O‘z ishining ustalari

2020-06-24T09:44:22+00:0024 June, 2020|Sirdaryo vil.|

IKSNI IZLAYOTGAN ODAM

qishloq o‘qituvchisining shogirdi so‘nggi uch yil orasida muntazam ravishda nufuzli tanlovlarda munosib ishtirok etmoqda

      Maktabga oliygohni bitirib yosh kadr keldi. Uning orzumand qalbi kashfiyotlaru rejalarga to‘la. Institutda olgan bilimlarini tunu kun yosh avlod ongiga singdirishni o‘ylaydi. Biroq maktabda u ta’lim olgan mutaxassislik bo‘yicha o‘qituvchilar yetarli. Nima qilmoq kerak? Bu yog‘i endi uning intilishi, sa’y-harakatiga bog‘liq.

Akbarqul Jabborov 1984 yil Sirdaryo davlat pedagogika institutining Matematika fakultetini bitirib, Boyovut tumanidagi o‘zi tahsil olgan 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga ishga keldi. O‘sha kezda yuqori sinflarda matematika darslari to‘liq band ekan. Maktab direktori unga kuni uzaytirilgan sinfda ishlashni taklif qildi. Boshqa maktablarga borib saboq bersa ham bo‘lardiyu, o‘rgangan joyi, 11 yil tahsil olgan qadrdon maktabi, eng asosiysi, shundoq uyining oldida. Uzoqdagi quyruqdan yaqindagi o‘pka yaxshi, deganlaridek, Akbarqul hech ikkilanmay taklifga rozi bo‘ldi.

Yosh pedagog norasida bolakaylar bilan ishlashning o‘ziga xos qiyinchiliklari borligini ilk kundanoq darrov ilg‘adi. O‘qituvchilik kasbini tanlagan kishida bolafe’llik bo‘lish muhim ahamiyatga ega. O‘shanda muallim va shogirdlar bir-birlari bilan tezda til topishib ketishadi. Akbarqul saboq chog‘i bolalarning mustaqil va erkin fikrlashiga alohida e’tibor qaratdi. Kechagidek esida: o‘quvchilari bilan qo‘shuv va ayiruv amallarini bajarish chog‘ida  bir bola: “Men bu mashqlarni allaqachon uyda yechib bo‘lganman”, deganida unga murakkabroq misollarni bergandi. O‘qituvchining individual yondoshuvi o‘z samarasini bera boshladi. Kuni uzaytirilgan sinfda o‘zlashtirish birdan ko‘tarilib ketdi.

Oradan bir yil o‘tib, Akbarqul maktabning matematika muallimlari safidan muqim joy oldi. Unga 5-sinflarning (ular uchta edi) matematika darslarini ishonib topshirishdi. Yosh o‘qituvchi izlandi—intildi, intildi—izlandi. Bilmaganlarini muallimlikda tish qoqqan ustozlari Abdurasul Suvonov, Ergash Ubaydullayevlardan so‘rab o‘rgandi. U o‘ziga hazrat Navoiyning: “Bilmaganni so‘rab o‘rgangan olim, orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim” hikmatini shior qilib oldi.

Matematika yuzaki olib qaraganda zerikarli va o‘zlashtirishi qiyin fanga o‘xshaydi. Biroq uning ichiga chuqurroq kirib borsangiz matematik amallardagi poeziyani yaqqol  his etasiz. Qiyin bir masalani yechganingizda katta bir muammoni hal qilgandek quvonib ketasiz.

Akbarqul Jabborovning o‘qituvchilik salohiyati mustaqillik yillarida bor bo‘yi-basti bilan namoyon bo‘ldi. Asta-sekin tajribaning  ortidan mahorat keldi. O‘quvchilari tuman, viloyat va respublika miqyosidagi fan olimpiadalari va “Bilimlar bellashuvi”da yaxshi natijalarni qayd eta boshlashdi.

