Hunarmandlar jurnalistlar nigohida

2020-03-12T06:42:41+00:0012 March, 2020|Samarqand vil.|

Press-tur

Samarqand shahrida O’zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi, viloyat hokimligi hamda O’zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo’limi hamkorligida hunarmandchilik va xalq amaliy san’atini rivojlantirishga bag’ishlangan ikki kunlik press-tur tashkil etildi.

Tadbirga respublika teleradiokanallari, internet va bosma ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, viloyatda faoliyat yuritayotgan jurnalist va blogerlar taklif etildi.

Poytaxtdan kelgan hamkasblarni O’zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo’limi raisi, senator F.Toshev kutib oldi.

Ishtirokchilar dastlab, Samarqand shahridagi “Hunarmandlar markazi”da kulolchilik, zargarlik, tikuvchilik, naqqoshlik, kandakorlik, zardo’zlik kabi hunarlar bilan shug’ullanayotgan ustalar faoliyati bilan tanishdi.

Keyingi manzil ”Samarqand-Buxoro ipak gilamlari” O’zbekiston-Afg’oniston qo’shma korxonasi bo’ldi. 250 nafar xotin-qiz faoliyat ko’rsatayotgan mazkur korxonada ipakning tabiiy bo’yoqlar bilan ranglanishi va gilam to’qish jarayoni tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg’otdi.

Korxonaning ko’rgazma zalida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov press-tur ishtirokchilari bilan suhbatlashdi. Bu yerda jurnalist va blogerlarga Samarqand hunarmandchiligi va xalq amaliy san’atini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

– Har kim ham hunarmandchilik mahsulotlariga xaridor bo’lavermaydi, ularni, asosan, san’atni, qo’l mehnati mashaqqatini tushunadigan,  undan zavqlana oladigan insonlargina sotib oladi, – dedi viloyat hokimi. – Samarqandlik hunarmandlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar shu paytga qadar, asosan, xorijliklar tomonidan xarid qilinar edi. Bugungi kunda mahalliy aholining ham bunga qiziqishi ortib bormoqda. Viloyatimizda hunarmandchilik mahsulotlari tayyorlash jarayonlarini sayyohlarga ko’rsatish maqsadida turistik maskanlar tashkil etilmoqda. Masalan, biz turgan ipak gilamlari fabrikasi hamda «Konigil meros» qadimiy Samarqand qog’ozi ishlab chiqarish korxonasi keyingi paytlarda mahalliy va xorijlik sayyohlar bilan gavjum maskanlarga aylandi.

– XIX asrda Turkmanistonda jundan to’qilgan gilamcha yaqinda italiyaliklar tomonidan 120 ming dollarga xarid qilingan, – deydi korxona bosh texnologi Hojisoatdurdi Bodg’iziy. – Hunarmandlar mehnati ana shunday qimmatli, qadrlidir. Korxonamizda o’sha gilamning nusxasi to’qilyapti. Bu gilamni ikki nafar ishchi bir yilga yaqin vaqt mobaynida to’qib bitiradi. Uning narxi yangi paytda 15 ming dollarga baholanishi mumkin. Bu gilamlar qancha ko’hna bo’lsa shuncha qimmat bo’ladi.

Shundan so’ng press-tur ishtirokchilari Urgut tumanidagi kulollar sulolasining sakkizinchi vakili No”mon Obloqulov xonadonida bo’ldi. Bu yerda ular kulolning ustaxonasi, ko’rgazma zali bilan tanishdi. Kulolchilik mahsulotlari yasalish jarayonini tomosha qildi.

Tadbir ishtirokchilari toyloqlik rassom Ahmad Umarov ijod uyida ham bo’lishdi.

Tadbirning ikkinchi kuni Samarqand shahridagi Bunyodkor mahallasida faoliyat yuritayotgan yog’och o’ymakori Mansur Asadov ustaxonasidagi ish jarayonlari bilan tanishishdan boshlandi. Bu yerda oddiy yog’ochdan noyob va go’zal buyumlar yaratib, ularga “jon” bag’ishlayotgan hunarmand va «Ustoz-shogird» an’anasi asosida ushbu hunar sirlarini o’rganayotgan yoshlar ishi ishtirokchilarda katta taassurot uyg’otdi.

Shundan so’ng, press-tur ishtirokchilari Samarqand tumanidagi “Konigil meros” xususiy korxonasiga bordi. Bu yerda ular qadimiy qog’oz ishlab chiqarish jarayonlari, tegirmon va juvozlar, korxona hududida o’tmish va bugun uyg’unligida sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

– Bugungi kunda viloyatimiz shahar va tumanlarida  6 mingdan ortiq hunarmand va ularning shogirdlari 34 yo’nalishda izlanib, mehnat qilmoqda, – deydi respublika  “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig’i Umid Hakimov. – Ular “Ustoz-shogird” an’anasini yo’lga qo’yib, 4 ming 400 ga yaqin shogirdlar tayyorlamoqda. 2019 yilda umumiy qiymati 14,7 milliard so’mlik bank krediti hisobiga jami 411 ta loyiha amalga oshirildi. Natijada 1 ming 270 nafar fuqaro bandligi ta’minlandi. 2020 yil birinchi yarim yilligi davomida 29,4 milliard bank krediti hisobiga jami 834 ta loyiha amalga oshirish rejalashtirilgan. Hunarmandlarga tayyorlagan mahsulotlarini sotilishi uchun ham ko’maklashish asosiy maqsadlarimizdan biri. Buning uchun internet orqali savdoni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari orqali targ’ibot tadbirlarini amalga oshirish ham hunarmandlarimizni qo’llab-quvvatlashning bir ko’rinishi. Ikki kun davom etgan press-turning maqsadi ham shunga qaratilgan.

To’lqin SIDDIQOV,

Husan ELTOEV, Samarqand.