Davlat tili: qonun ijrosi bilan kuchli

2020-05-16T05:53:54+00:0016 May, 2020|Hafta maqolasi, Umumiy yangiliklar|

Til – millat ko‘zgusi

Adliya vazirligi tomonidan shu yil 24 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga qo‘yilgan “O‘zbekiston RespublikasiningMa’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 42-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasi nihoyasiga yetdi.

Muhokama qanday o‘tdi va nimalarni ko‘rsatdi?

Xalq bilan bamaslahat

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 42-moddasi “davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish” to‘g‘risida bo‘lib, unga ko‘ra, fuqarolarning tarbiya va ta’lim berishda tilni erkin tanlashdan iborat huquqlarini buzish, tildan foydalanishda to‘sqinlik qilish va cheklash, davlat tilini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida yashovchi boshqa millatlar va elatlarning tillarini mensimaslik – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi qayd etilgan.

Adliya vazirligi tomonidan taklif etilgan loyihada mazkur moddani quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirish nazarda tutilmoqda:

“Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, – mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi…”

Yaqin o‘rtada birorta qonun loyihasi bunday qizg‘in bahs-munozara va takliflarga boy bo‘lmagan edi. Pandemiya sabab joriy etilgan karantinga qaramay, muhokama portal doirasidan chiqib, ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalari, davralarda faol davom etdi. Loyiha xorijiy ommaviy axborot vositalarining e’tiboridan ham chetda qolmadi. Jarayonda mamlakatimizda va chet ellarda istiqomat qilayotgan turli millatlar, elatlar vakillari, kasb va hunar egalari qatnashdi. O‘z fikrini aytdi. O‘n besh kun mobaynida loyiha bilan qariyb 13 ming kishi tanishib, 641 taklifni ilgari surgani buning yaqqol tasdig‘idir.

Bu – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizning yangi tarixida sobitqadamlik va ochiqlik asosida, xalq bilan bamaslahat amalga oshirilayotgan islohotlarning, barcha sohalarda erkinlik va demokratiya, omma bilan muloqot keng yo‘lga qo‘yilganining samarasidir.

Ehtiyoj farzandi

Taklif etilayotgan qonun loyihasi davlat organlarida ish yuritishning to‘liq davlat tilida olib borilishini ta’minlashga, bu masalada mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirishga va davlat tilining rivojlanishi hamda unga bo‘lgan e’tiborning yuksalishiga xizmat qiladi. Loyihani tayyorlashda vazirlik bir qator xorijiy mamlakatlar, jumladan, Yevropa davlatlarining ijobiy tajribasiga tayangani alohida ta’kidlangan.

Portaldagi muhokama ishtirokchilarining mutlaq ko‘pchiligi loyihani astoydil qo‘llab-quvvatlagan. Ularning fikricha, majburiyat yuklovchi bu normani aslida allaqachon – “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan paytdanoq joriy etish kerak edi.

“O‘zbekistonda davlat tili 1989 yildan beri o‘zbek tili, – deb yozadi F.Musayeva. – Ammo davlat tilida ish yuritmaganlik uchun javobgarlik belgilanmaganligi bois, hali-hamon joylarda idora ishlari bemalol rus tilida olib borilmoqda. O‘zim ishlagan korxonada ba’zan yuqori tashkilotdagilar hisobotlarimizni rus tilida talab qilishadi. Bu “Davlat tili haqida”gi qonunning buzilishi emasmi? Fikrimcha, davlat tilida ish yuritmaganlik uchun javobgarlik belgilansa, rahbarlarning mas’uliyati oshadi. Fuqarolarda o‘zbek tilini o‘rganishga ehtiyoj va ishtiyoq paydo bo‘ladi. O‘zbek tilining nufuzi yuksaladi. Prezidentimizning 2019 yil 21 oktyabrda qabul qilingan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham ayni shu vazifa belgilangan”.

A.Sadriddinov shunday yozadi: “Qonunning ijrosini ta’minlashda javobgarlikning joriy etilishi – juda samarali chora.

Taklif etilayotgan loyihada “davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik” aniq ifodalangan. Ammo 42-moddadagi “mensimaslik” tushunchasi mavhum. Qanday harakatni yoki harakatsizlikni “mensimaslik” deb atash mumkin? Davlat idoralarida hujjatlarning boshqa tilda yuritilishinimi? Davlat tilidagi murojaatga boshqa tilda javob berilishinimi? “Mensimaslik” tushunchasiga qonun tilida izoh berilsa, yaxshi bo‘lar edi”.

