Navoiy viloyatida nechta monopol korxona bor?

2020-03-17T06:46:01+00:0017 March, 2020|Navoiy vil.|

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida OAV vakillariga tahliliy ma’lumotlar taqdim qilindi.

 

Navoiy shahridagi “Kovorking” markazida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan anjuman “15 mart – Xalqaro iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni” munosabati bilan tashkil etilib, unda boshqarma boshlig‘i Anvar Muhammadiyev monopoliyaga qarshi kurashish, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama sohasida olib borilayotgan ishlar, kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan vazifalar, sohadagi muammo va yangiliklar xususida gapirib o‘tdi.

–   Monopoliya degani bu qonun buzilishi emas, balki bozordagi holatdir, – dedi A.Muhammadiyev. – Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, raqobat yo‘q bozorda yakkahukmronlik, monopoliyachi korxona faoliyat yuritadi. Iqtisodiyotimizda tovarlar bozorida ustunlik mavqeyini egallagan korxonalar, birlashmalar – shaxslar guruhlari soni kam emas. Bu korxonalar faoliyati Qo‘mita va uning hududiy boshqarmalari tomonidan doimiy nazoratga olib borilmoqda.

Qo‘mita va uning hududiy organlarining muhim asosiy vazifalaridan yana biri iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli davlat organ hisoblanadi va iste’molchilarga tovarlar, ularning ishlab chiqaruvchisi, ijrochisi va sotuvchisi to‘g‘risidagi haqqoniy va to‘liq ma’lumotlarni olish imkoniyatini ta’minlashdir.

O‘tgan yili hududiy boshqarmaga talabga javob bermaydigan sotib olingan tovarlar yuzasidan iste’molchilardan 100 ga yaqin murojaat kelib tushgan hamda 195 million so‘mlik mablag‘lar xaridorlarga sotuvchilardan undirib berilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida esa bu raqam 40 tani tashkil etyapti.

–  Murojaatlar asosan savdo va kommunal sohada, – deydi boshqarma bo‘lim boshlig‘i Alisher Qilichov.– Misol uchun yaqinda bryuschatka sotib olgan fuqaro bizga murojaat qildi. Iste’molchi qurilish xomashyosini uyiga olib borgach, mahsulotda sho‘rlanish paydo bo‘lgan va bu xaridorning e’tiroziga sabab bo‘lgan. Ishlab chiqaruvchiga murojaat qilib, muammosi hal bo‘lmagan fuqaro bizga shikoyat qilgach, tegishli tartibda o‘rganish olib borildi va natijada 6,5 million so‘mlik mablag‘ qaytarib berildi.

–  Reklama bannerlari masalasi ham doimiy nazoratda, – deydi reklama faoliyatini tartibga solish bo‘limi boshlig‘i Ahror Azimov. – Bugungi kunda viloyatimizdagi mavjud barcha 300 ga yaqin bannerlar ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularning 60 tasi qonunchilik talablariga zid bo‘lgani uchun olib tashlandi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.

Yakunda boshqarma hamda jurnalistlar hamkorligini kuchaytirish masalalari ham muhokama qilinib, tegishli takliflar o‘rtaga tashlandi.