Qaror hali loyiha, takliflar ko‘p

2020-05-13T05:42:20+00:0013 May, 2020|Samarqand vil.|

«Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari muassisligidagi davriy bosma nashrlarni qo‘llab-quvvatlash va ular faoliyatini yanada rivojlantirishga id qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Ushbu qaror loyihasi ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda, axborot portallarida soha xodimlari tomonidan keng muhokama etilmoqda. Ushbu qaror loyihasiga  samarqandlik jurnalistlar ham o‘z fikr, takliflarini bildirib o‘tishdi.

Farmon TOShEV – O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi raisi, «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari birlashgan tahririyati Bosh muharriri:

Bugungi kunda Samarqand viloyatida jami 47 ta gazeta-juranallar chop etilmoqda, 1 ta televideniye, 2 ta radio faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan  3 ta viloyat, 16 ta shahar va tuman hokimliklari gazetalari, 19 ta  xususiy nashr, 4 tasi tarmoq gazetasi va 5 tasi ilmiy jurnallardir.

Viloyatning shahar va tumanlari gazetalari tahririyatlarida 200 nafarga yaqin xodim mehnat qilmoqda. Ijodiy xodimlar 100 nafardan ortiq bo‘lib, ularning qariyb ellik foizi oliy ma’lumotli jurnalist. Viloyat bo‘yicha 500 nafardan ortiq ommaviy axborot vositalarida ishlayotgan jurnalistlar, blogerlar bor.

Shahar-tumanlar gazetalarining barchasi internet tarmog‘idagi rasmiy veb-saytini yuritmoqda, ijtimoiy tarmoqlarda va telegram messenjerida  o‘z sahifasiga ega. Bugun  viloyat hayoti bilan bog‘liq voqea-hodisalar tezkor on-layn tarzida yoritib  borilmoqda. Ayniqsa, keyingi paytda respublika hamda xalqaro doirasidagi ijtimoiy tarmoqlarda samarqandlik jurnalistlar va blogerlarning  faolligi muttasil ravishda oshib bormoqda.

Ammo gazetalarni rivojlantirish, gazetalar muntazamligini ta’minlash bo‘yicha ularga aniq, manzilli yordam ko‘rsatilishi lozim. Ushbu qaror loyihasida bu masalaga alohida to‘xtalingan. Ammo obuna uyushtiruvchi tashkilotlar uzoq yillardan beri bizning asosiy muammomiz bo‘lib kelmoqda. Obuna uyushtirishda markazlashgan bitta tizimni tashkil qilish lozim, nazarimda.

Shuningdek, viloyat va tumanlarda o‘tkaziladigan madaniy-ma’rifiy va ijodiy tanlov g‘oliblariga mukofot sifatida bosma nashrlar uchun yillik obuna chiptasi berish amaliyotini joriy qilish.

Yosh jurnalist kadrlar malakasini oshirishda salohiyatli tahririyatlar qoshidagi mahorat maktablaridan foydalanish.

Jurnalistikaning muayyan yo‘nalishi, dolzarb muammolari bo‘yicha har bir viloyat bosh naщri misolida mintaqaviy seminarlar uyushtirishni amalga oshirish kerak.

 

G‘olib HASANOV – viloyat «Zarafshon» gazetasi Bosh muharriri o‘rinbosari:

– Birinchi navbatda, qarorda faqat davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining emas, partiyalar va boshqa tuzilmagan bosma ommaviy axborot vositalarini nazarda tutish kerak.

Shuningdek, bosma ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash uchun viloyat, tuman, shahar byudjetidan tashqari jamg‘armalari hisobidan mablag‘ ajratilishi bilan tahririyatlar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun avvalo o‘sha jamg‘armalarda pul bo‘lishi kerak. Agar jamg‘armada mablag‘ yetishmasa, vaziyat o‘nglanmaydi.

Umuman, qaysi organ tomonidan mablag‘ ajratilsa, OAV o‘sha organ faoliyatidagi kamchilik va nuqsonlarini yoritib bera olmaydi. Shuning uchun mablag‘ ajratish masalasida chuqur o‘ylab ko‘rish kerak. Davlat byudjetidan yoki OAVni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun alohida fond tashkil etib, shu orqali moliyalashtirish lozimdir, balki.

Hakim JO‘RAYeV – Samarqand shahar hokimligi muassisligidagi «Samarqand» gazetasi muharriri:

– Ushbu qaror faqat bir yo‘nalishni qamrab olmay, ommaviy axborot vositalarining bir nechta jabhalarini o‘z ichiga olgan holda mavjud muammolarga huqukiy yechim berishini istardim. Avvalo, byudjetdan tashqari jamg‘armadan mablag‘ ajratilishi bu juda ishonchsiz holat, nazarimda.  Ushbu jamg‘armaning gazeta uchun ajratiladigan mablag‘i aholining ma’lum qatlamining bepul obunasiga yo‘naltirilsa maqsadliroq bo‘lardi, deb o‘ylayman.

Ommaviy axborot vositalari xodimlarining maoshini belgilash, ularga gonorar to‘lash bo‘yicha hozirga qadar biror huquqiy hujjat yo‘q. Mazkur masala ham yechimga muhtoj bo‘lib turibdi. Bosma nashrlarga soliq imtiyozlari berish masalasi ham qarorga kiritilishi lozim, deb o‘ylayman. Xolis axborot tarqatishda ko‘p holatlarda bosma nashrlarda mehnat qilayotgan jurnalistlar ter to‘kadiyu, bu axborotlar osongina turli internet saytlarida, na muallifi, na manbasi ko‘rsatilgan holda tarqalib ketadi. Aytmoqchimanki, xolis axborot tarqatishda o‘sha, ko‘pchilik bugun «majburiy obuna hisobiga kun ko‘rmoqda» deya ro‘kach qilinayotgan jurnalistlar faollik ko‘rsatmoqda. Axborotning xolisligi bugungi globallashgan jamiyatning nechog‘lik muhimligi hech kimga sir emas. Shuning uchun axborot tarqatish va qabul qilish ehtiyoji har qachongidan ko‘ra kuchliroq bo‘lgan bugungi kunda kichik hududlarga tegishli matbuotni qo‘llab-quvvatlash va ularni rag‘batlantirish milliy jurnalistika rivojiga munosib hissa qo‘shish deganidir.

Isomiddin PO‘LATOV – Jomboy tumanining«Jomboy tongi» gazetasi muharriri:

– Mahalliy davlat organlarining o‘z muassisligida nashr etiladigan gazetalariga mablag‘ ajratilishi bir jihatdan o‘sha gazetalardagi erkinlikni cheklab qo‘yadigandek tasavvur uyg‘otadi. Sababi, barchamizga ma’lum, o‘sha mashhur ibora: pulini to‘lagach, qo‘shig‘ini aytishga majbursan. Bu hol ko‘pchilik hamkasblarimni qiynayotgan eng birinchi masalalardan biridir. Lekin yaxshiroq o‘ylab qaralsa, bugun ahvol qanday? Bugun garchi hokimlik o‘z tizimidagi gazetalarga pul o‘tkazmasa-da, ammo obunani tashkillashtirishda qaysidir ma’noda yordam berayotganidan ko‘z yuma olmaymiz. Xo‘sh, shunday holatda ham bugun quyi tizimdagi gazetalar o‘z muassisini tanqid qila olayaptimi? Afsuski, bu savolga to‘liq tasdiq javobini bera olmaymiz. Sababi bunday tahririyatlar soni sanoqli. Sanoqli deganim, umuman yo‘q, degani emas, shuni e’tiborga oling. Demak, bor va ular bu ishni uddalashayapti. Aytmoqchimanki, jurnalistga, ayniqsa, tuman, shahar gazetalariga yordam berish, ularni qo‘llab-quvvatlash bugun har qachongidan muhim. Lekin afsuski, bugun yaxshi ishlayotgan gazeta ham, shunchaki, hisobotdan nariga o‘tmaydigan maqolalar bilan gazetasini to‘ldirayotgan nashrlar ham bir xil mavqeda va bir xil moddiy ta’minlangan. Mana shu yerda yaxshiroq ishlaydigan tahririyatlarni qo‘llab-quvvatlashga kim mas’ul bo‘ladi, degan savol yuzaga keladi. Sababi, o‘z tizimini tanqid qilayotgan hokimlik tahririyatga faqat qaror ijrosi bo‘yicha yordam ko‘rsatishi mumkin. Agar adashmayotgan bo‘lsam, bu juda katta mablag‘ bo‘lmaydi va yaxshi ishlaydigan jurnalist boshqa ish izlay boshlaydi. Biz tuman gazetalarida ham yaxshi ishlaydigan jurnalistni qo‘llab-quvvatlash tizimini shakllantirishimiz lozim, deb o‘ylayman.