Rossiyadan Termizga kelgan vatandoshlarimizning ahvoli qanday?

2020-03-30T12:16:43+00:0030 March, 2020|Umumiy yangiliklar|

Joriy yilning 28 mart kuni Surxondaryo viloyatiga charter reys orqali Rossiyadan 239 vatandoshimiz olib kelingani va tayyorlangan maxsus joyda karantin kuzatuviga olingani haqida xabar bergan edik.

Ularning 39 nafari Toshkent shahri, 24 nafari Andijon, 17 nafari Buxoro, 10 nafari Jizzax, 9 nafari Surxondaryo, 21 nafari Qashqadaryo viloyati, 11 nafari Qoraqolpog‘iston Respublikasi fuqarolaridir.

Shuningdek, Navoiy viloyatidan 4, Namangandan 30, Samarqandan 28, Sirdaryo viloyatidan 6, Farg‘onadan 21, Xorazmdan 5, Toshkent viloyatidan 14 nafar yurtdoshlarimiz ham mazkur reys bilan Termiz shahriga kelib qo‘ngan.

–Ular Angor tumanida 14 kunlik karantin muddatini o‘tamoqda,– deydi viloyat sanitariya-epedemiologik osoyishtalik markazi bosh shifokori A.Mustanov. – Xorijdan kelgan bu fuqarolardan belgilangan tartibda laboratoriya tahlillari olindi. Barchasiga manfiy xulosa berildi. Kuzatuvga olingan vatandoshlarimiz kuzatuv davrini ko‘ngildagidek o‘tkazishi uchun zarur sanitar-gigiyenik vositalar, badiiy kitob va sport anjomlari bilan ta’minlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda 5 ming 336 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvga olingan. Ularning 4 ming 998 nafari uy sharoitida, 338 nafari tibbiyot muassasalarida karantin muddatini o‘tayotir. 1 ming 653 fuqaro 14 kunlik kuzatuv ostida bo‘lib, sog‘ligida xavf-xatar bo‘lmaganligi sababli karantin kuzatuvdan chiqarilgan.

– Viloyatda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan tadbirlar kuchaytirilgan tartibda davom etmoqda,– deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari, kapitan F.Toshboyev.–Tibbiy kuzatuvda turganlar bilan muloqotda bo‘lganlarning ro‘yxatlari ham to‘liq shakllantirilib, ularning yashash manzillari ham kuzatuvga olingan. Tibbiyot muassasalari va uy sharoitida karantin kuzatuv muddatini o‘tayotganlar uchun ichki ishlar idoralari, Milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining xodimlari biriktirilgan. Bu bo‘yicha hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q.

Ayni paytda viloyatda mavjud ishlab chiqarish korxonalari, tadbirkorlik subektlari bir maromda faoliyat yuritmoqda. Fermerlar dala yumushlari bilan band. Ular yetarli miqdorda antiseptik vositalar, himoya qo‘lqopi va tibbiy niqob bilan ta’minlangan.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA