Tomorqa madaniyatimiz, ma’naviyatimiz, tarbiyamiz ko‘zgusi

2020-04-11T10:45:16+00:0011 April, 2020|Navoiy vil.|

O‘lkamizda bahor nafasi kezib yuribdi. Tabiat allaqachon uyg‘onib, olam tobora go‘zallikka burkanmoqda. Qimirlagan jon borki ko‘klam tashvishida.  Zero, xalqimiz ko‘klamning bir kuni yilni boqadi, deb bejiz aytishmagan.

G‘animat kunlarning qadrini bilgan asl dehqonlarimiz, omilkor tomorqa egalari o‘z ixtiyoridagi yerlarda ekin-tikin ishlarini allaqachon sarishta qilib, tomorqasiga ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni parvarish qilmoqda.

 

Bugun viloyatimizning barcha joyida bo‘lgani kabi Navoiy shahrida ham tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayapti.

Navoiy shahridagi mavjud 31 ta mahalla fuqarolar yig‘inining 9 tasida fuqarolar hovlida yashashi bois, ularning xonadonida tomorqasi mavjud. Xususan, shaharning “Temiryo‘l” vokzaliga tutash hududda joylashgan “Hayot” mahallasida ham bugun hayot qaynamoqda.

Mahalla ahli mavjud tomorqalaridan samarali foydalanish ilinjida unga bor mehrlarini berishayapti.

Biz shaharlikmiz, tomorqani qishloqdagilar qilsin, degan so‘zdan yiroq bo‘lib, ona zamin saxovatidan bahramand bo‘lishayapti.

Dono xalqimizda, “Yerni boqsang, yer seni boqadi”, degan hikmat bor. Bu bejizga aytilmagan, albatta. Zero, yerga mehr bersangiz, u ham sizdan o‘z muruvvatini ayamaydi.

 

Buni mahallaning “Barhayot” ko‘chasida istiqomat qiluvchi Aliqul Bo‘ronov juda yaxshi tushunadi. Shu bois, tomorqasining bir qarich joyi yo‘qki, bo‘sh turgan bo‘lsa. Eng e’tiborlisi, Aliqul aka 2017 yildan buyon o‘z tomorqasining qariyb 5 sotix maydonida issiqxona tashkil etgan. Ayni paytda esa ushbu issiqxonada yetishtirilayotgan pomidor ko‘chatlari hosilga kirish arafasida.

— Issiqxonamizdan har yili 3 marotaba hosil olamiz. Daromadimiz ham shunga yarasha bo‘layapti, — deydi  Aliqul Bo‘ronov. — O‘tgan yili ichki bozorga qariyb 4 tonna pomidor kiritdik, 30 million so‘mgacha daromad oldik. Bundan tashqari, issiqxonamizda turli ko‘katlar, ziravorlar ham muntazam ravishda parvarishlanadi.

Shuningdek, Aliqul aka xonadonida 5 bosh qoramol ham mavjud bo‘lib, sog‘in sigirning suti esa ro‘zg‘orni ta’minlayapti. Tomorqa – daromad manbai. Ammo, tomorqadan daromad olish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Ona diyorimiz tuprog‘ini yelka terlatib ishlagandan o‘z marhamatini ayamaydi.

— Asosiy vaqtimiz issiqxonada ko‘chatlar parvarishiga sarflanadi. Aslo bo‘sh vaqtimiz yo‘q. Bu orqali ro‘zg‘orimiz but. Daromadimizdan yaxshi niyat qilib mashina ham mindik, — deydi Aliqul akaning o‘g‘li Oybek Bo‘ronov.

