Ustozlar yodi: O‘t aro yonmoqdan o‘zga chora yo‘q

2020-07-01T09:45:50+00:001 July, 2020|Namangan vil.|

Har gal ustozim Farhod Yo‘lchiyevni yod etganimda Mir Alisher Navoiyning  ana shu tabarruk baytlarini pichirlayman.  Mavlono Rumiyning “O‘t, o‘t orasidan o‘ting bor bo‘lsa” degan pandlari naqadar chuqur ma’noli hikmat ekaniga iqror bo‘laveraman.

Dunyoda yaxshilar bisyor, o‘zidan yaxshi nom qoldirib ketganlar talay. Biroq, hazrati inson uchun kundalik shior har qaysi zamonda ham, har qaysi makonda ham xuddi o‘tga tutashib yonib yashamoq.

Farhod Yo‘lchiyev jurnalist, shoir, nosir, tabiatsevar ovchi va inson sifatida ham  ongli hayoti davomida yonib yashaganlardan biri. Fe’lidagi  qat’iyat va mehr, g‘amxo‘rlik va talabchanlik xislatlari  uyg‘unlashib umr mazmunini nurlantirgan, desam xato bo‘lmas.

Afsus va nadomatlar bo‘lsinki, beshafqat o‘lim u kishini ayni umr gashtini suradigan, istiqlol bois gullab-yashnayotgan Vatanning   istiqbolli odimlarini  intiqlik bilan kuzatayotgan, farzandlar, nabiralar kamolidan endi-endi bag‘ri to‘lib turgan bir paytda – 58 yoshida oramizdan olib ketdi.

Farhod aka 1945 yili  qishning chillasida Chust tumani, Olmos qishlog‘ining Munchoqtepa mahallasida,  o‘z davrining ilg‘or ziyolilaridan bo‘lgan  Yo‘lchiboy ota va Sharofatxon aya xonadonida oilaning  to‘rtinchi farzandi  bo‘lib dunyoga keldi.

1971 yilda Namangan Davlat pedagogika institutini bitirib, mehnat faoliyatini “Namangan haqiqati” gazetasi tahririyatida musahhihlikdan boshlagan. Izlanuvchanligi, o‘z ustida qunt bilan ishlashi tufayli ijodiy jamoa orasida hurmat-e’tibor  topgan. Muxbir, katta muxbir, bo‘lim mudiri vazifalarida ishlagan.

Farhod Yo‘lchiyev 1984 yilda Toshkent Oliy partiya maktabini bitirgach,  Uychi tuman “Oktyabr bayrog‘i” (hozirgi “Uychinoma”)  gazetasiga muharrir etib tayinlanadi.  Shu davrda uning tashkilotchilik, rahbarlik qobiliyati yaqqol namoyon bo‘ladi. 8 yillik muharrirlik faoliyati davomida gazeta tumanning ijtimoiy-siyosiy hayotini to‘laqonli qamrab olib, aholi orasida o‘z o‘rni va  nufuziga ega bo‘ldi.

1992 -1993 yillarda esa XDP viloyat kengashi nashri bo‘lgan “Xalq irodasi” gazetasining birinchi muharriri, shu bilan bir vaqtda  “O‘zbekiston ovozi” respublika gazetasining viloyatdagi muxbiri bo‘lib ham faoliyat yuritdi.

1993 yilning dekabridan 1999 yilning may oyigacha “Namangan haqiqati” va “Namanganskaya pravda” gazetalariga, xuddi shu yilning iyun oyidan to 2003 yilning 29 martigacha esa “Namangan haqiqati” gazetasiga bosh muharrirlik qildi.

Farhod aka bozor iqtisodiyotiga o‘tish sharoitida gazetalarning moddiy ahvolini yaxshilash,  ta’sirchanligi va o‘qishliligini oshirish uchun bor kuch-g‘ayratini, bilim va tajribasini sarf etdi. Izlanish, yangilikka intilish va uni hayotga tadbiq etishdan charchamadi. U kishining rahbarlik davrida tahririyat qoshida tijorat bo‘limi tashkil etilib, 1994 yilning 11 fevralidan “Namangan haqiqati”ning ilova nashri sifatida “Tadbirkor” haftanomasi chiqa boshladi. Bu bilan viloyatimizdagi tadbirkorlik, ishbilarmonlik, fermerlik  harakatlarini kengroq targ‘ib etish, ilova nashridan olinayotgan daromad hisobiga  jurnalistlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash imkoniyati yaratildi.

