«Hamma qo‘shnilar bilan biz do‘st bo‘lamiz»

2019-12-02T06:34:22+00:002 December, 2019|Hafta maqolasi|

Dunyoda kechayotgan siyosiy va iqtisodiy jarayonlarga ko‘z tashlasak, ziddiyat va urushlarning ko‘pchiligi qo‘shnilarning o‘zaro noahilligi tufayli kelib chiqqaniga amin bo‘lamiz. Ayniqsa, Osiyo va Afrikadagi, Yaqin Sharq va Fors ko‘rfazidagi birodarkushlik urushlari ortida ham «men sendan ustunman» degan ma’nodagi takabburlik yotadi. Tan olish kerak, yaqin paytlargacha Markaziy Osiyodagi mamlakatlar o‘rtasida ham ko‘rinmas «devor»lar bor edi.

2016 yil sentyabr oyidan e’tiboran O‘zbekiston tashqi siyosatida tub burilish yasaldi. Aslida o‘zgarish emas, qog‘ozlardagi o‘zaro do‘stlik haqidagi «afsona»lar hayotga ko‘chdi. Markaziy Osiyodagi yetakchi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston, birinchi navbatda, asosiy e’tiborni qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilash va mustahkamlashga qaratishini e’lon qildi. Oradan ko‘p vaqt o‘tgani yo‘q, mintaqa davlat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli bugun dunyo hamjamiyati Markaziy Osiyoda ro‘y berayotgan tarixiy jarayonlarga guvoh bo‘lmoqda. Chegaralar ochilishi, devorlar qulashi, sim to‘siqlar o‘rnini «do‘stlik darvozalari» egallashi shular jumlasidan. Bir so‘z bilan aytganda, ahil qo‘shnichilik, madaniy diplomatiya siyosati bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasining tashrif qog‘oziga aylanib bormoqda.

Do‘stlik hamisha farovonlikka eltgan

Mintaqadagi barcha mamlakatlarning ijtimoiy va iqtisodiy muammolari yechimi faqat do‘stlik, hamjihatlik va xalqaro muammolarga yagona pozitsiyada yondashuvga bog‘liq. Xalqimiz bejiz aytmagan: «Bo‘linganni bo‘ri yer». Prezident Shavkat Mirziyoyev ham e’tirof etgandi: «Hamma qo‘shnilar bilan biz do‘st bo‘lamiz. Boshqa niyatimiz ham yo‘q. Albatta, ko‘p-ko‘p muammolar bor, lekin odamzot shuning uchun, rahbariyat shuning uchun bor-ki, bu muammolarni aql bilan, iroda bilan, vazminlik bilan yechish kerak… Har bir davlatni o‘zini niyati, o‘zini xalqi, o‘zini istaklari bor. Shuning uchun biz do‘stlik nuqtai nazaridan, samimiylik nuqtai nazaridan, birodarlik nuqtai nazaridan qo‘shnilarimiz bilan faqat do‘st, do‘st va yana bir marta do‘st bo‘lamiz».

Biz insonlar qo‘shnini tanlay olmaymiz. Uni Yaratganning o‘zi ato etadi. Qo‘shnilar bilan do‘stona munosabatlar hamisha yurtni obod va farovonlikka eltgan. Shu ma’noda, keyingi paytlarda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida qardoshlik munosabatlarining mustahkamlanayotgani kishini quvontiradi. Qo‘shnilarimiz bilan emin-erkin bordi-keldi yo‘lga qo‘yilsa, taraqqiyot ham shunga yarasha bo‘ladi. O‘sha kunlar keldi.

Aytish kerakki, mamlakatimizning milliy manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Keyingi paytlarda chegaralar demarkatsiyasi, havo qatnovlarini yo‘lga qo‘yish, o‘zaro bordi-keldilarni amalga oshirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish masalalarida muzokaralarning yo‘lga qo‘yilgani va izchil davom etayotgani barchani birdek quvontirmoqda.

2019 yil 29 noyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi ham munosabatlarni yanada yaqinlashtirish ishiga xizmat qiladi. Sammit kun tartibidan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan. Ma’lumki, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini muntazam o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan edi.

Samarali hamkorlik tinchlik va barqarorlikni ta’minlaydi

O‘zbekiston Prezidentining tashabbuslari ortida, shubhasiz, eng avvalo, hamkorlik orqali tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash maqsadi yotganini unutmaslik kerak. Zero, jahonda ro‘y berayotgan global jarayonlar bizning mintaqadagi vaziyatga ham ta’sir o‘tkazmasdan qolmaydi. Markaziy Osiyo noyob geostrategik joyni egallagan holda, ming yillar davomida Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bog‘lab turuvchi o‘ziga xos ko‘prik bo‘lgan. Mintaqamiz ulkan energetik hamda mineral resurslar, madaniy-sivilizatsiyaviy va eng muhimi — inson salohiyatiga ega. Shu bilan bir qatorda, Markaziy Osiyoda yetakchi global davlatlarning o‘zaro raqobatli manfaatlari kesishadi.

