Yoniq so‘zning qudrati

2020-06-30T07:05:49+00:0030 June, 2020|Umumiy yangiliklar|

Yoniq so‘z mamlakat taraqqiyotiga, odamlar manfaatlariga  xizmat qilishi kerak.

Bugun internet jadal  rivojlanayotgan, jurnalist oldiga qo‘yilayotgan talab,  mas’uliyat  yanada kuchaygan sharoitda yangi fikr aytish ham oson emas.Lekin bitta achinarli  tomoni, to‘rt  qator so‘zni eplab yoza olgan, yoki yoza olmagan ham  men jurnalistman deb ko‘kragiga urayotgani ba’zan kishini juda hayratlantiradi. Bo‘lar bo‘lmas voqealarni bo‘rttirib, internet  saytlari  orqali tarqatish, qaysi artistning kimga uylanayotganini olamga jar  solib ovoza qilish, birovlarning  oilaviy sirini oshkor qilish bu jurnalistning vazifasi, mas’uliyatiga kirmaydi, qolaversa  mentelitetimizga ham to‘g‘ri  kelmaydi.  Oila  siri aslida oilaning o‘zida qolishi kerak. Avvalda ko‘pni ko‘rgan momolarimiz oiladagi ba’zi kuyov, kelin va qaynona o‘rtasidagi ba’zi kelishmovchiliklarni oilaning  boshlig‘iga (ya’ni  eriga ) sezdirmay  tinchitgan. Biron sabab bilan  turmushga  chiqib ketgan qizi arazlab kelib qolgudek bo‘lsa otasiga bildirmay, yuragini  hovuchlab, qiziga nasihat qilib jo‘natib yuborgan.  Shunday ekan, bachkana narsalarni  internet orqali tarqatish,  benzin sepib, birovlarning oilasidagi mojoralarni chigallashtirish  aslida jurnalistning ( (ko‘proq bunday yengil yelpi axborotlarni jurnalist  zimmasidagi masu’liyatni tushunmaydigan ba’zi blogerlar tarqatayapti) vazifasiga kirarmikan?  Jurnalist  aytgan so‘z, u  ko‘tarib  chiqqan muammo  odamlar yaxshi yashashi, jamiyat rivojlanishi, yuzaga  kelayotgan to‘siqlar olib tashlanishi uchun xizmat  qilishi lozim.

Qo‘liga qalam tutgan jurnalist Vatan, davlat  taraqqiyotiga xizmat qiladigan, odamlar mushkulotlarini  yengillashtiradigan dolzarb masalalarni  ko‘tarib chiqishi,  yoniq so‘zning   nechog‘lik qudratli ekannini isbot etishi joiz. Yurtboshimiz Matbuot va  ommaviy axborot  vositalari xodimlariga yo‘llagan tabrigida ham mamlakatimizda koronavirus kechayotgan,  dunyoni larzaga  solayotgan bir  paytda jurnalistlarning shifokorlardek shijoat bilan ishlayotganini,  Vatanimizda islohotlar amalga oshirilishini  ta’minlashda katta  fidokorlik  ko‘rsatayotganini  alohida e’tirof etdilar, Davlatimiz rahbari shu bilan birga  chuqur tanqidiy – tahliliy maqolalar berishda, muammolarni haqqoniy ko‘tarib chiqishda soha  xodimlari hali sustkashlik qilayotganini ham tilga oldilar. Bu  o‘rinli tanqid har  birimizni o‘z ustimizda qattiq ishlashni, voqealarga o‘ta  ob’ektiv yondashib, odamlar dilida, tilida turgan masalalarni jur’at  bilan ko‘tarib chiqishni taqoza etadi. Toki biz shunga  erishgan taqdirimizda, mamlakat taraqqiyotiga, odamlar  manfaatlariga, tinchligimizga xizmat qiladigan maqolalarda yoniq so‘zning qudratini haqqoniy isbot qilganimizdagina jurnalist nomini oqlagan, so‘zning  qudrati atomdan kuchliligini amalda  namoyon etgan  bo‘lamiz.

Bozorboy BEKMURODOV,

O‘zbekiston  Jurnalistlari ijodiy uyushmasining a’zosi.