Qoraung‘ursoy – zarafshon vohasidagi yana bir sirli makon

2020-06-16T09:13:02+00:0016 June, 2020|Navoiy vil.|

Navbahor tumani hududidagi Sarmishsoy madaniy yodgorligi va uning tarixiy ahamiyatini bugungi kunda nafaqat yurtimiz olimlari, balki dunyo qadimshunoslari ham yuksak baholashadi. O‘tgan asrning 60 yillaridan boshlab o‘rganilgan mazkur qoyatosh tasvirlari bizga bu yerda insoniyatning ilk ajdodlari yashagan davr hayoti haqidagi tasavvurlarni beradi.

Sarmishdan 40 kilometrlar janubi-sharq tomonda yana bir sirli manzil – Qoraung‘ur darasi mavjud. Ushbu hudud haqida arxeologiyaga oid kitoblarda deyarli ma’lumot uchramaydi. Ko‘pincha esa shu nomning o‘zi qayd etilgan, xolos. Bu yerda nechta qoyatosh tasviri borligi, ularning mazmuni bilan bog‘liq aniq ilmiy xulosalar esa umuman yo‘q.

Mazkur adirga Navbahor tumanining Ijand qishlog‘idan shimoli-sharqiy tomonga – Oqtog‘ tomonga qarab 12-15 kilometr ichkariga kirib boriladi. Aynan mana shu joyda Qorong‘uo‘ngir g‘ori mavjud. Hudud nomi ana shu g‘or nomiga qo‘yilgan. Mazkur g‘ordan 500-700 metrlar chamasi narida esa Xatirchi tumanining Sangijumonni eslatuvchi ulkan xarsangtoshlarni ko‘rish mumkin. Bu yerdagi tog‘larning Sarmishsoydagi qoyatoshlardan farqi ham shu: toshlar o‘tkir qirrali mas. Turli shaklga ega mazkur chaqmoqtoshlarning o‘zi ham kishini hayratga soladi. Atrofni kuzatib turli hayvonlar, hatto insonning yuz qiyofasi shaklini ham topish mumkin. Aynan mana shu atrofda qoyatoshlar sirtiga tushirilgan hayvonlar suratini – yuzdan ziyod petrogliflarni ham uchratish mumkin. Hozirda bu joy “Mamay polvon” fermer xo‘jaligi tarkibida.

  • Adirdan o‘tuvchi soy Oqtog‘dan oqib keladi, – deydi mazkur fermer xo‘jalik vakili Farhod Xidirov. – Shuningdek, har yer har yerda chashmalar mavjud. Yuqoriroqda Baqqol deb nomlangan hudud bor. Mana shu joyda ham petrogliflar mavjud. Bu hududlarda nafaqat eng qadimgi davr, balki yaqin-yaqin asrlargacha ham odamlar yashagan. Keyinchalik, soy suaining kamayishi natijasida odamlar Zarafshon daryosiga yaqinroq joylarga ko‘chib o‘tgan.

Shuningdek, mazkur hududda ulkan qabriston ham mavjud. Ulkan tepalik ustida – har yer har yerda oval shaklida terib qo‘yilgan toshlar haqiqatan bu yerda qabriston mavjud bo‘lganligidan darak beradi. Bundan tashqari, aynan mana shu tepalikda eski yozuvdagi bir dona qabr toshi ham mavjud.  Sababi bu yerda tarixiy qabriston ham mavjud. Qabrlarning ko‘pligi bu hududda yaqin davrlarda ham yashagan insonlar sonidan darak beradi.

– Bugungacha petrogliflarning asosiy qismini Sarmishsoyda deb bilar edik, – deydi O‘zbekiston Milliy tiklanish partiyasi Navbahor tuman Kengashi mas’ul xodimi Rustam Saidxonov. – Ularni tadqiq qilgan olimlarimiz ham ana shunday xulosaga kelgan. Biroq, Qorong‘uo‘ngir darasidagi suratlar soni Sarmishdagi tasvirlar sonidan kam emas. Oqtog‘ga yaqinroq hududdagi Alishiyx va Qo‘chqorsoy kabi joylarda ham xuddi shunday suratlarni ko‘plab uchratish mumkin. Chamamda, qadimshunoslar Sarmishsoynigina borib ko‘rishgan. Qolgan hududlardagi petrogliflar esa olimlarimiz tomonidan tadqiq qilinmagan.

Shu o‘rinda dilni xira qiladigan bir jihatga ham to‘xtalsak. Bugun Sarmishsoyga garchi qo‘riqxona-muzey maqomi berilgan bo‘lsa-da, amalda mazkur hudud qarovsizligicha qolmoqda. Bu yer barcha uchun ochiq. Hatto, qo‘ylar va mollar ham bemalol o‘tlashi mumkin. Qolaversa dam olish bahonasida kelganlarning chor atrofni chiqindiga to‘ldirib qaytib ketishi ham oddiy holatga aylangan.

Qorong‘io‘ngirdagi vaziyat esa bundan-da og‘ir. Xuddi Sarmishsoydagi kabi bu yerdagi qoyatosh suratlariga ham odamlar tomonidan shikast yetazilmoqda. Qoyatosh suratlari mavjud huddan tosh kavlanib, tashib ketilyapti. Bu nafaqat katta ekologik xavni, balki tarixiy fojiani ham keltirib chiqarmoqda.

Umuman olganda, yurtimiz o‘tmishining o‘rganilmagan jihatlari, ilmiy tasdig‘ini kutayotgan jabhalari hali ko‘p. Bu esa olimlarimizni, ayniqsa mahalliy olimlarimizni ko‘proq izlanishga, o‘rganishga chorlaydi. Dunyo ahamiyatiga molik har bir tarix namunasini o‘rganish, tatqiq etish va uni bust-butunligicha kelajak avlodga yetkazish zimmamizdagi ham farz ham qarz ekanligini unutmaylik.

Ozod MUSTAFOYeV, jurnalist.

Siroj ASLONOV (O‘zA) olgan suratlar.