“Mensimaslik” iborasi M.Yo‘ldoshevning ham e’tiroziga sabab bo‘libdi: “Agar maqsad, haqiqatan ham, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash bo‘lsa, moddadagi “shuningdek O‘zbekiston Respublikasida yashovchi boshqa millatlar va elatlarning tillarini mensimaslik” kabi mujmal jumlalardan voz kechish kerak”.

“Avvalo, shu kunlarga yetib kelganimiz uchun shukronalar aytaman, – deb yozadi A.Zohidov. – Qonun loyihasi juda-juda dolzarb. Istardimki, barcha sohada davlat tili amalda joriy etilsa. Mazkur loyihaning qabul qilinishi mustaqil davlatimiz tilining yanada sayqal topishi, rivojlanishi va xalqaro miqyosda ham o‘z o‘rniga ega bo‘lishida muhim qadam bo‘ladi. Toki har bir vatandoshimiz davlat tilini bilishga, davlat tilida ish yuritishga va davlat tilini hurmat qilishga tabiiy ehtiyoj sezsin”.

Maqsad va rag‘bat

Qonun loyihasiga o‘zining samimiy takliflarini bildirganlar orasida boshqa millat vakillarining ko‘pligi quvonarli hol.

Xususan, K.Dalabayevaning fikricha, “davlat tilini o‘rganishni rag‘batlantirish uchun musiqa san’ati, filmlar, teleseriallar, badiiy adabiyotlar imkoniyatlaridan kengroq foydalanish zarur. Rus va ingliz tillaridagi sifatli filmlarni tanlayotgani uchun yoshlarni ayblab bo‘lmaydi. Chunki aksariyat milliy filmlarimiz mayda mavzular atrofida o‘ralashib qolayotir. Huquqshunoslikka oid ko‘plab atamalarning o‘zbekcha muqobillari ishlab chiqilmagan. Qolaversa, qonunchilikka davlat tilini va boshqa tillarni bilgani uchun rag‘batlantirishga doir qoidalarni kiritish ham foydadan xoli bo‘lmaydi”.

“Ushbu qonun loyihasining taklif etilishi juda adolatli ish bo‘libdi! –deb yozadi muhokamaga Ukrainadan turib qo‘shilgan David. –Men o‘n yil Rossiyada o‘qidim va ishladim. U yerda barcha ish rus tilida yuritiladi. Shunday bo‘lishi ham kerak. Rossiyada yashashni istaysizmi, marhamat, rus tilini o‘rganing. Taqdir taqozosi bilan so‘nggi besh yilda Ukrainada yashab turibman. O‘zimni bu yerda ham begona his qilayotganim yo‘q. Chunki ukrain tilini o‘rgandim. Bu – men yashayotgan davlatning tili. Uni bilishim shart. Deylik, AQShda yashasangizu, ingliz tilini bilmasangiz yoki o‘rganishni istamasangiz, davlatning qonun-qoidalarini o‘zingizning ta’bingizga qarab o‘zgartirishni talab qila olmaysiz-ku”.

Jarima: ozmi — ko‘p?

Sh.Tursunbayevning fikricha, bir tashkilotda bir nechta mansabdor shaxs bo‘lishi mumkin. “Shuning uchun, – deb taklif qiladi u, – qonun loyihasidagi “mansabdor shaxs” tushunchasini, mehnat munosabatlariga oid qonunchilikka muvofiq, “ish beruvchi” deb o‘zgartirish to‘g‘ri bo‘ladi. Sababi, davlat tilida ish yuritish yoki yuritmaslik ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi munosabatlarda aniqlanadi. Mehnatga oid qonunchilikda “ish beruvchi” va “xodim” munosabatlariga huquqiy baho berilgan. Mansabdor shaxs ish beruvchi bo‘lmasligi mumkin.

Agar mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilansa, unda xodimga nisbatan ham shunday qoida qo‘llanishi zarur. Shunda, qonunga rioya etmagan mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, xodimlarga esa ikki baravaridan besh baravarigacha jarima ko‘zda tutilishi mantiqqa mos bo‘ladi.

