PREZIDENT TABRIGIGA MUNOSABAT Matbuot kotibi jurnalistga ko‘makchi bo‘lishi zarur

2020-06-29T11:26:28+00:0029 June, 2020|Umumiy yangiliklar|

Prezidentimizning kuni kecha yo‘llagan bayram tabrigi bilan tanishish asnosida sohaga daxldor barcha qalam ahli singari men ham o‘tgan yillarni bugungi kunimiz bilan beixtiyor muqoyasa qildim. Yutuq va kamchiliklarimizni tahlil etdim. Muayyan xulosalarga keldim.

Bundan bir yil muqaddam davlatimiz rahbarining “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Bu me’yoriy hujjat qabul qilingunga qadar bo‘lgan holat ko‘pchilik qalam ahliga yaxshi tanish. Ba’zilarini inobatga olmaganda, deyarli aksariyat axborot xizmatlari nomigagina faoliyat yuritar, matbuot kotibi lavozimi faqat katta-katta idoralardagina mavjud edi. Qolaversa, ma’lumot olishdagi sansalorliklar, arzimagan axborot uchun rasmiy xat talab qilish amaliyoti, tayyor materialni chop etishdan oldin o‘qitishning so‘ralishi kabi omillar tashkilotlarning matbuot kotiblari va jurnalistlar o‘rtasida kattakon jarlikni vujudga keltirgandi.

Mana shunday tarang vaziyatda qabul qilingan qaror yurtimizda boshlangan ochiqlik va shaffoflik siyosatini yangi bosqichga ko‘tardi. Prezidentimiz kuni kecha ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigida ta’kidlanganidek, “…O‘tgan bir yil davomida ko‘plab vazirlik va idoralarda axborot xizmatlari zamon talablari asosida qaytadan, 201 ta tuman va shahar hokimliklarida esa birinchi marta tashkil etildi”.

Matbuot kotibligining tashkilot va muassasalar rahbarlarining o‘rinbosarligi darajasiga tenglashtirilgani, axborot siyosatini yuritish bo‘yicha mustaqillik berilgani axborot xizmatlarining ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligini mustahkamlab, o‘rtadagi tushunmovchiliklarni bartaraf etmoqda.

Faylasuflardan biri “Bir vaqtlar kitoblarning taqchilligi ilmiy tafakkurning o‘sishiga xalal berar edi. Endi esa ularning ko‘pligi odamni garang qilib, shaxsiy mulohaza yuritishga xalal bermoqda”, degan ekan. Bu gaplar ancha oldin aytilgan bo‘lsa ham xuddi bugun aytilgandek yangraydi.

Bunday 3-4 yil avval aholi axborot taqchilligini boshdan kechirgan bo‘lsa, hozirgi avlod fikrni chalg‘ituvchi, yo‘ldan toydiruvchi turli mazmundagi axborotga “ko‘milib qolgan”. Shu bois, bugun jurnalistlarning xalqqa sifatli, xolis va albatta tezkor xabarlarni yetkazishiga zarurat yuqori. Bu borada axborot xizmatlarining xizmati va hissasi katta.

O‘zbekiston yangi davrni — ochiqlik va shaffoflikka asoslangan jamiyatni qurish bosqichini boshdan kechirmoqda. Bu yo‘lda ilgarigidek axborotni yashirish, jurnalistlarning ma’lumotni olishiga to‘g‘anoq bo‘lish emas, ular bilan hamnafas holda zarur informatsiyani olishiga ko‘maklashish zarur. Bu borada oldimizda ko‘plab vazifalar turibdi. Nazarimda, buni yurtimizdagi barcha axborot xizmatlari xodimlari his etmoqda. Chunki yurtdoshlarimizni ishonchli va xolis, asoslangan ma’lumot bilan ta’minlash axborot xizmatlari xodimlari va jurnalistlarning mushtarak maqsad yo‘lida intilishi va sa’y-harakati tufayli amalga oshadi.

Sherali SATTOROV,

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini

himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi

matbuot kotibi