Jurnalistlar munosib taqdirlandi

2020-07-01T05:15:57+00:0030 June, 2020|Sirdaryo vil.|

Bugungi kunda Sirdaryo viloyatida 21 gazeta, 1 ta jurnal, 1 ta televideniye, 1 ta radio, 78 ta veb-sayt, shuningdek, 1 ta nashriyot uyi, 3 ta bosmaxona va 20 ta matbaa korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.  Bu juda katta kuch.

Ular mamlakatimizda, jumladan, viloyatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlarini, shaharu qishloqlardagi yangilanishlarni, odamlarimiz ongu tafakkuridagi o‘zgarishlarni o‘zlarining mazmunli maqolalari, qiziqarli ko‘rsatuv va eshittirishlari bilan keng jamoatchilikka yetkazmoqdalar, kundan-kun aholimizning ma’naviyati yuksalib,  vatanga muhabbati,  yashashga ishtiyoqi, yurtimiz ravnaqi yo‘lida mehnat-shijoati oshishiga munosib   hissalarini qo‘shmoqdalar.

27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni  munosabati bilan Sirdaryo viloyati hokimiyatida tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda Sirdaryo viloyati hokimi  G‘ofurjon Mirzayev soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ijodkor jurnalistlarni, matbuot kotiblari va blogerlarni, faxriy jurnalistlarni bayram bilan qizg‘in muborakbod etdi.

– Jamiyatimizda demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, hayotini o‘tkir va ta’sirchan kuchga ega bo‘lgan, og‘ir va mashaqqatli, shu bilan birga sharafli, xalqimizni axborot bilan ta’minlashdek olijanob ishga bag‘ishlagansiz, matbuot ahlining  fidokorona mehnat qilayotganingizni xalqimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi, – dedi o‘z nutqida viloyat hokimi.

– Zero, hayotimizning biror sohasini matbuot va ommaviy axborot vositalari faoliyatisiz tasavvur etish qiyin. Yurtimiz taraqqiyoti yo‘lidagi ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish, istiqlol ruhiga mos yangicha tafakkur tarzini shakllantirish, umuminsoniy qadriyatlarni qaror toptirish, xalqimiz ma’naviyatini boyitish sohasidagi xayrli ishlarda jurnalistlarning munosib xizmati bor.

Bu yil ayniqsa, xalqimiz uchun og‘ir sinovlar yili bo‘ldi. Butun dunyoga hamon xavf solib turgan  koronavirus otlig‘ pandemeya iqtisodiyotga ham, odamlar ruhiyatiga ham ta’sir etmasdan qolmadi. Biroq Siz bilan biz muhtaram Prezidentimiz va hukumatimiz rahnamoligida bu ko‘rinmas balodan asta-sekinlik bilan forig‘ bo‘lib bormoqdamiz. Bosqichma-bosqich kundalik hayot tarzimizga qaytmoqdamiz.

Bu borada ham matbuotning, xususan Sizlarning ham munosib o‘rningiz borligini yaxshi bilamiz.

Biz sirdaryoliklar Sardoba to‘g‘oni ofatlarini ham boshimizdan o‘tkazdik.Uni bartaraf etishda, zamonamiz qahramonlarini kashf etishda, odamlarning ta’rifga  sig‘mas g‘ayrat-shijoatlarini matbuot va ommaviy axborot vositalarida yoritishda qanchalik jonbozlik ko‘rsatayotganliklaringizni ko‘rib-bilib turibmiz. Huquq-tartibot organlari xodimlari, shifokorlar, quruvchi va hasharchi do‘stlar bilan bir qatorda Siz jurnalistlar ham borligini aytishdan g‘oyat mamnunman. Holislik va haqqoniylikni,  Vatan va milliy manfaatlarni o‘z faoliyati mezoni deb bilgan kasb sohiblarining yozgan har bir maqolasi kishilar qalbiga yo‘l topadi.

Sizlarning chinakam fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida amalga oshirayotgan ishlaringiz tahsinga loyiq, albatta. Sizlar ommani yangiliklardan shunchaki xabardor qilib qo‘ymasdan, balki masalaning mohiyatini ham keng targ‘ib qilasiz, kerak bo‘lsa muammolarga oydinlik ham kiritasiz. Jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda ham Siz azizlarning xizmatlaringiz katta ekanligini e’tirof etmasdan bo‘lmaydi.

Barchangizning ijodingizga ravnaq, oilangizga xotirjamlik, baxt-saodat  tilayman-dedi viloyat hokimi o‘z tabrigida.

Shundan so‘ng bayram qatnashchilarini “Xalq so‘zi” gazetasining Sirdaryo viloyati bo‘yicha muxbiri Ahmadali Shernazarov, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” Aliqul Honimqulov, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari, Oliy Majlis Senati a’zosi Hayotxon Ortiqboyeva, bloger Oybek Nomozov,  Mirzaobod tumani hokimining matbuot kotibi Inoyat Sultonova, DXA Sirdaryo viloyat boshqarmasi matbuot kotibi Dilfuza Jarbekova va boshqalar bayram bilan qutladilar.

– Bu yil biz  kasb bayramimizni   nishonlashni o‘ylamagan edik. Chunki viloyatimiz ahli ikki karra mashaqqatli sinovni boshdan o‘tkazmoqda. Avvalo Prezidentimizning tabriklari ko‘nglimizni nurafshon qildi, viloyat hokimining qutlovlari yana bir karra quvontirdi, Sirdaryodagi, Sardobadagi bunyodkorlik ishlarini, xalqimizning mardanovar mehnatini mahorat bilan yoritishdek vazifalar turganini bir zum ham unutmaymiz-deydi “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist “Yangi Sirdaryo” gazetasining bo‘lim mudiri Xolida Pardaboyeva. – Bu e’zoz va ehtiromlar kuchimizga- kuch,  ijodimizga jo‘shqin ilhom baxsh etishi shubhasiz.

Bayram qatnashchilariga viloyat hokimining alohida tashakkurnomalari, esdalik sovg‘asi – rangli televizorlar  taqdim etildi.

Viloyat san’atkorlari namoyish etgan katta bayram konserti barchani xushnud qildi.

Dilorom Ismadiyorova