2019 yildagi faoliyat yakunlari va iqtiqboldagi rejalar muhokama etildi

2019-12-26T06:03:35+00:0026 December, 2019|Umumiy yangiliklar|

25 dekabr  kuni  Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi boshqaruvi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda uyushmaning boshqaruv a’zolari va  kengashlar raislari, hamkor tashkilotlar vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Yig‘ilishda uyushma tomonidan 2019 yilda amalsha oshirilgan ishlar hamda 2020 yil rejalari haqida  O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimovning axboroti tinglandi.

O‘tgan vaqt  davomida uyushma a’zolarining moddiy va ma’naviy manfaatlarini, ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilgan. Mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, gazeta-jurnallar, teleradiokanallar, nashriyotlar, axborot agentliklari va  internet nashrlarida ishlayotgan jurnalistlarning, shuningdek,  erkin  ijodkorlarning ijodiy hamda mualliflik huquqlarini, sha’ni va qadr-qimmatini, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga tegishli ijodiy-uslubiy yordam va ko‘mak berish, ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishga ko‘maklashish borasida muayyan ishlar olib borildi. Bir qator  tadbirlar, konferensiya va davra suhbatlari, seminar va treninglar,  mediaturlar,   mintaqaviy o‘quv tadbirlari o‘tkazildi.

—   2019 yil mamlakatimiz uchun  sermazmun va  voqealarga  boy bo‘ldi, —dedi S.Hakimov. —  Biz yil davomida shohid bo‘lgan ishlarni  “yangilanish” degan so‘z bilan yaqqol ifoda etish mumkin. Yangilanayotgan O‘zbekiston, yangilanayotgan jamiyat, yangilanayotgan dunyoqarash, yangilanayotgan  tafakkur. Yangi saylovlar.   Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, “islohot – bu yangilanish, o‘zgarish degani. Islohotlar ijobiy natija berishi uchun, avvalo, odamlarimiz o‘zgarishi kerak. Inson o‘zgarsa, jamiyat o‘zgaradi”.           Jurnalistlar ijodiy uyushmasi  yil davomida o‘z faoliyatini ana shunday zamon talablari asosida tashkil etishga harakat qildi.

Jumladan “Oltin qalam”,  “Yilning eng faol jurnalisti”, “Eng ulug‘, eng aziz” kabi tanlovlarini tashkil etish va g‘oliblarni munosib taqdirlash tadbirlarini yuыori saviyada o‘tkazishga jiddiy e’tibor qaratildi. Bu o‘rinda “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovining nufuzi nafaqat mamlakat ichida, balki   chet ellik jurnalistlar  o‘rtasida ham tobora  ortib borayotganini alohida ta’kidlash joiz.  Bu yil tanlov 14-nchi marta o‘tkazildi.Unda  520 dan ortiq mahalliy  va chet ellik  jurnalist  7000 ga yaqin  materiali bilan  ishtirok etdi. Ular orasidan   Bosh milliy  mukofot sohibi va 12 ta asosiy  mukofot egalari, shuningdek, to‘rtta  rag‘batlantiruvchi  sovrindorlar  aniqlandi. Bosh milliy mukofotga ikki  jamoa – Xalqaro press klub va “O‘zbekiston-24” telekanali sazovor bo‘ldi.  O‘z faoliyatini ana shunday zamon talablari asosida tashkil etishga harakat qildi. Bu borada,  birinchi navbatda,  Respublika ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi va  Respublika tovar-xom ashyo birjasining moliyaviy ko‘magi mustahkam zamin bo‘ldi.

