Jurnalistlar tomonidan ham aholiga bepul tibbiy niqob va qo‘lqoplar tarqatilmoqda

2020-03-25T05:07:08+00:0025 March, 2020|Navoiy vil.|

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi tashabbusi bilan 20 nafarga yaqin jurnalistlar ishtirokida Navoiy shahri hududida aholiga 500 dona tibbiy niqob hamda 100 dona qo‘lqop tarqatildi.

Jurnalistlar bir qator savdo rastalarida bo‘lib, niqob hamda qo‘lqop taqmagan bir qator aholi, shuningdek savdo xodimlari bilan suhbat uyushtirishdi. Bu holat jarimaga sabab bo‘lishi tushuntirildi. Bundan tashqari, vaziyat bo‘yicha fuqarolarning fikrlari tinglandi.

  • Niqob taqmagan odamlar hali ko‘p, – deydi “Sevimli” telekanali “Zamon” informatsion dasturining viloyat bo‘yicha muxbiri Shiringul Asoyeva. – Bu ba’zi kishilarning masalaga jiddiy yondashmayotgani, ommaviy axborot vositalarida targ‘ibotni kuchaytirish lozimligini ko‘rsatadi. Shuningdek, nafaqat televideniye va gazetalar, balki joylarga chiqqan holda ham aholiga tushuntirish ishlarini olib borish kerak. Albatta, salomatligimizni asarash har birimizning qo‘limizda.

Qayd etib o‘tish joiz, Navoiy viloyatida pandemiyaning oldini olish  maqsadida aholining tibbiy niqob va qo‘lqo‘lqopga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, mazkur mahsulotlar narxi oshib ketmasligini ta’minlash maqsadida bu kabi xayriya ishlari keng ko‘lamda tashkil etilmoqda. Xususan, mazkur tadbirlarda turli korxona-tashkilotlar, saxovatpesha tadbirkorlar peshqadam bo‘layapti.

Ozod MUSTAFOYEV,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi

Navoiy viloyati bo‘limi mutaxassisi.