, bu g‘oliblik kelajakdagi faoliyatimda menga poydevor vazifasini o‘taydi.

Nuriddin Ubaydullayev,“Jamiyat” ijtimoiy-siyosiy gazetasi Bosh muharrir o‘rinbosari:

 –Jurnalist degan mashaqqatli kasb bor. Uning mashaqqatini nafaqat jurnalist, balki bugungi zamon rivojlanishining tezlashgan bir paytida oddiy odamlar ham anglab yetmoqda. Bu kasb egalarining mehnati osonlikcha ko‘zga tashlanmaydi, osonlikcha e’tirof etilmaydi. Buning uchun juda ko‘p izlanish va yana izlanish darkor. Sen izlanaverasan, o‘z ustingda tinimsiz ishlayverasan, mehnating esa kun kelib o‘z samarasini beradi, el nazariga tushadi. Sen izlanavar, mehnating, albatta, e’tirof etiladi. Taqdirimizda bor ekan, kamtarin mehnatlarimiz samarasi mutaxassislar tomonidan ma’qul ko‘rilib, jurnalistika sohasining eng katta yutuqlaridan biri “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi g‘olibligi nasib etdi.

Sayyora Xusanova, “Mahalla” radiokanali bosh muharrir o‘rinbosari:

  • Radio sohasining ham o‘ziga yarasha mashaqqatlari bor.

Jonli efirlar radioboshlovchidan tezkorlikni talab qiladi. Ba’zan sutkalab ishda qolib ketamiz, o‘ziga yarasha mashaqqat, talab, tanqidlar ham bo‘lib turadi. Uyushmaning ushbu e’tirofi esa ana shu qiyinchiliklarni unutib yuborishga turtki bo‘ldi desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ilyos Safarov, “kun.uz” sayti muxbiri:

  • Bugungi kun jurnalistikasi bir muncha tezkorlikni talab qiladi.

Shu o‘rinda aniqlikni ham. Internet jurnalistikasi bugun ko‘proq o‘quvchilarni jalb qilayotgani bor gap. O‘zim faoliyat yuritayotgan saytda ham raqobat kuchli. Kanal o‘quvchilariga aniq, sifatli, ishonchli material yetkazib berish  oldimizda turgan asosiy vazifamizdir.“Yilning eng faol jurnalisti” tanlovida e’tirof etilish bu mamlakatimizda internet jurnalistikasiga qaratilayotgan e’tiborning yorqin namunasidir.

Abdujalol Taypatov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh muharrir o‘rinbosari:

  • Har qanday e’tirof yutuqlarimizga berigan bahodir. Bugungi kun jurnalisti zamondan bir qadam oldinda turishi kerak. Sohada kamchiliklarimiz ham yo‘q emas. Buni davlatimiz rahbari ham ta’kidlab o‘tdilar: “Afsuski, aksariyat axborot vositalarida ijtimoiy salmog‘i yengil bo‘lgan, hisobot va balandparvozlik ruhidagi materiallar hanuz ustunlik qilmoqda. Yana bir muhim masala – ayrim jurnalist va blogerlarimizda bilim va professional malaka, bahs madaniyati yetishmasligi jamoatchilikni tashvishlantirmoqda”. Haq gap. Bugun oshkoralik, xalq bilan hamnafas bo‘lib yashash, demokratik tamoyillarga tayangan jurnalist yuqoridagi so‘zlardan o‘ziga kerakli xulosalar olishi kerak. Bu borada biz-jurnalistlar uyg‘oq, sergak bo‘lishimiz shart.

Mukofotlanganlarni qutlagan holda, kelgusida ulardan dolzarb, tahliliy, zamon bilan hamnafaslik ruxidagi ijodiy materiallarni kutib qolamiz. Qalamingniz o‘tkir, so‘zingiz esa yuksalaversin, aziz hamkasblar!

Islom Asilbekov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mutaxassisi