Zaxarova… zahring achchiq ekan-ku!?

2020-05-20T05:15:20+00:0020 May, 2020|Umumiy yangiliklar|

Bo‘lar ekan-ku ona tili taqdiri, qadr-qimmati uchun kurashsa! Uchinchi kun kuzatyapman, shu vaqtgacha til masalasi, yozuv, alifbo muammosi keng muhokama etilgan mahaldayam miq etmagan yuzlab do‘stlarimiz (haqiqiy fidoyi ziyolilar, millat oydinlari, adiblar bundan mustasno albatta) bir zarbadayoq uyg‘onib ketdi! Kecha kuyinchak ijodkor Alisher Nazar ayb Zaxarovadamas, o‘zimizda, degan mazmunda fikr aytuvdi. To‘ppa to‘g‘ri, avval o‘zimiz oynaga qarab olaylik, haliyam Prezidentga rahmat (buni xushomad deb tushunadiganlarning vijdoniga havola), avval kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, keyin esa ona tilimizga ehtirom sifatida ancha eskirgan, jiddiy tahrirga muhtoj qonunni atroflicha ishlanidan keyingina (haliyam nomukammal jihatlari ko‘pligini unutmaylik), nihoyat 21 oktyabr – o‘zbek tili bayrami kunini nishonlash to‘g‘risidagi qaror, farmonga imzo chekdi. Demak, tilimiz xalq va davlat himoyasida ekaniga zarracha shubhamiz yo‘q. Ne tongki, til qayg‘usi millat qayg‘usi ekan,  biz har lahzada hushyorlik bilan qandaydir Zaxarovalar qutqusi(bu, tabiiyki juda puxta o‘ylangan o‘ziga xos «taktika» bo‘lmasa shunday katta bir davlatning xos mulozimi bayonot berib o‘tirmasdi) oldida esankirab qolmasdan, kurashga otlangan askarlardek birlashaylik. Bu kurash faqat rasmiy qog‘ozlardamas, aksincha amalda ijro etilsin endi.   Shoir Sirojiddin Rauf O‘zAdagi chiqishida ta’kidlaganidek, migrantlar himoyasi bunga bahona bo‘lolmaydi va asosiysi, xorijga ketayotganlarni o‘qitish, til o‘rgatishga davlat ham qarab turmasligi kerak, Xitoy yoki Koreya tajribasiga qarang. Yer sharining qayerida yashashdan qat’i nazar, shu mamlakat, xalq tilini o‘rganish, o‘zlashtirish, hurmat qilish insoniylik belgisi, ehtirom ramzi. Mayli, migrantmi, talabami, Rossiyaga borgach, rus tilini bilmasa, u yoqda yonboshlab non yeyishi yoki ilm olishi mumkin emas. Bu bizga malomat qilinmasayam o‘zimiz  yaxshi bilamiz. ana ko‘ring, necha yuzlab vatandoshlarimiz dunyoning qay bir burchaklarida nonini halollab yeb yuribdi, nufuzli joylarda xizmat qilayapti. Ular, avvalo, til bilgani, dil bilgani uchun ham ana shunday hurmat, e’zozga sazovor bo‘lishmoqdalar, to‘g‘rimi? albatta oldimizda murakkab va katta vazifalar ko‘ndalang turibdi: olimu fuzalolar, haqiqiy til jonkuyarlari bo‘lmish ustoz, murabbiylarni ham qadrlaylik, ularning tashvish va xavotir ila OAVlarda bildirayotgan asosli fikrlariga ham qo‘l siltamaylik (hukumat huzurida tuzilgan  agentlik, qolaversa, vazirlik, idoralar, hokimliklar qoshidagi mas’ullar zimmasidagi og‘ir va zalvorli yukni tasavvur qilavering),  til taqdiri uchun kurash esa abadiy davom etajak!

Norqobil JALIL,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist