“Zarafshon” maktabida 55 yil

2020-06-26T14:57:58+00:0026 June, 2020|Samarqand vil.|

O‘tgan asrning 60-yillari… Chamasi, 8-9 yoshlarda bo‘lsam kerak, boshlang‘ich sinfda o‘qirdim.

O‘z hayotini gazeta va radiosiz tasavvur qilolmaydigan rahmatlik otam Abduhoshim Samiyev respublika, viloyat gazetalari va radio eshittirishlar tahririyatining eng faol “shtatsiz muxbir”laridan biri sifatida e’tirof etilgan. U Ikkinchi jahon urushi yillarida respublika radiosining Samarqanddagi jamoatchilik qabulxonasida xizmat qilgan.

Kechagidek yodimda. Otam ba’zi kunlari meni ham ergashtirib, tahririyatga olib borardi. Shuningdek, Samarqand shahridagi 45-o‘rta maktab yonida (viloyat madaniyat boshqarmasi va bir qator idoralar ayni kunda faoliyat yuritayotgan binolar o‘rnida) katta hovli bor edi. Bu hovlida “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasi xodimlaridan Ahad Tursunov, Normurod Narzullayev, Oqiljon Husanov va boshqalar oilalari bilan istiqomat qilishardi. Viloyat gazetalarining taniqli qalam sohiblari Otaxon Xo‘jayev, Amir Gaynov, Boboqul Imomov va boshqalar o‘sha yillari bizning hovlimizda ham mehmon bo‘lishar, yozgan va yozayotgan asarlari-yu maqolalarini o‘zaro muhokama qilishar va bahslashar edilar. Bu gurunglar asosan matbuotga, adabiyotga taalluqli bo‘lardi.

Menda muxbirlikka havas ustoz jurnalistlarning o‘sha yillardagi qizg‘in gurunglari bois uyg‘ongandir, balki.

…Pochtachi Salim tog‘a uyimizga har kuni 5-6 nomdagi gazeta-jurnallarni tashlab ketardi. Birinchi sinfdaligimdayoq gazeta o‘qirdim. Yettinchi sinfdaligimda esa maktabimizning haftalik “Qalampir” hajviy-devoriy gazetasiga adabiyot fani o‘qituvchimiz, rahmatlik jurnalist Ahror Jo‘rayev (keyinchalik “Lenin yo‘li” gazetasi bo‘lim mudiri) topshirig‘i bilan “redaktor” bo‘ldim.

1963-64 yillarda viloyat “Lenin yo‘li” gazetasi qoshida ochilgan havaskor muxbirlar o‘quvlariga ham qatnab turardim. 1965 yildan esa “Lenin yo‘li” va “Leninskiy put” gazetalarida ilk xabar, qatra xandalarim yoritila boshlandi.

Ha, men dastlab viloyatimizning bosh nashrlari beshigida, xususan, “Zarafshon” gazetasi maktabida toblanganligim bilan mudom faxrlanaman.

…Mehnat faoliyatimni Kattaqo‘rg‘on shahri va tumani gazetasi “Zarafshon” (hozirgi “Kattaqo‘rg‘on tongi”), “Kattaqo‘rg‘on haqiqati” gazetalarida – musahhih yordamchisi vazifasidan boshlagandim. Zero, o‘sha yillari Kattaqo‘rg‘onda Tohir Karimov, Latif Ergashev, Fayzullo Nurullayev, Yazdon Xudoyqulov, Meli Qobulov, Rahimjon Sattorov, Muqim Elmurodov, Mardi Nuriddinov, Samariddin Sirojiddinov kabi zabardast jurnalistlar qalam tebratishar, ularning aksariyati respublika markaziy gazetalari va radio eshittirishlar tahririyatlarining maxsus muxbirlari sifatida ham e’tibor topishgandi.

Sahnaga, san’atga ham ixlosim baland edi. Shu bois, “Katta artistlar chig‘irig‘i”dan o‘tkazilib, Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatriga ishga olishdi.

Yillar o‘tib bir qator teatrlarda aktyor, rejissyor, adabiy emakdosh, badiiy rahbar, direktor vazifalarida xizmat qildim. Ammo biror oy, biror kun ham jamoatchi muxbirlik faoliyatimni to‘xtatganim yo‘q, desam yanglishmayman. Ellik besh yildirki xabar, maqola, lavha, hikoya, hajviya, mushohada hamda teatr spektakllariga taqrizlarim “Zarafshon”, “Samarkandskiy vestnik”, “O‘zbekiston ovozi”, “Pravda vostoka”, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Toshkent oqshomi”, “Ishonch”, “Kattaqo‘rg‘on tongi” gazetalari, “Guliston”, “Saodat”, “Mushtum”, “Teatr”, “Kino” jurnallarida yoritilmoqda, radioda berib borilmoqda.

Hayotimda iztirobli damlar ham bo‘lgan. O‘sha kezlarda ham muxbirlik menga hamroh, hamdam edi. Gazetada imzomni ko‘rib qolsam, barcha tashvishlarimni unutib yuborardim. Bu borada men, avvalo, “Zarafshon” gazetasi jamoasidan cheksiz minnatdorman. Hayotimizning har kuni yutuqlarga boy. Har qancha maqtab yozsang ham arziydi. Lekin yutuq bor joyda kamchilik bo‘lmaydi deyolmaymiz. Biz, jamoatchi muxbirlar birinchi navbatda ana shu kamchiliklarni oshkor qilishimiz va ularni tuzatishga yordam berishimiz lozim. Mening tanqidiy maqolalarim respublika matbuotida ko‘p e’lon qilindi. Barchasi tekshirilib, to‘g‘ri deb topildi. Lekin bu tanqidlar ayrim “katta”larga yoqmagan hollar ham bo‘ldi.

1970-71 yillarda “O‘zbekiston madaniyati”, “Lenin yo‘li” gazetasi va “Mushtum” jurnallarida Kattaqo‘rg‘on bozorini obodonlashtirishdagi e’tiborsizlik haqida “Tog‘amning do‘konchasi qani?”, Kattaqo‘rg‘on shahrida o‘rnatilgan avtomat telefonlarning quruq “savlat”, “soqov”ligi haqida tanqidiy xabarlarim va shahar kinoteatrlaridagi tartibsizliklar haqida “Hushtakbozlik” sarlavhali feletonim bosildi.

Meni shahar partiya komitetining tanqidni xush ko‘rmaydigan sobiq rahbarlari chaqirib: «Shuni yozish oldidan bizga kelib murojaat qilsangiz bo‘lmaydimi», deyishdi, tazyiq o‘tkazishdi. Xullas, bunday “tanbeh”larni ko‘p eshitganman.

Kelgusida ham yurtdoshlarimizning quvonch va tashvishlari haqida lavha, maqolalar yozish, radioeshittirishlar tayyorlashni dilga tugib qo‘yganman.

Abduaziz HOSHIMOV