O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda jurnalistlarning huquqiy bilimlarini oshirmoqda

2020-02-25T13:17:03+00:0025 February, 2020|Umumiy yangiliklar|

Huquqiy savodxonlik va  madaniyatni yuksaltirish har bir jamiyat hayotida muhim o‘rin tutadi. Har bir kishi qayerda, qanday sohada ishlashidan qat’iy nazar huquqiy bilimlarnini oshirib borishi, o‘z sohasiga oid qonunlarni mukammal bilishi shart. Ana shundagina u ish faoliyatida xatolarga yo‘l qo‘ymaydi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazida kadrlarning huquqiy bilimi va malakasini oshirish borasida o‘quv kurslari tashkil etilgan.

Jamiyatning ilg‘or  kuchi va vijdoni hisoblangan  jurnalist faoliyati uchun  bu yanada ustuvor ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan  2019 yil 26 dekabrda tasdiqlangan Aholi va axborot sohasi sub’ektlarining huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining  14-bandida “Huquqiy mavzularni yoritadigan  jurnalistlarning, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari axborot xizmatlari rahbar va xodimlarining  malakasini oshirish uchun Yuristlar malakasini oshirish  markazida shartnoma asosida maxsus malaka oshirish kurslari tashkil qilish” ko‘zda tutilgani  ham buning  dalilidir.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Adliya  vazirligi   bilan hamkorlikda shu maqsadda ommaviy axborot vositalari  xodimlari uchun   o‘quv kursi tashkil etdi.

Joriy yil  24 fevralda boshlangan malaka oshirish  kurslari  6 martga qadar  davom etadi.  Unda yigirmaga yaqin jurnalistlar ishtirok etmoqda. O‘quv dasturidan “OAV faoliyatining huquqiy kafolatlari”, “O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq sohasidagi  islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari” modullari  asosida  ommaviy axborot vositasini ta’sis etish huquqi, Jurnalistning huquqlari va majburiyatlari, O‘zbekiston Respublikasi jurnalistining chet eldagi va chet el jurnalistining O‘zbekiston Respublikasidagi faoliyati, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasida ko‘zda tutilgan asosiy yo‘nalishlar, korrupsiyaga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalarining ishtiroki kabi  jurnalistik faoliyat uchun muhim bo‘lgan mavzularda   taniqli  nazariyotchi olimlar  ma’ruzalari o‘rin olgan.

OAV vakillarining ushbu kurslarda oshirgan huquqiy bilimlari kelgusi faoliyatlarida  ularga asqotishi shubhasiz.