Uyushma joriy yilda  xalqaro tashkilotlar—  YuNESKO,  Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik  tashkiloti, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo  mintaqaviy ekologiya markazining filiali (RETsSA),  YuSAIDning Sil kasalligiga qarshi kurash dasturi, DVV International (Germaniya),  “Regional dialog” (Sloveniya) kabi xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari,  AQSh, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi va Xitoy Xalq Respublikasining  elchixonalari, shuningdek, milliy  hamkorlar – O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi, Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi  Atom energetikasini rivojlantirish agentligi va «Rosatom» davlat korporatsiyasi ham o‘z  nominatsiyalari  bilan qatnashdilar. Nominatsiyalar g‘oliblarining  aksariyati  xorijiy mamlakatlarga ijodiy  safar  yo‘llanmasi   bilan  taqdirlanganlarini  alohida ta’kidlash  joiz. Bunday safarlar  ularning chet ellardagi  kasbdoshlari bilan  tanishuvlari va tajriba almashuvlariga,  zamonaviy bilim-ko‘nikmalari  oshishiga   xizmat qiladi.

Shuningdek, anjumanda joriy yilning 17 iyul kuni O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining  to‘rtinchi konferensiyasi bo‘lib o‘tgani qayd etildi. Konferensiyada yigirma yildan ortiq vaqtdan beri o‘z yechimini topmay kelayotgan  uyushma a’zoligiga qabulni  tiklash masalasi ijobiy hal etilgani, a’zolikka qabul  qilish  haqida nizom ishlab chiqildi va  tasdiqlangani, konferensiyada yana bir muhim hujjat – “O‘zbekiston jurnalistlarining kasb  etikasi kodeksi” qabul qilindi. Uning Jamoatchilik  kengashi tashkil etilgani ta’kidlandi.

Joriy yilda 34 nafar jurnalist yuksak davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, 5 nafar jurnalistga Respublika “Faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni berilgan.

Shu yildan e’tiboran jurnalistlarni mamlakatning turli hududlarida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan Media-tur loyihasi mutasaddi yuqori  tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini alohida ta’kidlash joiz. Shunday media-tur Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida tashkil etildi. Bir misol, shu yil 2019 yil 1 avgust   kuni Sirdaryo viloyatiga uyushtirilgan “Jurnalist va hayot” mavzuida bir kunlik media-turda respublika OAV dan 24 nafar jurnalist ishtirok etdi.    Respublika nashrlarida 19 ta, veb-saytlarda 3 ta tahliliy maqola, fotoreportajlar e’lon qilindi, 3 ta teleko‘rsatuv namoyish etildi.

Jurnalistlarni ijtimoiy muhofaza qilish, rag‘batlantirish, ularning mehnat, turmush va dam olish sharoitlarini yaxshilash maqsadida 3 nafar jurnalistga (A.Abdumannopov, Sh.Jabborov, X.Ibrohimov) yashab turgan uy-joy sharoitlarini yaxshilash uchun Toshkent shahar hokimligiga xat qiritildi. Hududlarda 14 nafar jurnalistga viloyatlar hokimliklari tomonidan imtiyozli kredit asosida yangi uy-joylar berildi. 12 nafariga yer uchastkalari ajratildi.

Keksa, ko‘makka muhtoj jurnalistlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilib, bayramlar arafasida ularning har biriga 400 ming so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari 43 nafar keksa faxriy jurnalistlarning yubiley tadbirlari uyushtirilgan.

Ilk bora yosh jurnalistlarning ijod namunalaridan iborat “Yosh yurakalar sadosi” to‘plami nashr etildi. Undan 44 nafar yosh jurnalistning OAVda chop etilgan eng sara  materiallari o‘rin oldi.  Kitob   matbuot ahli, ayniqsa yoshlar  tomonidan iliq kutib olindi.

2019 yilda  uyushmaning xalqaro  aloqalari  yangi bosqichga  ko‘tarildi. Uyushma raisi  mart oyi oxirlarida Koreya Jurnalistlar assotsiatsiyasi   taklifiga ko‘ra, Seulda o‘tkazilgan  xalqaro anjumanda qatnashdi. Anjuman doirasida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bilan Koreya Jurnalistlar assotsiatsiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik  kelishuvi imzolandi.

Huddi shunday kelishuv  joriy yilning  sentyabr oyida Xitoy tomoni  taklifiga ko‘ra uyushma raisining bu mamlakatga tashrifi doirasida Umumxitoy Jurnalistlar assotsiatsiyasi bilan ham  imzolandi .Bu har ikki mamlakat Jurnalistik  tashkilotlari bilan  do‘stona aloqalar yo‘lga qo‘yildi.

