Xolislik va haqqoniylik asosiy mezonlarimizga aylansin yoki “Yangi Sirdaryo” yangi jarayonda

2020-07-03T07:00:27+00:002 July, 2020|Sirdaryo vil.|

Xalqimiz  jurnalistlarning  hayotda hamisha oldinda yurishlariga, yurtimizdagi islohotlarni, atrofda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, yangilanishlarni tez anglab, ilg‘ab, ularni  tezlik bilan ommaga yetkazishlariga o‘rganib qolishgan. Yurtdoshlarimiz internet tarmoqlari, televideniye ko‘rsatuvlari, gazetalar sahifalaridagi axborotlarni muntazam ko‘rib, kuzatib, o‘qib boradilar. Bu esa ana shu axborotlarni o‘z vaqtida  o‘quvchiga, tinglovchiga, tomoshabinga yetkazib berayotgan kasb egalari bo‘lgan jurnalistlar, turli axborot vositalari muxbirlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Men jurnalistlarni tog‘ cho‘qqisini tezroq zabt etishga intilayotgan alpinistlarga o‘xshataman. Alpinist yo‘lidagi  tog‘u toshlar, qoyalar, ro‘y berishi mumkin bo‘lgan xatarli  hodisalarga parvo  qilmagandek, jurnalist ham  hayotdagi to‘sqinliklar va qarshiliklarga yon bermaydi, hamisha olg‘a intilib, olamni bilishga, odamlarni tezroq yangilikdan boxabar qilishga intilib yashaydi. Bugun axborot asrida, shiddat bilan oldinga  ildamlayotgan hayot ichida yashar ekanmiz, media olamidagi jarayonga, tezkor xabarlarga talab  kuchli ekanligini yurakdan his etamiz. O‘quvchilar shunga yarasha ularni zudlik bilan qabul  qilib, yana yangisini bilishga qiziqadilar. Demak, jurnalist bir lahza ham tinmay ishlashi, jahonda, mamlakatimizda, turli hududlarda ro‘y berayotgan voqea va hodisalarni o‘quvchiga yetkazishga intilishi kerak.

Muhtaram Prezidentimiz Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni munosabati bilan jurnalistlarga yo‘llagan bayram tabrigida “Biz bugun huquqiy demokratik davlat qurayotgan ekanmiz, jurnalistikaning butun dunyoda e’tirof etilgan, o‘zgarmas talab va mezonlariga amal qilishimiz zarur. Bu mezonlarning eng asosiysi – xolislik va haqqoniylikdir. Binobarin, matbuot maydoniga kirgan inson – u jurnalist bo‘ladimi, bloger bo‘ladimi, bundan qat’i nazar – ana shu qoidalarga amal qilishi shart” degan gaplari  barcha matbuot xodimlarini hushyor torttirgani haqiqat. Albatta, bu o‘rinda jurnalistikaga xos bo‘lgan mezonlar, ya’ni voqea va hodisalarni chuqur o‘rganish, eng zarur axborotlarni topish, tanlash, saralash va o‘z vaqtida ommaga yetkazish katta o‘rin tutadi. Chunki bugun axborot maydoni keng, xabarlar internet tarmoqlari orqali soniyalarda jahonni qamrab olmoqda ekan, ana shu mezonlarni aslo  yoddan chiqarmaslik zarur.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining yana bir muhim masala – ayrim jurnalist va blogerlarimizda bilim va professional malaka, bahs madaniyati yetishmasligi jamoatchilikni tashvishlantirayotgani haqidagi fikrlari ham juda o‘rinli. Ayniqsa, tabrikda Yurtboshimiz  mana shunday murakkab  pandemiya sharoitida o‘z kasbiga xosu mos tarzda faoliyat ko‘rsatayotgan matbuot xodimlarining samarali va mas’uliyatli mehnatiga bergan yuksak bahosi, e’tirofi bizni behad quvontirdi, shu bilan birga ertangi hayotbaxsh kunlarda tinmay  ijod qilishga ilhomlantirdi.

Darvoqe, hayot juda ilgarilab, shunga yarasha  talablar ham o‘sib borayapti. Shu bois har bir sohada qator hujjatlar  qabul  qilinmoqda. Keyingi yillarda ushbu sohada qabul qilingan o‘ndan ziyod qonun hujjatlari fikrimizning dalilidir. Ayniqsa, “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarorining qabul qilinishi sohada yangi tizim yaratilishini taqozo etmoqda.

Hayotni kuzatar ekanmiz, bu borada juda katta ishlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘layapmiz. Yurtboshimiz o‘z tabriklarida  ana shu o‘zgarishlar bilan birga kamchiliklarga ham alohida to‘xtaldi. Matbuot sohasida ham Yangi O‘zbekistonga xos, degan yangilanish, yuksalish bo‘lishi kutilmoqda.

Uzoqqa bormaylik, kelgusida jumladan, Sirdaryo matbuotida ham o‘ziga xos o‘zgarishlar ro‘y berishiga ishonamiz. 1963 yili, ya’ni Sirdaryo viloyati  tashkil etilgan  yili  “Sirdaryo haqiqati” deb nomlangan viloyat gazetasiga asos solingan edi. Mana, 57 yildirki,  viloyatning otaxon nashriga aylangan ushbu  gazeta faoliyat  ko‘rsatib  kelmoqda. Matbuot va ommaviy axborot xodimlari bayrami nishonlangan kuni gazeta yangi zamonga hamnafas ravishda “Yangi Sirdaryo” degan yangi nom bilan chop etildi.  Chin ma’noda bu jamoamizga yangi kayfiyat, yangi ruh bag‘ishladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki yarim asrdan ko‘proq vaqtdan beri bir nom ostida chiqib  kelayotgan nashr jamoasi uchun  bu kutilmagan voqea sanaladi.  Albatta,  gap yangi nomda emas, uning mazmuni va zamonga munosib ko‘rinishga ega bo‘lishiga, shuningdek, jamoaning ham shunga yarasha o‘z faoliyatini qayta tashkil etishiga bog‘liq.

Hozirgi kunda, dastlab Akmal Po‘lat, Sulton Akbariy, Ismoil Sulaymonov, Jamol Sharopov, Kabir Shukurovlar,  so‘ngra Sa’dulla Boqiyev, Saminjon Sultonov kabi ustoz jurnalistlar saboqlarini olgan, tajribalarini o‘rgangan bir necha nafar sharafli kasb egalari bo‘lgan  fidoyi jurnalistlar hamon jamoada mehnat qilishmoqda. Lekin oramizda ustozlar estafetasini davom ettiradigan bilimdon, media maydonning faol ishtirokchisiga aylanayotgan, bugungi kun jurnalistkasi talablari asosida ishlaydigan yoshlar juda kam. Kelgusida davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan tegishli hujjatlarning bajarilishini ta’minlash jarayonida jamoamizda katta o‘zgarishlar bo‘ladi. Yangi O‘zbekistonning bir bo‘lagi sanalgan, tub o‘zgarishlar, yangilanishlar ichida yashayotgan Sirdaryo viloyati nashri sanalgan “Yangi Sirdaryo”  gazetasi  albatta, o‘z nomiga munosib bo‘lishiga ishonamiz.

Xolida PARDABOYeVA                                                                               O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist,                                                         “Yangi Sirdaryo” gazetasi bo‘lim mudiri