PRESS-RELIZ

2019-11-29T07:13:26+00:0029 November, 2019|Press-relizlar|

29 noyabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Xalqaro sharhlovchilar kengashi, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamkorligida “OAVda xalqaro hayot sharhi  : muammo va yechimlar”  mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda mamlakatimizning yetakchi OAV vakillari, xalqaro sharhlovchilar, jurnalist kadrlar tayyorlovchi oliy o‘quv yurtlari  professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.

Unda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Dunyo” axborot agentligi direktori v.b Sadriddin Suyarov, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakulteti dekani Amrillo Karimov, Uyushma qoshidagi Xalqaro sharhlovchilar kengashi raisi Qobilbek Karimbekov va boshqalar  mavzu bo‘yicha so‘zga chiqdilar.

Tadbirda jahon axborot maydonida  mamlakatimiz imidjini  mustahkamlashda OAVning o‘rni va xalqaro tajriba, shuningdek xalqaro sharhlarni tayyorlashga qo‘yiladigan talablar,  ularning samaradorligi, ta’sirchanligini  oshirishning asosiy omillari borasida fikr almashildi. Bundan tashqari xalqaro aloqalar, axborot-siyosiy texnologiyalarni qo‘llash, shu bilan birga, internet tarmog‘ida jurnalistlar odob-axloq me’yorlariga amal qilish qoidalariga oid masalalar muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, dunyo hamjamiyatida O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub’ektidir. Uning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi. Mamlakatimiz OAV ham xalqaro sharhlarda ana shu omillarga amal qilishlari shart.

O‘zbekiston hamkorlikdan manfaatdor bo‘lgan barcha mamlakatlar bilan diplomatiya munosabatlarini yo‘lga qo‘ygan. Xususan, qator yirik davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. AQSh, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya shular jumlasidan. Mamlakatimiz tashqi siyosatining yana bir o‘ziga xos jihati har qanday davlat bilan avvalo ikki tomonlama asosdagi munosabatlarni rivojlantirishdan iborat.

Anjumanda mamlakatimizning barcha mamlakatlar bilan teng huquqli, do‘stona munosabatlarining bugungi holatini aks ettirgan materiallarga o‘quvchilar muhtoj ekanligi ham qayd etildi. Shuningdek, O‘zbekistonning tashqi siyosatda, xususan qo‘shni mamlakatlar bilan iqtisodiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy sohadagi  pozitsiyasini ochib beradigan sharhlarni ko‘paytirish va  ommaviy axborot vositalarida xalqaro  sharhlovchilarga katta ehtiyoj mavjud ekani  ta’kidlaandi. Qayd etilganidek, bu masala yechimida  xalqaro jurnalist kadrlar tayyorlovchi  O‘zbekiston Davlat Jahon tillari  universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti muhim o‘rin tutishi lozim. Tadbir  ushbu  dargohda o‘tkazilayotgani sababi ham  shundan iborat.

Yurtimizda ochiqlik, so‘z va matbuot erkinligi yanada rivojlantirishga katta e’tibor berilmoqda. .  Bu, o‘z navbatida, mamlakatimiz OAVning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashiga  xizmat qilyapti.  Xalqaro sharhlovchilar esa ana shu imidjni yanada takomillashtiradigan soha vakillari hisoblanadi. Anjumanda milliy OAVda xalqaro sharhlovchilar maktabini shaklantirishga doir takliflar o‘rtaga tashlandi.

Davra suhbati yakuni bo‘yicha, ishtirokchilarning fikr-mulohazalarridan kelib chiqib taklif va tavsiyalarni umumlashtirishga kelishib olindi.