Masofaviy ish usulida, uyda ishlayotgan xodimlar xavotiriga o‘rin yo‘q

2020-03-30T12:12:57+00:0030 March, 2020|Umumiy yangiliklar|

“Karantinga oid choralar amal qilish davrida xodimlarni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga o‘tkazishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, karantin davrida ish beruvchi xodimning roziligi bilan uni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish jadvalida yoki uyda ishlashga o‘tkazishi mumkin.

Bunda ushbu huquqdan birinchi navbatda homilador ayollar, keksalar, imkoniyati cheklangan shaxslar va surunkali kasalliklarga chalingan xodimlar foydalanadi.

Xodimning masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish jadvalida yoki uyda ishlashga o‘tkazilishi ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.

Masofaviy ishga o‘tkazish yuzasidan mehnat shartnomasiga kiritiladigan o‘zgartirishda, mehnatning boshqa shartlari bilan birga xodim ishlashi uchun zarur bo‘lgan jihozlar va vositalar, jumladan, elektron hujjat almashinuvi, internet hamda boshqa aloqa vositalari bilan ta’minlash tartibi ko‘zda tutiladi.

Shuningdek, xodimga ish beruvi tomonidan berilgan jihozlar buzilganda zararni qoplash bo‘yicha shartlar qo‘yilishi mumkin, o‘z navbatida, xodim shaxsiy jihoz, texnika vositalaridan, internetdan foydalanganda xarajatlarni qoplash kelishiladi.

Mehnat shartnomasida xodim va ish beruvchining zaruriy mehnat muhofazasi va mehnat sharoitlariga amal qilish bo‘yicha majburiyatlari, ishlab chiqarish zaruriyati tug‘ilganda xodimni doimiy ishga o‘tkazish shartlari aks etadi.

Mazkur ishlash usuliga o‘tkazilgan xodimlarning mehnat ta’tili, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha nafaqa olish hamda qonun hujjatlari va jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquqlari saqlab qolinadi.

O‘zA