“Hayot” mahallasidagi Murodullo Ikromov xonadonidamiz. Oila boshlig‘i Murodullo aka NKMKga qarashli GMZda haydovchi bo‘lib ishlar ekan. Bizni oila bekasi Mastura opa Ikromova yorug‘ yuz bilan qarshi oldi. Maqsadimizni bilgach, bizni tomorqasi tomon boshladi. Umumiy tomorqa maydoni 6 sotixni tashkil etayotgan mazkur xonadonda haqiqiy dehqonlar istiqomat qilar ekan, degan fikrga keldik. Chunki, bahorning dastlabki kunlarida ekilgan kartoshka yaqinda tayyor bo‘ladi. Har qarich yerdan unumli foydalanilgani kundek ravshan bo‘lib turibdi. Qolaversa, 2 sotix maydonda tashkil etilgan mo‘’jazgina issiqxona va unda mehr bilan parvarishlanayotgan pomidor ko‘chatlari kishi havasini keltiradi. Tomorqada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining qariyb barchasini uchratish mumkin. Eng muhimi, ular haqiqiy mehnatdan baravj rivojlanmoqda.

— Ro‘zg‘orimizda ishlatilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarimizning aksariyati o‘zimizning tomorqamizdan chiqadi. Bozorga borishga aslo hojat yo‘q. Bo‘sh vaqtimiz doimo tomorqada o‘tadi. Mehnat qilgan odam baraka topadi, deganlari rostligiga faoliyatimiz davomida amin bo‘layapmiz, — deydi xonadon bekasi Mastura opa Ikromova biz bilan suhbatda.

Tomorqa salomatligimizning beminnat himoyachisi. Undan har kuni bor-yo‘g‘i bir soat ishlagan kishi butun tanasi muskullarining chigilini yozib, qon aylanishini yaxshilaydi. Qolaversa, inson organizmi o‘zida Mendeleyev jadvalidagi barcha elementlarni jamlaganki, ularga har doim ehtiyoj sezadi. Bu elementlarning me’yorda bo‘lishi esa aqliy faoliyat rivojlanishining eng asosiy omili, deb ta’riflashadi tibbiyotchilarimiz. Demak, tomorqa ro‘zg‘orimiz, dasturxonimiz to‘kinligi rang-barangligi, farzandlarimizning nainki jismoniy balki aqliy barkamolligining garovi hamdir.

Mahalla raisi Mairsaid Mavlonov hamrohligida tomorqalarni kezar ekanmiz, bizda qariyb barcha xonadonlarda tomorqa madaniyati yaxshigina rivojlangan, dedi oqsoqol manmunlik bilan va bizni 1 sotixgina yerdan ham unumli foydalanayotgan xonadon sari choralaydi.

Mahalla raisi ta’riflagandek, Baxtiyor Usmonov va Ro‘zigul Usmonovalar imkoniyati cheklangan bo‘lsada, haqiqatdan ham yerni o‘z holiga tashlab qo‘ymaganiga guvoh bo‘ldik.

Mo‘’jazgina maydonchaning bo‘sh joyi yo‘q. Turli ko‘katlar, ziravorlar, bulg‘or qalampiri bir tekistda rivojlanmoqda. Xonadon egalarining yerga bo‘lgan bunday e’tibori ko‘pchilikka ibratdir.

 

Mahallaning “Oq soy” ko‘chasi 50-xonadonida istiqomat qilib kelayotgan Qurbon Astanov ham asli dehqonlardan bo‘lsa kerak, degan o‘y o‘tdi xayolimizdan. Bugungi kunda 55 yoshni qarshi olgan Qurbon aka mexanizatorlik bilan shug‘ullanadi. Ammo yerga bo‘lgan mehr-muhabbati uni bir lahza bo‘lmasin tomorqadan ayirmaydi. Bo‘sh vaqt topdim, degunda hamisha ketmonini qo‘liga olib, yerga ishlov beradi.

— Sara tuproqni qo‘liga olib, ko‘ziga surtadi. Tuproqdan hamisha Vatan hidi dimog‘imga uriladi, uni mo‘’tabar onadek e’zozlashimiz bejizga emas, — deydi Qurbon aka.

Tomorqada parvarishlanayotgan kartoshkalar erta-indin ro‘zg‘orga yaraydi. Qolaversa, xonadondagi qoramol, mayda shohli mol va bir katak tovuqlar ham ro‘zg‘or ta’minotida muhim o‘rin tutmoqda.

Mahallada yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan Xayrullo Boyliyev xonadoniga kirganimizda, dastlab saf tortib turgan ajoyib gultuvaklar e’tiborimizni tortdi. Bularni qayerdan olgansiz, so‘radik, Xayrullo akadan. — O‘zim tayyorlayman, — deya bizga anvoyi gullar yastanib yotgan gultuvakni ko‘rsatdi. — Bu idishlarga gullar xuddi shunday o‘tqaziladi va xonadoningizga o‘zgacha go‘zallik baxsh etadi, — deya bizni qahramonimiz tomorqa tomon boshlarkan.

Jami 8 sotix tomorqada aksariyat oziq-ovqat mahsulotlari ekilgan. Kartoshka, pomidor, ko‘katlardan tashqari parvarishlanayotgan karam va qulupnay nihollari xonadon a’zolarining mirishkorligidan dalolat beradi.

Qolaversa, Xayrulla aka 30 ta quyon va 10 ta mayda shohli mollarni ham parvarishlapyati. Aslida bular ham ro‘zg‘or uchun daromad manbai sanaladi.

Haqiqiy dehqonning dehqonligi uning tashqi tomorqasidan seziladi. Mahalladagi Turdimurod Jumayev xonadoniga kirib borishda bu fikrimiz to‘g‘riligini yana bir bor his etdik. Kattagina tomorqada haqiqiy mehnat qilingani yorqin namoyon bo‘lib turibdi.

— Bir kam 70 yoshdaman — deydi otaxon biz bilan suhbatda. — Yer bilan tillashib kam bo‘lmadik. Farzandlarimizni uyli-joyli qildim, ro‘zg‘orimni butladim. Farzandlarimni ham yerga munosabatini o‘zgartirdim, ularni yonimga olib, tomorqada ishlash madaniyatini o‘rgatdim.

Umumiy maydoni 18 sotix bo‘lgan tomorqaning 15 sotixi issiqxona uchun ajratilgan. Bu issiqxonalarda nimaiki oziq-ovqat mashulotlari yetishtirish mumkin bo‘lsa, barchasi parvarishlangan.

— 10 sotix maydonda tashkil etilgan issiqxonamizda 4 yildan buyon 35 tup limon ko‘chatlarini parvarishlayapmiz. O‘tgan yili birgina limonning o‘zidan 10 million so‘mdan ortiq daromad qildik. Jami tomorqamizdan olingan daromad 30 million so‘mdan oshib ketdi. Tomorqamizda yetishtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan ro‘zg‘onimizni ta’minlayapmiz, ortganini esa ichki bozorga yo‘naltirayapmiz, — deydi Turdimurod bobo Jumayev.

Bir sotix maydonda parvarishlanayotgan qulupnay esa erta-indin pishib-yetilish arafasida.

Darhaqiqat, tomorqa madaniyatimiz, ma’naviyatimiz, tarbiyamiz ko‘zgusi. Darvozamizdan kirgan kishi hovlimiz sahniga nazar soliboq, “otasiga rahmat” yoki “xayf”, degan munosabatni ko‘nglidan o‘tkazadi. Tomorqa bandligimizni ta’minlashda ham muhim o‘rin tutadi. 2 sotix tomorqasi bor xonadonni ishsiz oila deb, atasak xato bo‘ladi. Yuqoridagi qahramonlarimizning faoliyati esa bunga yorqin misoldir. Biz qaysi sohada ishlamaylik, kim bo‘lmaylik hamisha bizni ona yer boqadi. Shu bois, undan mehrimizni, e’tiborimizni darig‘ tutmaylik.

Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan tomorqalardan foydalanishda mutlaqo yangi munosabatlar joriy etildi.

Serhosil yerimiz, daromad olishga keng hov­li­miz bor ekan, har birimiz tomorqa mada­niya­tini yuksaltirib, xonadonlarimizni obod, yashash sharoitimizni namunali tarzga kelti­ray­­lik.

Tabarruk Ona so‘zi, Vatan va Yerga nisbatan ishlatiladi. Shu bois, Ona yerimizni muqaddas bilib, unga munosabatimizni tubdan o‘zgartiraylik. Yerning uvoli yomon bo‘ladi.

Otabek ASLONOV,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi

 Navoiy viloyati bo‘limi raisi.