Farhod Yo‘lchiyev jurnalist bo‘libgina qolmay, o‘quvchilarga yozuvchi, shoir va sportchi sifatida ham tanilgan. Respublika nashriyotlarida “Mening sevgim”, “Tog‘ olmasi”, “Subhidamda aytilgan qo‘shiq” to‘plamlari chop etilgan. Badiiy asarlari “Chashma”, “Yoshlik” kabi to‘plamlardan joy olgan. Viloyatda sportning tennis turi rivojiga katta hissa qo‘shgan. O‘sha vaqtlarda  qo‘shni viloyatlar bilan hamkorlikda gazetalarning  viloyatlar hayotiga doir qo‘shma sonlari tashkil qilingan, tahririyat sovrini uchun ko‘plab tennis musobaqalari o‘tkazilgan. U kishida  o‘zbek va rus tillarida ravon so‘zlay olish, xalq ichida ham fikrlarini hayotiy misollar bilan erkin, lo‘nda qilib yetkazishdek ajoyib notiqlik san’ati bor edi. Rahbarlikning turli pog‘onalarida 19 yil barakali  faoliyat ko‘rsatgan Farhod aka yutuqlarining bosh omili  – bag‘rikenglik, dilkashlik va samimiylik, kamtarlik, atrofdagilarga ko‘rsatilgan mehr-oqibat va g‘amxo‘rlik bo‘ldi. Odamlar bilan, oddiy mehnat ahli bilan hamnafas, ularning quvonchu  tashvishlariga hamisha sherik edi.

Farhod Yo‘lchiyev tahririyatning xar bir xodimini  hech narsadan kam bo‘lmay, to‘kis hayot kechirishi uchun  intilardi, qalam ahli birovga  muhtoj bo‘lib yashamasligi kerak, derdi. Xodimlarnigina emas, ularning oila  a’zolarini ham bir-biriga yaqinlashtirishga,  hamjihat bo‘lishga undardi. Shu maqsadda har yili yoz oylarida  viloyatimizdagi va undan tashqaridagi  diqqatga sazovor maskanlarga oilaviy sayohatlar uyushtirar, maroqli dam olishlarini tashkillardi.

Gazeta obro‘si, saviyasi,  mazmundorligini oshirishga xizmat qiladigan maqolalar,  badiiy asarlar, gazetxonlar maktublariga sahifalardan keng o‘rin berish u kishiga xos fazilatlardan edi. Qo‘li va ko‘ngli  ochiqligi, dilkashligi bilan ming- minglab do‘stlar orttirdi.  Respublikamizning barcha joylarida  albatta u kishining do‘stu qadrdonlari topiladi.

Ustozimiz jamoat ishlarida ham faol edi. U xalq deputatlari Uychi tuman Kengashi deputati, O‘zbekiston XDP viloyat kengashi a’zosi, viloyat Kengashi deputati sifatidagi uzoq yillik samarali mehnatlari uchun 1998 yili “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Umr uchqur ekan, o‘lim dardi bedavo ekan…

Tirik bo‘lganida, Farhod aka  bu yil o‘z umrining 75-bahorini qarshilagan bo‘lardi. U kishini tanigan-bilganlar deydilarki, Farhodjon oila davrasiga,  do‘stlar davrasiga, qadrdonlar davrasiga bir umr chanqoq o‘tdi…

Chaqindek oniy o‘tgan umri mobaynida  o‘zining barhayot siyratini qoldirdi.  Odamoxunligi, bag‘rikengligi, hayotni rangin qabul qilishi,  jonkuyar rahbarligi,  hayot ummonidan tergan ijod marvaridlari, ayniqsa, fe’l-atvoridagi xislatlari  qobil farzandlari kamolida ham yaqqol aks etib turibdi.

Farhod Yo‘lchiyev ko‘ngillarni tog‘dek baland ko‘targan, bir umr yodda  qoluvchi shirin kalomlari-yu odamlarga ko‘rsatgan g‘amxo‘rliklari, qilgan yaxshiliklarida yashamoqda. Farhodona lutf ila aytadigan bo‘lsak:

Ko‘ngilga taskinlar olaman shundan,

Qalblarda qoldingiz abad, umrbod.

Yurakdan so‘rayman: Yaratgan egam,

Aylagil, oxirat manzilin  obod!

Fotimaxon  TOShMATOVA