Jurnalist hayoti zahmatli, ammo, sharafli

2020-07-01T06:23:28+00:001 July, 2020|Surxondaryo vil.|

Yoshligimda yozuvchi va shoir deyishsa, ko‘z oldimga beixtiyor hazrat Navoiy va Boburdek insonlar kelardi. Jurnalist deyishsa esa, zamonning eng ilg‘or kishisi, bir so‘z bilan aytganda, barcha sohada ildam, bilimdon, barcha uchun shaxs sifatida ideal bo‘la oladigan inson – har qanday holatda ham xalq va mamlakat manfaati uchun aziz jonini xatarga qo‘yib bo‘lsa-da, haq so‘zni aytib, fidoyilik qiladigan, yuksak ma’naviy jasorat ko‘rsata oladigan insonlar kelardi.

Bu sohada ishlay boshlagach, shunday xislatlarga ega talay insonlarni uchratdim va ularning fikri, dunyoqarashidan ma’naviy ozuqa oldim. Bu – mening baxtim, men erishgan yuksak ma’naviy xazinam, davlatim edi. Chunki, qisqa faoliyatim davrida erishgan yutuqlarim mahsuli, xuddi shunday, ma’naviy jasorat va fidoyilikka ega insonlar – jurnalistlarning o‘rnak bo‘ladigan hayot tarzi, fikrlari, tajribasi va bebaho maslahatlaridan deb bilaman.

Jurnalist hayotini, yashash va yondoshuvini faoliyati har qancha qiyin, zahmatli, mas’uliyatli, sharafli va mashshaqqat-u, sinovlarga to‘la bo‘lmasin haqiqat uchun kurashishi, o‘z manfaatidan mamlakat va xalq manfaatini ustun qo‘yish, barchamiz uchun birdek ibrat bo‘larlik yondoshuvidan deb tushundim va uni hayotimning, ijodimning ajralmas bir bo‘lagi, deb qabul qildim. Endi, to‘la faxr bilan ayta olaman-ki, bu kabi yondoshuv – hayotim mazmuniga aylandi. Jurnalistning, ushbu sohani tanlagan fidoyining boshqacha yondoshuvga haqqi yo‘q!

Shukurki, matbuotga So‘z erkinligi berildi. Qisqa faoliyatim va tajribamdan kelib chiqqan holdan shuni ayta olaman-ki, shukur, OAV xodimlari, xususan davriy nashrlarning uzoq yillar davomida kutgan davrlar yuzaga keldi: bir vaqtlar oddiy so‘zni aytishga yoki belgilarni ko‘rsatishga ham izoh talab qilinar, e’tiroz katta edi, bugun esa – boshqacha.

Muhtaram Yurtboshimizning biz – jurnalistlarning zimmamizga yuklagan yuksak mas’uliyati, olgan ta’limim, tajribam va yondoshuvimning amalidagi ifdodasi bo‘ldi, desam mubolag‘a qilmagan bo‘laman.

Abdumannon Saidmalikov “Termiz oqshomi” gazetasi bosh muharriri,

“Yilning eng faol jurnalisti” Respublika tanlovi g‘olibi – 2020