Bolaning begonasi bo‘lmaydi

2020-06-02T17:48:48+00:002 June, 2020|Hududlardan yangiliklar|

Bolalar  –  bizning kelajagimiz, degan so‘zlar bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Bolalar… Ezgu ishlarimiz davomchilari, ko‘zimizning nurlari. Farzandimiz bizdan ko‘ra baxtli, farovon yashashlari uchun har qanday ishga tayyormiz.

Mana 70 yildirki, quvnoq yoz faslining ilk kunida ko‘pchilik mamlakatlar qatori, bizning yurtimizda ham – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni nishonlanib keladi.Bu kunning bayram sifatida nishonlanishi tarixi haqida to‘xtalib o‘tsak: 1949 yili Parijda ayollarning Xalqaro demokratik federatsiyasi kongressi bo‘lib o‘tadi. Bunda bolalarning birdamligi va baxt-saodati kafolati bo‘lgan mustahkam tinchlikni ta’minlash uchun doimiy kurash haqidagi shior baralla yangraydi. Negaki, Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda sayyoramizda yashovchi barcha mas’um bolajonlarning sog‘liq va xotirjamligini saqlash dolzarb muammoga aylangan, urushda halok bo‘lgan, ota-onasiz yetim qolgan minglab bolajonlar ohi ko‘pchilikni befarq qoldirmayotgan edi.

1950 yildan e’tiboran 1 iyun  –  Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida nishonlana boshladi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev bolajonlar bayrami arafasida «Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-talbirlar to‘g‘risida»  qaror qabul qildi.

Qarorga ko‘ra, bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etildi.  Qarorda yurtimizda bola huquq, erkinliklari poymol bo‘lmasligi, ularning manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlash, davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatida bola huquqlariga rioya etilishini monitoring qilib borilishi ko‘rsatib qo‘yilgan. Ayniqsa, imkoniyati cheklangan, shuningdek yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar tarbiya muassasalarini tamomlaganlaridan keyin ularning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish zarurligi belgilab qo‘yildi.

Farzandlari sog‘lom yurtning  –  ertasi bor. Bizning bolajon yurtimizda ko‘z qorachig‘idek o‘stirayotgan kelajagimiz egalarning har tomonlama barkamol voyaga yetishlari, ta’lim olishlari,jamiyatda o‘z o‘rinlariga ega bo‘lishlari uchun nafaqat oilada, davlatimiz tomonidan  ham qonuniy himoyaga olinadilar.

Bayramni oila davrasida nishonlashga oshiqib turgan bolajonlar! Siz  jannatmakon yurtning baxtli farzandlarisiz. Sizga butun dunyo havas bilan boqib turibdi, kulgularingiz har bir xonadondan jaranglab tursin. Zero, davlatning nechog‘lik kuchliligi, yuksalishi undagi  – bolalarning xavfsiz bo‘lishi, farovonligi bilan o‘lchanadi.Bayraming muborak,bolajon!!!

Saida Ismoilova