Faxriy jurnalistlar e’tiborda

2020-07-03T05:27:05+00:003 July, 2020|Umumiy yangiliklar|

Jurnalistika fahriylarini qo‘llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy himoyalash O‘zbekiston Jurnalistlari  ijodiy  uyushmasi  faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Zero, umr yo‘li, qalb  qo‘rini  matbuotga bahshida etgan ustozlarimiz  hamisha e’tiborda.  Xususan, birgina o‘tgan 2019 yili 141 nafar faxriy jurnalistlarning holidan xabar olininb, ularga moddiy yordam berilgan edi. Bu kabi xayrli ishlar bu yil ham davom ettirilmoqda. Bunda  Jurnalistlarp ijodiy uyushmasi bilan  Respublika tovar-xom ashyo birjasi o‘rtasida tuzilgan Do‘stlar klubi  muhim o‘rin tutmoqda.

27 – iyun Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasidauzoq yillar davomida  matbuot va ommaviy axborot vositalari rivojiga beminnat xizmat qilgan, bugungi kunda hurmat – e’tiborda bo‘lib, yoshlarga munosib ustozlik qilib kelayotgan nuroniy-faxriylarimiz holidan xabar olindi. Bayram bilan  muborakbod etilib,  uyushmaning sovg‘a-salomlari topshirildi.

Aslida diydor shirin,  tabarruk otaxon-onaxonlar bilan suhbatlar, ularning  ibratlari  undan-da  shirin.

-Mana, qariyb bir asr davomida ne-ne davrlar-u, sinovlarni ko‘rmadik. Bolaligim oltin vodiyning Qo‘qon shahrida kechgan. Jurnalistikaga bo‘lgan havas meni Toshkentga yetaklagan. Ijodiy faoliyatimni dastlab “O‘zbekiston ovozi” gazetasida boshlaganman. Keyinchalik “Toshkent haqiqati”da uzoq yillar ishladim. Ustozlarimdan jurnalistikaning sir-asrorlarini o‘rgandim. Qalamim charxlandi, o‘z ustimda ishlash ko‘nikmalarim mustahkamlandi.

-Bilasizmi, jurnalistning qalbi yonib turishi kerak. Yonmagan, o‘zidan uchqun chiqarmagan qalb bilan yozish qiyin. Qalamingiz o‘tkir, yuragingiz yonib tursa xalqning ko‘ngliga yetib boradigan asarlar yarata olasiz,-deydi 100 yoshni qarshilash arafasida turgan faxriy jurnalist Farida Usmonova.

Shuningdek, ustoz-jurnalistlar Ahmadjon Toshxo‘jayev, Abdurazzoq Obruyev xonadonlarida ham bo‘lindi. Ularga uyushmaning bayram sovg‘alari topshirilib, yashash sharoitlari  bilan tanishildi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining viloyat bo‘limlari ham bayram arafasida viloyatda istiqomat qilayotgan, uzoq yillar jurnalistikaga xizmat qilgan faxriylarimiz holidan xabar olib, ularga sovg‘a salomlar topshirishdi.

-Jurnalistning noni ham qattiq, ham mashaqqatlidir. Unga bardosh bera olgan ijodkor xaqiqiy maxoratga erishadi. O‘zining qisqa umri davomida xalq nazariga tushgan jurnalist borki, uning ijodi barchaga jumladan, yoshlarga ibrat bo‘lishi, ularning hayot yo‘larini topishida xizmat qilishi kerak. Har gal shogirdlarim, birga ishlagan hamkasiblarim holimdan xabar olishga kelganida quvonib ketaman. Yoshlarni ko‘rib ularga chindan havas qilaman. Ikki-uch xatto undan ortiq tillarda ravon so‘zlasha olishadi. Zamonaviy tehnologiyalarni ham bizdan ko‘ra yaxshi bilishadi. Ulardagi jo‘shqinlik, kasbiga bo‘lgan ishtiyoq esa qo‘limga qalam olib meni yana ijodga yetaklaydi,-deydi surxondaryolik faxriy jurnalist Usmonali Normatov.

Haq gap. Faxriylarning bitmas-tuganmas bilimlari,  tajribalaridan  bahramand bo‘lish yoshlarning amaliy ko‘nikmalari shakllanishi, jurnalist kasbining o‘ziga xos sir-asrorlarini o‘rganishlarida katta maktab bo‘ladi.Shogirdlari kamolini ko‘rish  esa ustozlar uchun  katta baxt. Shuning uchun ham  uyushma qoshida tashkil etilgan  Faxriy jurnalistlar hamda Yosh jurnalistlar bilan ishlash kengashlari faoliyati  chambarchas bog‘liq bo‘lib, birgalikda tadbirlar, fahriylar bilan uchrashuvlar tashkil etishga alohida e’tibor qaratadilar.