Xalq bilan hamisha yelkadoshlik – faxr

2020-06-25T12:30:12+00:0025 June, 2020|Navoiy vil.|

Qay bir bayram arafasida poytaxtdagi hamkasblarimdan biriga qo‘ng‘iroq qilib ayyom bilan qutlaganimda, meni ham tabriklagach, bir xo‘rsinib, hazilnamo bir luqmani aytib qolgandi: «Bilsangiz, bayramlarda hamma, hatto hashorotu jonzotlar ham xursand bo‘lisharkan, faqat otlarga bayram tatimas ekan. Chunki, bayramlarda otlarga aravalar qo‘shilib, ish har doimgidan ham ko‘proq bo‘larkan. Biz ham otmizda, bayramda ham zimmamizdagi mehnatni bajaramiz, kasbimiz shunaqa…» Bu gapni davralarda latifa o‘laroq aytib yurardim. Biroq…

So‘nggi oylarda butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham joriy etilgan pandemiya karantini davrida hamkasbimning gaplarini eslab shunga amin bo‘ldimki, jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, aynan davlat, hukumat, parlament va mahalliy hokimliklarning bosma nashrlari faqat quvonchli kunlarda emas, xalqimiz boshiga tushgan sinovlar paytida ham o‘z zimmasidagi vazifalarni bajarishar ekan va buni isbotlashdi ham.
Nega televideniye yoki radio demadim? Matbuotdagi ushbu yo‘nalishlarning o‘rnini olqishlagan holda aytish joizki, televideniye va radioda ko‘rsatuv va eshittirishlarni takroran efirga uzatish imkoni bo‘ldi (qolaversa, bu tajriba avvallari ham keng qo‘llanilib kelinardi), gazeta yoki jurnalda esa, bir oy yoki bir yil ilgari chop etilgan maqolani keyingi sonda qaytadan e’lon qilish — aqlsizlik bilan barobar (yillar o‘tgach qayta chop etiladigan tarixiy, badiiy maqolalar bundan mustasno).
Yuqorida «davlat, hukumat, parlament va mahalliy hokimliklarning bosma nashrlari» degan jumlani bejizga ishlatmadim. Partiya nashrlari, turli vazirlik va idoralarning gazetalari o‘zlari uchun karantin munosabati bilan bir, hatto ikki oy ta’til e’lon qilishdi. O‘zbekiston milliy axborot agentligi masofaviy ishlash tizimiga o‘tdi, biroq respublika xabarlari ham muntazam yoritib borildi — demak, yetarlicha ishchi kuchi doimiy ravishda mehnat faoliyatini bajardi. Asosli-asossiz tanqidni oshkoralikning ko‘rinishi, aslida esa o‘zini ommalashtirishning quroli sifatida qo‘llab kelgan ayrim internet nashrlari ham xabarlar sahifalarini yangilab bordi. Biroq Buxoro viloyatidagi to‘fon, Sirdaryodagi suv omborining o‘pirilishi, ayniqsa, yurtimizda koronavirus kasalligiga chalinganlar sonining ortgani haqidagi xabarlarni katta ishtiyoq va vahimaga soluvchi sarlavhalar ostida bo‘rttirib, kimo‘zarga tarqatishlari, ta’bir joiz bo‘lsa, ko‘pchilikning ta’bini xira qildi…

Xullas, yurtimizda karantin qoidalari e’lon qilingan ilk kunlardayoq qo‘shni va uzoq viloyatlar nashrlarining bosh muharrirlari telefon orqali bog‘lanib, bir-biriga savol qo‘ydi: «Biz nima qilamiz? Gazetani chop etamizmi, yoki pandemiya munosabati bilan to‘xtatib turamizmi?»
E’tiborlisi, qariyb barchaning fikri bir joydan chiqdi: «Pandemiya o‘tkinchi, gazeta — tarix! Yillar o‘tadi, kelgusi avlodlar 2020 yilda butun dunyoga, jumladan O‘zbekistonga ham koronavirus degan bir tashvishli infeksiya yoprilganida falon viloyat (masalan, Navoiy)da hayot qanday kechgan, rahbariyat qanday choralar ko‘rgan, jamoatchilik qanday yo‘l tutgan, odamlarning o‘y-xayolidan nimalar o‘tgan kabi savollarga javobni qayerdan izlaydi? Shunday ekan, gazetalarimizni imkon qadar chop etishda davom etamiz!» (Albatta, yillar o‘tib biron bir tadqiqotchi bugungi kunlarimiz haqida ushbu davrdagi voqea-hodisalarni o‘rganish uchun tarixiy hujjatgohlar, muzeylar va arxivlar materiallaridan foydalanishi tabiiy. Yuqoridagi fikrimiz bugun gazeta sonlarini o‘zi o‘qib, ularni taxlamlar shaklida yig‘ib borayotgan haqiqiy gazetxonlarning avlodlariga ayni kunlar haqida arxivlarga bormay turib ham ma’lumot olish imkonini beradi, degan ishonchda keltirildi).
Shunday qilib, gazetalarimiz pandemiya davrida ham uzluksiz chop etilib, muxlislar qo‘liga muntazam yetkazib berilmoqda.

Viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bugun viloyatimizda 30 ta gazeta, 2 ta jurnal ruyxatdan o‘tgan. Gazetalarning 7 tasi va 1 ta jurnal pantemiya munosabati bilan faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan, 10 ta gazeta va 1 ta jurnal umuman faoliyat yuritmayapti…

Ochig‘ini aytganda, ayrim tarmoq gazetalari, xususan, shahar va tuman nashrlari uchun pandemiya davrida gazetalarni chop etmay turish ma’qul ham bo‘lmoqda. Boisi, adadi atigi 200 donadan tortib 1000 2000 tagacha bo‘lgan gazeta bu davrda bosmaxona va boshqa xarajatlarni iqtisod qilmoqda.
Achinarli tomoni, gazetalarning bugungi iqtisodiy ahvoliga muassislar, hatto hokimliklar o‘ta befarq ekanligidir.

Nafsilabrini aytganda, bugun bosma nashrlarda, xususan, gazetalarda o‘z kasbini sevganlar qoldi va ishlamoqda. Qo‘lidan boshqa ish kelmaydigan yoki oylik maoshi ko‘pligi evaziga ishlaydiganlar emas. Bunday toifalar allaqachon gazetalarni tark etib ketishdi, insofliroqlari, agar ahvol yana yaxshilansa, qaytib kelish istagini ham yashirishayotgani yo‘q.

Bosma ommaviy axborot vositalarida ishlashga ham, gazetxonlikka ham munosabatning bu qadar o‘zgarishiga ob’ektiv va sub’ektiv sabablar bor, hozir ularni birma-bir sanab o‘tirish fikridan yiroqmiz. Gazeta — butun dunyoda matbuotning onasi ekanini eslatib o‘tgan holda, bugun bosma nashrlar mutolaasiga loqayd munosabatda bo‘lish jamiyatda kitobxonlikka bo‘lgan munosabatning ham in’ikosi, degan fikrni aytishga jur’at qilamiz. Yo‘qsa, bugun davlatimiz rahbari tomonidan kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga yuzlab bor da’vat qilinishiga qaramasdan, respublika shoiru yozuvchilarining yangi asarlari birinchilardan bo‘lib chop etiladigan «Sharq yulduzi», «Yoshlik», «Saodat» jurnallarining adadi uch mingga, dunyo badiiyot bo‘stonining sara namunalari e’lon qilinadigan «Jahon adabiyoti» jurnali adadining ikki ming donaga ham bormaganini qanday izohlash mumkin? Agar yurtimizdagi har bir oliy ta’lim muassasasi, umumta’lim maktabi, mahalla hamda ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi bir donadan obuna bo‘lganda ham, ularning soni qancha bo‘lishini hisoblash mushkul emas.
Xullas, bugun ko‘pchilik, hatto muassislar ham bosma nashrlar oldiga vazifa qo‘yishda, o‘zi ahvoling qanday, degan savolni berishsa, yomon bo‘lmasdi. Zero, muassislarning faqat nomi emas, tahririyatlarga ko‘rsatishi lozim bo‘lgan ko‘magi ham bosma nashrlar uchun bugun juda zarur. Kasb bayrami arafasida barcha hamkasblarimiz — matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarini qutlar ekan, soha ishchi-xodimlariga aynan bosma nashrlar kechirayotgan sinovli davrlarda kuch-quvvat, matonat va ijodiy muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilaymiz.
Yurtimiz bosma nashrlari, xususan, gazetalar, jumladan, «Do‘stlik bayrog‘i» va «Znamya drujbi» gazetalari xodimlari esa, nainki maqtov va e’tirof, ba’zan e’tibor bo‘lmasa ham nashrlar xalqimizning quvonchli va sinovli kunlarida har bir xonadonga xush va yangi xabarlar bilan kirib borishini ta’minlashdek vazifani astoydil o‘tamoqda. Zotan, xalq bilan hamisha yelkadosh bo‘lish — sharaf va faxrdir.

 Bektemir PIRNAFASOV,
Do‘tslik bayrog‘i” va “Znamya drujbы”

 gazetalari tahririyati davlat korxonasi

bosh muharriri.