Darhaqiqat, ustozni yuzaga chiqaradigan uning shogirdlaridir. O‘zbekistonda 10 mingdan ortiq maktab bo‘lsa, ular orasida fan olimpiadasining respublika bosqichiga sanoqli o‘quvchilar yetib boradi. Biroq Akbarqul Jabborovning o‘quvchisi uch yidirki, qatorasiga matematika bo‘yicha o‘tkazilayotgan fan olimpiadasining yakunlovchi bosqichi hamda nufuzli tanlovda muntazam ishtirok etib kelayotir. Bu yutuq o‘z-o‘zidan kelgani yo‘q. Avvalo, o‘qituvchining ajoyib sinchiligini e’tirof etish kerak. Jabborov  o‘zi saboq beradigan 126 nafar o‘quvchi orasidan matematika faniga iqtidori bor shogirdini adashmay topa oldi. U bilan yakkama-yakka shug‘ullandi. Iqtidoriga qarab yuklamani oshirib bordi. Qarab turibsizki, yuzi yorug‘ bo‘lib turibdi-da!

10-sinf o‘quvchisi Mansur Egamberdiyevni bugun nafaqat 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabida, balki tumanda barcha taniydi. Chunki u 2017-2018-o‘quv yilida Xorazm viloyatida matematika fani bo‘yicha o‘tgan respublika olimpiadasida muvaffaqiyatli qatnashib, Xalq ta’limi vazirining sertifikati va maxsus medali bilan taqdirlandi. O‘sha paytdagi vazir Ulug‘bek Inoyatov imzo chekkan sertifikatda shunday so‘zlar bitilgan: “Sirdaryo viloyati Boyovut tumani 22-sonli maktab o‘quvchisi Egamberdiyev Mansur matematika fani bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilarning “Innovatsion olimpiadasi” respublika bosqichida faol ishtiroki uchun sertifikat (№049) bilan taqdirlanadi. Imzo. 2018 yil 15 aprel”.  Bu an’ana keyingi o‘quv yilida ham takrorlandi. Navbatdagi fan olimpiadasiga Buxoroi sharif mezbonlik qildi. Akbarqul Jabborovning shogirdi 2018-2019-o‘quv yilida yanada kattaroq marrani ko‘zladi. Samarqand shahrida  Xalqaro matematika olimpiadasiga qatnashishga da’vogar o‘quvchilar to‘planib, o‘zaro bellashdilar. Mansur Egamberdiyev tanlovda yaxshi qatnashdi, biroq  nufuzli olimpiadada qatnashish uchun yo‘llanma beradigan zarur  ballni to‘play olmadi. Mana shu ko‘rsatkichning o‘ziyoq qishloq maktabida tahsil olayotgan o‘quvchi uchun katta natija edi. Bu yil Mansur viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan “Sirdaryo bilimdonlari” tanlovida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, maxsus medal va kitoblar jamlanmasi bilan siylandi.

Jabborovning shogirdlari orasida Mansurning yangi izdoshlari paydo bo‘lmoqda. 7-“B” sinf o‘quvchisi Ismoil Ashrafov 2019 yilda “Yosh matematiklar” olipiadasida viloyatda faxrli uchinchi o‘rinni egalladi.

—130 nafarga yaqin o‘g‘il-qizga saboq berarkansiz. Ular orasidan bor-yo‘g‘i 2 nafar iqtidorli o‘quvchi chiqqanligi kam emasmi? —deya Jabborovga savol bilan yuzlanamiz.

—Menimcha, kam emas. Mushohada qilishingiz uchun fakt. Tumanimizda 54 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi bor. Ular orasidan bitta yoki ikkita maktabdan respublika fan olimpiadasida ishtirok etadigan o‘quvchi chiqadi. Yaxshi matematik bo‘lishi uchun avvalo, bolaning quvvai hofizasi kuchli bo‘lishi kerak. Bu yerda xotira ko‘p narsani hal qiladi.