Mintaqada xalqaro terrorizm, ekstremizm va narkobiznes tahdidi mavjud, u bevosita beqarorlikning yirik o‘chog‘i yaqinida joylashgan. O‘nlab yillar davomida zamonamizning eng murakkab muammolaridan biri — afg‘on mojarosi hal etilmay kelyapti. Shu munosabat bilan oldimizda dolzarb savollar turibdi: bizning mintaqa qay darajada barqaror va aniq kelajakka ega? Bizni qanday umumiy xavf-xatarlar kutmoqda?

Ushbu savollarga javoblar asosiy mintaqaviy muammolar hamda Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar tinchligi va gullab-yashnashi yo‘lida kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini aniq belgilab olish uchun o‘ta muhimdir. Oxirgi paytlarda Markaziy Osiyo rivojlanishning ijobiy sur’atlarini namoyon etyapti. Barcha sohada mintaqaviy o‘zaro aloqalar kuchaymoqda. Mintaqa ichidagi eng o‘tkir muammolar — xavfsizlik, davlat chegaralari va suvdan foydalanish tizimli asosda hal qilinyapti.

O‘tgan yili Qozog‘iston poytaxtida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi. Mintaqa davlatlari hukumatlari rahbarlari va tashqi siyosat idoralari boshliqlari uchrashuvlari muntazamlik xarakterini kasb etyapti. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Markaziy Osiyo bo‘yicha rezolyutsiyaning qabul qilinishi jahon hamjamiyati tomonidan bizning mintaqa mamlakatlari jipslashuvi, binobarin, ular birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan umumiy muammolarni yechish, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga qodir ekani tan olinayotganining yorqin tasdig‘idir.

Bizning tariximiz bir va kelajagimiz umumiy

O‘zbekistonning mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan hamkorligi strategik sheriklik xususiyatga ega bo‘lganini alohida qayd etish darkor. Savdo-iqtisodiy aloqalar ham sezilarli darajada faollashdi. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan tovar aylanmasi 2018 yilda 50 foiz ortdi. Hamkorlikning o‘sib borayotgan sur’atlaridan mintaqadagi barcha mamlakatlar real foyda olyapti. Mintaqaviy hamkorlikning kuchayishi, bu — ob’ektiv, barqaror va ortga qaytmas tendensiyadir. U mintaqadagi barcha davlatlarning qat’iy irodasi hamda chuqur tarixiy ildizlarga asoslanadi.

Bugun Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish hamda umumiy dolzarb bo‘lgan muammolar hal etilishini ilgari surgan holda, mintaqaviy hamkorlik ravnaqiga hissa qo‘shmoqda. Markaziy Osiyoda yaqinlashuv jarayoni kimningdir manfaatlariga qarshi qaratilmaganini ham yoddan chiqarmaslik kerak. Aksincha, mintaqaviy hamkorlikka investitsiya kiritish Markaziy Osiyo barqaror va gullab-yashnayotgan mintaqa, demak, ishonchli va aniq kelajakka ega xalqaro sherik sifatida qad rostlashiga ko‘mak berayotir.

Odamlar, kapital, tovar va xizmatlar harakatlanishi, shuningdek, keng madaniy-gumanitar almashuv uchun qulay sharoitlar yaratilgan, jipslashgan, ochiq, jadal rivojlanayotgan Markaziy Osiyo mintaqadagi barcha davlatlarning umumiy manfaatlariga javob beradi. Shu sababli Maslahat uchrashuvlarida mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha kelishilgan nuqtai nazarni ishlab chiqish mavzusiga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Xavfsizlik, savdo, transport, suvdan foydalanish, ta’lim va boshqalarga doir dolzarb masalalar bo‘yicha samarali ishlayotgan ko‘p tomonlama sheriklik mexanizmlari shular jumlasidan.

Markaziy Osiyo hamisha yagona va bo‘linmas mintaqa bo‘lib kelgan. Bizni umumiy tarix va din, tillar, urf-odatlar va ma’naviy qadriyatlarning o‘xshashligi birlashtirib turadi. Bizning tariximiz bir va kelajagimiz umumiy. Ko‘p ming yillik qardoshlik rishtalari va xalqlarimiz o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini bundan buyon ham har tomonlama mustahkamlash muhimdir. Imkoniyatlarimiz va intilishlarimizni birlashtirish hamkorlik hamda taraqqiyotni prinsipial jihatdan yangi darajaga olib chiqish imkonini beradi. Faqat birgalikdagina Markaziy Osiyoni mustahkam, barqaror va iqtisodiy jihatdan gullab-yashnayotgan mintaqaga aylantira olish mumkin.

Abduvali SAYBNAZAROV,

siyosiy sharhlovchi.

Manba: «Mahalla» gazetasi