Xususan, joriy yilning  8-13 oktyabr kunlari Koreya Jurnalistlar assotsiatsiyasi prezidenti  boshchiligidagi   delegatsiya  mamlakatimizga tashrif buyurdi. Mehmonlar mamlakatimizning yetakchi OAV  faoliyati bilan tanishdilar, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining  mediamarkazida, “Xalq so‘zi”  gazetasi  tahririyatida uchrashuvlar  o‘tkazildi.

2020 yilda ham Uyushma va uning hududiy bo‘limlari faoliyatini yanada takomillashtirish rejalashtirilmmoqda. Yil  davomida OAV sohasini rivojlantirish, qonunchilik asoslarini mustahkamlash, ularning moddiy texnik bazasini  mustahkamlash bo‘yicha takliflar tayyorlash, ularni tegishli tashkilotlarga taqdim etish ishlari davom ettiriladi.

“Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovining nufuzi nafaqat mamlakat ichida, balki   chet ellik jurnalistlar  o‘rtasida nufuzini oshrish maqsadida “Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” beriladigan rag‘batlantiruvchi mukofot tanlovga nominatsiya sifatida kiritilmoqda.  Yangi yildan boshlab mazkur nominatsiya bo‘yicha ham uchta o‘rin g‘oliblari taqdirlanadi.

Yil davomida oltita viloyatga mediatur (markaziy ommaviy axborot vositalari vakillarining hududlarga  safarini) tashkil etish ko‘zda tutilyapti. Viloyatlarda to‘rtta mintaqaviy konferensiya o‘tkaziladi.

“O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi yo‘llanmasi bilan” rukni ostida materiallar tayyorlash uchun hududlarga xizmat safari bilan yuborish  ishlari davom ettiriladi.

Ta’kidlash joiz, 2020 yilda Uyushmamiz tomonidan mamlakat taraqqiyotini belgilaydigan tub islohotlar mazmun-mohiyatini ochib beradigan, zamonaviy qahramonlar obrazi aks ettirilgan badiiy publitsistik asar va to‘plamlarni nashr etish rejalashtirilmoqda. Xususan, “Yosh yuraklar sadosi” seriyasi ostida, “Islohotlar jurnalistlar nigohida” nomli to‘plamlar chop etish belgilangan. Shuningdek, “O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi yo‘llanmasi bilan” rukni ostida OAVda e’lon qilingan materiallarni to‘plam holida, “O‘zbek jurnalistikasi xrestomatiyasi”ni  nashr etish ko‘zda tutilmoqda.

Uyushma muassisligidagi “Hurriyat” gazetasining moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, Milliy matbuot markazi faoliyatini yanada takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari ko‘riladi.

Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya jurnalistlar uyushmalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolashga erishgan. 2020 yilda yurtimiz OAV larida faoliyat olib borayotgan besh nafar faol va iste’dodli jurnalistlarni Janubiy Koreyaga malaka oshirish, tajriba almashish uchun yuborish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Rossiya va xitoylik taniqli jurnalistlarni O‘zbekistonga ijodiy safarini uyushtirish ko‘zda tutilmoqda. Yirik  xalqaro  mediatuzilmalar va taniqli OAVlar  faoliyati bilan tanishuv, ular bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni  yo‘lga qo‘yish, Polsha, Mongoliya, Turkiya, shuningdek, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston  kabi Markaziy Osiyo davlatlari Jurnalistlar uyushmalari bilan hamkorlik memorandumlarini imzolash ham 2020 yilgi asosiy ish rejamizga kiritilmoqda. yosh jurnalistlarining yilda bir marta o‘tkaziladigan “Umid uchqunlari” seminari ilk tadbirini  tashkil etish, Markaziy Osiyo davlatlari media tuzilmalari “I-xalqaro forumini” o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.

Yig‘ilishda uyushma  faoliyatiga doir masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar bidirildi.

Jobir XO‘JAQULOV