Jabborovning muvaffaqiyatlar siri oddiy: mehnat, izlanish, yangilikka o‘chlik. U birorta darsini axborot kommunikatsion texnologiyalarsiz o‘tmaydi. Bolaning eshitish va ko‘rish a’zolari birdek ishlaydi. Darslarida interfaol o‘yinlardan samarali foydalanadi. Yaqinda u  ommaviy axborot vositalariga “Matematika darslarida sofizm” mavzusida uslubiy maqola yozdi. Sofizm bu bir matematik o‘yin ekan. Unda matematik amallar xatolar bilan o‘quvchilarga taqdim etilarkan. Bolalar topshiriqlardagi xatolarni topib, to‘g‘rilashlari talab qilinar ekan. Ushbu o‘yin bolalarni ko‘r qorilikdan yiroqlashtirib, mantiqiy fikrlashga o‘rgatarkan. Bundan tashqari, o‘qituvchining o‘z qo‘llari bilan yaratgan ko‘rgazmali qurollari o‘quvchilarni o‘tilgan darslarni to‘liq o‘zlashtirishga  keng imkon yaratmoqda.

I toifali o‘qituvchi, O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi ko‘krak nishoni sohibi Akbarqul Jabborovning ishlari tuman va viloyat miqyosida ommalashtirilgan. Qo‘lga kiritayotgan yutuqlari uchun har yili bir marta direktor jamg‘armasidan bir bazaviy tarif stavkasi miqdorida pul mukofotlari bilan taqdirlanmoqda.

—Maktabimiz tumanda matematika fani bo‘yicha tayanch maktabi sanaladi, —deydi Akbarqul Jabborov. —Haftaning dushanba kuni butun viloyatimizda matematika o‘qituvchilarining metod kuni sifatda belgilangan. O‘sha kuni tumandagi barcha maktablardan hamkasblarimiz ta’lim muassasamizga tashrif buyurishadi. Barcha saboqlar ochiq darslar sifatda o‘tiladi. Xohlagan odam darsimizga kirib kuzatishi mumkin. O‘zaro fikr almashishlar barchamizning mahoratimizning oshishiga xizmat qiladi.

—Matematika fanini o‘qitishda muammolar bormi? — deya qahramonimizni bahsga chorlaymiz.

—Davlat ta’lim standartlariga mos  ko‘rgazmali qurollarga ehtiyojimiz bor. Bilasiz, matematika o‘ziga yetgancha anchagina og‘ir fan. Men dars berayotgan sinflarda o‘rtacha 30-33 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Ular bilan birdek muloqot qilishning iloji yo‘q. Qani endi, chet tillarini o‘rgatishda qo‘llanilayotgan guruhlarga bo‘lib o‘qitish  usulidan matematika darslarida ham foydalanilsa. Nur ustiga nur bo‘lardi. Ana shunda qishloq maktablaridan ham Xorazmiylar, Farg‘oniylarning munosib vorislari yetishib chiqarmidi?!

To‘g‘ri, shogirdlarimizga matematika asoslarini puxtaroq o‘zlashtirishlari yo‘lida boshqa ishlarni ham olib borayapmiz. Maktabimiz qoshida “Yosh matematiklar” to‘garagi muntazam ishlab turibdi. Biroq uning qamrovi ancha tor: bor-yo‘g‘i 30 nafar o‘quvchi ishtirok etadi.

Keyingi paytlarda bizni umidlantiradigan, xursand qiladigan voqealar ham sodir bo‘ldi. Prezidentimiz tomonidan “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorning imzolanishi aniq fanlarni rivojlantirishdagi dadil qadam bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Qarorda to‘g‘ri ta’kidlanganidek: “Mamlakatimizda matematika 2020 yildagi ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. O‘tgan davr ichida matematika ilm-fani va ta’limini yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan qator tizimli ishlar amalga oshirildi”. Eng quvonchlisi, qarorda bu xayrli ishlar bardavom bo‘lishi aytib o‘tildi.

Matematiklarning tilida: “Haliyam iksni izlab yuribsami?” degan hazilnamo ibora yuradi. Bu jumlaning zamirida matematika chuqur fan, uning oxiriga yetib bo‘lmaydi, degan ma’no bor. Biroq oramizda Akbarqul Jabborovga o‘xshagan o‘z kasbining fidoyilari bor ekan iks va igriklarning mohiyatini izlash davom etaveradi. Zero, ilm igna bilan quduq qazish, deganlari shu bo‘lsa kerak-da!

Muhammadali AHMAD.