Oriyatli siymolar va milliy yuksalish

2020-01-08T08:25:56+00:008 January, 2020|Umumiy yangiliklar|

Millat oriyati shaxsni ulg‘aytiradi. Oriyatli shaxs millatni uyg‘otadi. Uyg‘oq xalq esa dunyoni ulg‘aytiradi.  Prezidentimiz tashabbusi va rahnamoligida tashkil etilayotgan  Prezident maktablari, ilm-fan va adabiyot yo‘nalishidagi ijod maktablari, mening nazarimda, ana shunday ulug‘vor g‘oyani amalga oshirishga qaratilgan.

Dunyoda mashhur siymolarning turli sohalarda ilmiy-ijodiy maktablari necha zamonlardan beri mavjud. Qarangki, dunyoning biron-bir mamlakatida ularning ta’lim-tarbiya  maskani sifatida faoliyat yuritayotgan ijod maktablari yo‘q ekan. Ikki yigirma deya egizak aytilayotgan Yangi yil arafasida Toshkentda ish boshlagan adib nomidagi ijod maktabi, Adabiyot muzeyi va “Turon” kutubxonasidan iborat Abdulla Qodiriy majmuasi, adib yashagan manzilda barpo etilgan uy muzeyi hamda Guliston shahrida ochilgan Halima Xudoyberdieva nomidagi ijod maktabi ma’naviyat sohasidagi izchil islohotlarning davomi bo‘ldi.

Bu qutlug‘ dargohga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tashrifi, ijod ahli bilan bo‘lib o‘tgan samimiy suhbat va unda bildirilgan fikrlar hali ko‘p vaqt qalam ahli uchun ilhom manbai, mushohada mavzui bo‘lishi, shubhasiz. Suhbatda O‘zbekiston o‘z tarixida yangi –  uyg‘onish zamoniga qadam qo‘yayotgani haqida ham so‘z bordi. Bu bejiz aytilayotgani yo‘q. Xalqimizda nasl suyak suradi, yo bo‘lmasa, qonda bori, jonda bor,  degan hikmatli gaplar bejiz aytilmagan.

Tariximizga nazar tashlaydigan bo‘lsak,  xalifa Ma’mun zamonida tashkil etilgan Akademiyaga O‘rta Osiyodan ham olimlar to‘plangan. Bu ilm dargohida Movaraunnahr va Xurosondan kelgan Muso Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Marvaziy, Javhariy kabi olimlar Bag‘dod akademiyasini jahonga mashhur bo‘lishida katta hissa qo‘shganlar.

Keyinchalik Xorazmda ham  «Baytul hikma» (Donishmandlar uyi) tashkil qilingan. U Ma’mun akademiyasi deb ham atalgan. Bu maskanda ulug‘ mutafakkirlar Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Ibn al-Hammar, Abu Saxl Masixiy, Ibn Irok, Ahmad Farg‘oniy ijod qilishgan. Ular orasida Sharqning ko‘pgina mamlakatlaridan kelgan ulug‘ allomalar ham bo‘lgan.

Ikkinchi  “Oltin asr” deb  nom olgan yuksalish davri Sohibqiron Amir Temur zamoniga to‘g‘ri keladi. Ulkan saltanatda tinchlik-xotirjamlik o‘rnatilishi, tashqi xavflarning bartaraf etilishi, mamlakatda keng obodonchilik ishlari yo‘lga qo‘yilishi, ilm-fan va ma’naviyatga e’tibor davlat va xalq hayotida muhim burilishlarni boshlab bergan.

O‘sha davrning mashhur olimu ulamolari, usta quruvchilar, din peshvolari, tabiblar va boshqa professional mutaxassislar Samarqandga taklif etilgani,  Samarqandda dunyoning eng saraasarlaridan iborat yirik kutubxonalar bunyod etilgani bois buyuk tafakkur egalarining butun bir avlodi shu davrda shakllangan.  Sharafiddin  Ali Yazdiy kabi tarixchilar, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Qozizoda Rumiy singari olimlar, Jomiy,  Navoiy kabi ulug‘ shoirlar dunyo miqyosida shuhrat qozongan.

Afsuski, undan keyingi siyosiy parokandlik, toju taxt uchun kechgan bema’ni kurashlar tufayli buyuk davlat tanazzulga uchrab, o‘z bo‘yniga o‘zi istibdod sirtmog‘ini solgan.