Loyihada faqat davlat organlari va tashkilotlariga nisbatan majburiyat belgilangan. Taklifim: “tashkilotlarda” degan so‘zdan keyin “va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda” deb qo‘shish kerak”.

Sh.Musayevning qayd etishicha, “davlat tilini rivojlantirish borasidagi ishlar mantiqiy izchillik bilan amalga oshirilmoqda. O‘zbek tili davlat tili deb e’lon qilinganining 30 yilligi nishonlandi. Vazirlar Mahkamasi tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tuzildi va faol ishga kirishdi. 21 oktyabr “O‘zbek tili bayrami kuni” etib qonun bilan belgilandi. Endi davlat tilida ish yuritishning huquqiy majburiyati belgilanyapti. Bunday xayrli ishlarni yanada qat’iyat bilan davom ettirish kerak”.

“Fransiya aholisining 51 foizi fransuz tilidan boshqa tilda gaplashadi, – deb yozadi portalda Sh.Soatova. –Konstitutsiyasida esa faqat fransuz tili davlat tili deb belgilangan. Fransuz tilini madaniy yodgorlik sifatida saqlashga mamlakat Madaniyat vazirligi mas’ul. Rasmiy ish yuritish faqat fransuz tilida.

1994 yilda qabul qilingan Tubon qonunida davlat tashkilotlari tomonidan ish yuritish istisnosiz fransuz tilida olib borilishi, atamalarning fransuzcha muqobili turganda, boshqa tildagisini ishlatish taqiqlanishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Mazkur qonunni buzish jismoniy shaxsga 700 yevro, yuridik shaxsga 3750 yevro jarima solinishiga sabab bo‘ladi. Boshqa tilda peshlavhasi yoki yorlig‘i yozilgan mulk musodara qilinishi ham mumkin. 2006 yilda shu qonunni buzgani uchun Amerikaning Gems kompaniyasi 600 ming yevro jarimaga tortilgan.

Bizda-chi? 1989 yili “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinganidan buyon o‘tgan qariyb o‘ttiz bir yil mobaynida na uni buzganga javobgarlik, na ijrosini nazorat qiluvchi tashkilot va na amalga oshirish mexanizmlari belgilangan”.

Q.Yo‘ldoshevning fikricha, mansabdor shaxslarning davlat tiliga oid qonunlarga rioya etmasligi bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha jarima solishga sabab bo‘lishi kerak. Bu jarima tashkilot hisobidan emas, rahbarning o‘z hisobidan to‘lanishi ko‘zda tutilishi shart. Ayni qoidabuzarlik takrorlansa, javobgar shaxs lavozimini tark etishi lozim”.

Izlagan imkon topadi

Qonun loyihasining qabul qilinishidan tashvish bildirganlar ham yo‘q emas. R.Ro‘zmatovning qayd etishicha, “ushbu loyiha tasdiqlanib, qonun kuchga kirsa, ayrim rahbarlarga qarshi ishlatilishi mumkin. Masalan, idorada birorta texnik yo‘riqnoma rus tilida “topilib qolsa”, “hushyor” xodim tegishli organga xabar beradi va o‘sha tashkilotning rahbariga jarima solinadi. Davlat tilini rivojlantirish uchun aholi ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni kengaytirish zarur”.

A.Grevsova “davlat tilini o‘rganishni istaydigan fuqarolar uchun bepul kurslar ochish maqsadga muvofiq, – deb hisoblaydi. – Hozir faoliyat yuritayotgan uch oylik pullik kurslar na tayinli uslubiyatga, na samaraga ega”.

“Afsus, – deb yozadi R.Maxsudov, – ko‘plab iqtidorli tanishlarim chet ellarga ketib bo‘lishdi yoki shunday taraddudga tushib qolishgan. Sababi – davlat tilini yaxshi bilmasligida. Har holda ular shunday o‘ylashadi. Ha deb til bilmasligini yuziga solaverishsa, boshqa nima ham qilishsin. Jazo belgilagandan ko‘ra, ularga davlat tilini puxtaroq o‘rgataylik. Qiziqtiraylik. Hatto o‘zbek tilida ta’lim-tarbiya olganlar ham davlat tilida eplab yozolmaydi. Tilni rivojlantirish va mustahkamlashni ta’lim tizimidan boshlash kerak”.

