Alisher Navoiy – millat quyoshi

2020-02-07T15:18:46+00:007 February, 2020|Jizzax vil.|

O’zbek xalqining buyuk siymolaridan biri – mutafakkir, olim, g’azal mulkining sultoni, o’zbek tilining asoschisi Alisher Navoiyni barcha davrlarda ham butun turk dunyosi “shams ul-millat” ya’ni millat quyoshi deb e’zozlab kelgan.

Aslida ham butun umrini turkiy til mavqeyini ko’tarish, turkiy adabiyot imkoniyatlarini dunyoga tan oldirish, turkiy davlatchilik asoslarini mustahkamlashga, jamiyatda haqiqat va adolat mezonlarini qaror tortirishga bag’ishlagan bobokalonimiz bu e’tirofga to’la-tukus munosib va haqlidir.

Navoiy bilan qancha faxrlansak, shuncha kamlik qiladi. U bilan faxrlanishning o’zi kifoya qilibgina qolmasdan, buyuk bobokalonimizga munosib voris bo’lish, uning boy adabiy merosini o’rganish va kelgusi avlodlarga  yetkazish biz uchun ham qarz, ham farzdir.

Shu ma’noda O’zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining Jizzax viloyati bo’limi tomonidan Jizzax shahar 7-son umumta’lim maktabining yuqori sinf o’quvchilari o’rtasida “Navoiyga munosib voris bo’lamiz” mavzusida amaliy mashg’ulot o’tkazildi.

Unda uyushmaning viloyat bo’limi mutaxassisi N.Alimova hamda Jizzax davlat pedagogika instituti o’zbek tili va adabiyoti kafedrasi mustaqil ilmiy tadqiqotchisi Shoira Xasanovalar o’quvchilar bilan interfaol usulda Navoiyning hayoti va ijodining o’ziga xos jihatlarini tahlil qildilar. Shoir asarlaridan baytlar o’qildi. Uning millatimiz uchun qilgan buyuk ishlari haqida gapirildi. Shuningdek, yoshlarni buyuk bobokalonlarimizga munosib voris bo’lish uchun Vatan oldidagi burchlarini ado etishlariga yo’naltirildi.

Mashg’ulot davomida adabiyotga mehr qo’ygan o’quvchilarga she’r va maqolalari bilan vaqtli matbuotda qatnashishlariga tavsiyalar berildi.

O’zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi

Jizzax viloyat bo’limi