Bugungi ozodlik, emin-erkinlik, tinchlik-osoyishtalik muhiti,  dunyo eshiklari keng ochilgani, yaqin va yiroqdagi, xususan qo‘shni davlatlar bilan yaqin aloqalar o‘rnatilgani, ilm-fan, adabiyot va san’atga bo‘layotgan jiddiy e’tibor, jumladan Prezident maktablari, ilm-fan, xususan adabiyot yo‘nalishida atoqli adiblar nomida ijodiy maktablar tashkil etilayotgani, iqtidorli yoshlarning bu dargohlarga jalb etilayotgani  Yangi O‘zbekistonning yangi qiyofasini yaratmoqda. Davlatimiz rahbari g‘oyasiga ko‘ra o‘quvchilar bu dargohlarda yangi ta’lim standartlari, bir so‘z bilan aytganda,  sara asarlar asosida ta’lim-tarbiya oladilar.

Prezidentimiz ijod ahli bilan suhbatda bir qator yangi g‘oyalarni o‘rtaga tashladilar.  Ijod maktablari haqida so‘z yurita turib, “Bu maktablar zamirida ilohiy  kuch bor”, deya  ta’kidladilar. Fikrlash, mulohaza yuritishga da’vat etuvchi bu ibora zamirida nima mujassam degan savol menda ham katta qiziqish uyg‘otdi.  Anglashimcha, bu ilohiy kuch Parvardigor o‘zi odam bolasini yaratmishda uning ruhiga singdirgan o‘zini  anglash, insoniylik, ma’rifatparvarlik, xalqparvarlik, vatanparvarlik, beshikdan qabrgacha ilmga intilish kabi fazilatlardir. Bu ilohiy kuchni qanday uyg‘otish mumkin?  Bu kuchni jamiyatga qaytgankitob, kitobga yuz tutgan jamiyat uyg‘otadi.  Iste’dodli yoshlarni o‘z bag‘riga olayotgan ilm va ijod maktablariuyg‘otadi.

Mazkur ijod maktablari qalam ahlining o‘zi uchun ham bir maktab – ularning atoqli adiblar nomida tashkil etilishi shu adiblar kabi badiiy yuksak asarlar yozishga da’vat, ya’ni, millat taqdiridan hikoya qiluvchi bunday sara asarni ham, uning muallifini ham xalq hech qachon unutmaydi.

Yana bir muhim  jihati, ijod maktablarining  el-yurt uchun jonini qurbon qilgan, butun ijodini xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga bag‘ishlagan siymolar nomida tashkil etilishi –  har bir fuqaro uchun vatanparvarlik, fidoyilik timsoli. Bu siymolarnin gasarlari kabi shaxsiyatlari ham ibratlidir. Bu o‘rinda Abdulla Qodiriyning qanday siymo ekanini anglatuvchi bir fikrini keltirish kifoya: “Men to‘g‘rilik orqasida bosh ketsa, “eh” deydirgan yigit emasman.”

Yo bo‘lmasa otashin shoiramiz Halima Xudoyberdievaning quyidagi satriga e’tibor bering: “Men Turonning qadim qo‘ng‘irog‘iman, Jarang bersam,  qiru dalang uyg‘onar.” Ularning ijodini shaxsiyatidan, shaxsiyatini ijodidan ajratib bo‘lmaydi. Dili, tili va ishi bir insonlar. Qadim Avestoda aytilganidek, o‘z ijodlari uchun “ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal”ni shior bilgan, muqaddas Qur’on o‘rgatganidek, imon-e’tiqodli insonlar.

Xalqning asl farzandi bo‘lmoq har ikki adibimiz uchun ham hayotining ma’no-mazmuni edi. Balki, shuning uchun ham ularnin ghar ikkisi   jurnalist, publitsist sifatida ham o‘zmaktablarini yaratib ketishdi. Abdulla Qodiriy misolida aytadigan bo‘lsak,  u “Oziq ishlari” gazetasining muharriri, “Mushtum” jurnalining tashkilotchisi va tahrir hay’ati a’zosi bo‘lgan. Qodiriyning publitsistik chiqishlari o‘zi yashagan davrning tarixiy hujjati, zamonasining muhim solnomasidir. “Fel’eton qiroli” degan e’tirofga sazovor bo‘lgan. Halima Xudoyberdieva esa “Saodat “ jurnalining bosh muharriri va faol muallifi sifatida xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va istiqboli, bu boradagi muammolar xususida dadil qalam tebratgan mualliflardan ekani hami jodmaktablari o‘quvchilariga ibrat namunasidir.

Tarixdan yarqirab ko‘rinar izi,

Xalqim yuksalmoqda qadam-baqadam.

Ibrat olay desa o‘g‘li yo qizi,

Bordir Abdullasi, Halimasi ham!

                                                                                               Sa’dulla HAKIM.

 Manba: «Hurriyat» gazetasi.