O‘zbek tilida yozilgan bu fikrlarga A.Ahrorovning rus tilidagi qaydlari javobdek tuyiladi: “Kimlardir chet ellarga ko‘chib ketgan yoki ketayotgan bo‘lsa, buning sababini davlat tilidan izlamaslik kerak. Shu paytgacha O‘zbekistonda rasman hech kim, hech qachon davlat tilini bilmagani uchun birovga tanbeh bermagan. “Ketaman”ning sababi boshqa muammolarga borib taqaladi”.

S.Tursunov alifbo masalasini tezroq hal qilish zarurligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, “o‘zbek tilida “Sen” degan murojaatdan qonunan voz kechib, xalqimizga xos “Siz”lashga o‘tish kerak. Bu o‘zbek tilining nufuzini yuksaltirib, insoniy munosabatlarni yanada yaxshilash, o‘zaro hurmat-ehtiromni oshirishga xizmat qiladi. Angliyada o‘n yettinchi asrda shunday islohot amalga oshirilgan: ingliz tilida “Sen” (Thou) o‘rniga “Siz” (You) qo‘llana boshlagan”.

Portalga o‘z fikrlarini o‘zbek va rus tillarida yozgan S.Nasretdinovning aytishicha, “O‘zbekistonni o‘zining Vatani deb bilgan, lekin mazkur loyihadan xavotir bildirib, “ketamanga tushib qolgan” ayrim yurtdoshlarimizning vajlari meni juda ajablantiradi. Aslida ular boshqa mamlakatga ketganlarida ham, o‘sha davlatning tilini o‘rganishga majbur bo‘lishadi-ku”.

“Jarima to‘lashga kimning tobi bor?– deydi A.Biryukova. –Qonun barchaga baravar. Men davlat tilini o‘rganishni juda-juda istayman, lekin bunday bilim beradigan kursni izlash behuda. Qaysi tilda bilim berayotganidan qat’i nazar, milliy ta’lim tizimimiz esa juda oqsab qolgan”.

Ta’kidlash o‘rinliki, Vazirlar Mahkamasining shu yil 3 martdagi qaroriga binoan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi tashkil etilib, mintaqalarda uning hududiy bo‘linmalari faoliyat yuritmoqda. Vazirlik va idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari va xo‘jalik birlashmalari xodimlari markazda va uning hududiy bo‘linmalarida to‘lov shartnoma asosida o‘qitiladi. Ish joyidan ajralgan holda ta’lim olayotgan tinglovchilar uchun o‘qish davrida asosiy ish joyidagi lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlanadi.

Qayd etilganlarga qo‘shimcha sifatida yana aytish mumkinki, birgina ziyouz.com portalidan o‘zbek tiliga oid minglab o‘quv qo‘llanma, lo‘g‘at, qomus, badiiy va maxsus adabiyotlarni topish mumkin.

Gap – ehtiyoj va intilishda

“Uch-to‘rt yil oldin Turkiyaga borgan edim, – deb yozadi V.Qodirov. –O‘sha yerda yashayotgan, asli o‘zbekistonlik 35 yoshlardagi rus ayol bilan gaplashib qoldim. Bemalol turkcha gaplashayotganini ko‘rdim. Lekin men o‘zbekcha gapirsam, rus tilida javob qaytardi. “O‘ttiz besh yil O‘zbekistonda yashab, o‘zbek tilini o‘rganmagan ekansiz. Bir yilda turkchani qanday o‘rgandingiz?” deb so‘radim. “Bilmadim, o‘zbekchani o‘rganish uchun ehtiyoj tug‘ilmagan, shekilli”, deb javob qildi”.

Adibning hushtagi

Bundan qariyb oltmish yil burun atoqli adib Abdulla Qahhor: “Nima uchun ko‘cha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi?” – deb nadomat bilan yozgan edi.

Ayni o‘kinch otam zamonidan qolgan patifonning plastinkasidek davralaru ommaviy axborot vositalarida aylangani-aylangan: “Nima uchun hushtak chalmaydi?”

Bu orada “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilindi. Xalqimiz mustamlaka zulmidan ozod bo‘lib, istiqlolga erishdi va mustaqil taraqqiyot yo‘liga dadil qadam qo‘ydi.

Savolga esa hamon aniq javob yo‘q.

Adliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan mazkur qonun loyihasining mamlakatimiz parlamenti tomonidan qabul qilinishi ushbu dardli savolga javob bo‘lsa, ajab emas.

Q.Ochilov

O‘zA