Sulton suyagini xo‘rlamas yoki “tarix yo‘qolishi mumkin emas”

2019-11-28T11:50:09+00:0028 November, 2019|Namangan vil.|

Kuni kecha Namangan shahridagi 2-tibbiyot kollejida ishlaydigan gazetamiz ixlosmandlaridan biri, direktor o‘rinbosari Abdurasul aka Mamajonov telegram kanalimizga keng formatli lavhaning suratini yuboribdi : “Gazeta  bu – tarix. Tarix esa butunlay yo‘q bo‘lib ketishi mumkin emas.” Rosti, bu so‘zlardan, bu e’tibordan boshimiz ko‘kka yetdi. +ani endi shu hikmatni “obuna” deganda labiga uchuq toshadigan mutasaddilar, foyda bilan zararning farqiga yetmayotgan ayrim fuqarolar ham anglab yetsa…

Xalqimizda: “Bir kuni kelib qog‘oz (“hujjat” deyilmoqchi – muallif) gapiradi. Mingta og‘zaki gap-so‘zning ahamiyati yo‘q”, – degan ibratli o‘git bor. Shunga amal qilgan kishilar rasmiy, norasmiy hujjat bormi, kerakli xat-yozuvlarmi – hammasini avaylab-asrab, yig‘ib qo‘yadilar. Vaqti kelganda dalil-isbotlari tayyor turadi.

Shu haqda fikrlayotib, yaqin o‘tmishda bo‘lgan bir voqea yodga tushadi. Bundan chamasi yetti-sakkiz yil avval  mo‘ysafid kishi tahririyatga kirib keldi. Emishki, u yoshga doir nafaqaga chiqayotgan ekan. Ammo davrlar, tuzumlar o‘zgarib, u mehnat qilgan korxona allaqachonlar yopilib ketgan, arxivlar ham ehtiyotsizlik qilganmi yo sobiq korxona kadrlar bo‘limining aybi bilanmi, ishqilib, o‘sha tashkilot bilan bog‘liq bir necha yillik  mehnat ish stajiga kirmay qolgan.

Daf’atan, u odamning  80-yillarda “Namangan haqiqati”da o‘sha korxonada ish ustida tushgan surati chop etilgani yodiga tushib qoladi. Shu vajdan, o‘sha suratdan nusxa ko‘chirib olishni iltimos qilib kelibdi. Bu so‘ralayotgan idoraga hujjat sifatida o‘tib, ancha-muncha yordami tegar ekan.

Tahririyatning xolis xizmat xodimlari oz-moz ovora bo‘lib,  arxivdan  o‘sha yillar taxlamlarini qidirishga tushdilar. Va nihoyat topdilar. O‘sha insonning dastgoh oldida kulib turgan surati ostidagi  yaxshigina tagso‘z bir necha yillik mehnatini kuyib qolishdan saqladi. Bu – “Xatga tushding – o‘tga tushding” degan gapning ijobiy ijrosi bo‘lib chiqdi.

Hammamiz yaxshi bilamiz: bir qarich varaqadan tug‘ilib vujudga kelgan gazeta – katta g‘oyaviy kuch, qudratli qurol bo‘lgan, tuzumlarni yiqitib, inqiloblarni amalga oshirgan. Xalqlarni birlashtirib, ezgulik yo‘lida intilishga undagan. Adolat tarozusi, xolislik makoni, haqiqat elchisi bo‘lgan. Fuqarolarning savodini chiqarishga xizmat qilgan. Axir yaqindagina emasmidi, odamlar imlo xatosini gazeta matniga qarab to‘g‘irlar edi. O‘qituvchilar o‘quvchilariga ko‘pincha gazeta matnidan diktant yozdirardilar.

Endilikda  texnika favqulodda rivojlandi. Aql bovar qilmas mo‘’jizalar yaratilyaptiki, birini “hazm qilib” – o‘rganib ulgurmasingizdan yangisi paydo bo‘lyapti. Virtual olamdagi yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek ko‘paygan saytlar, kanallar, elektron gazetalarni sanab sanog‘iga yetolmaysiz. Yaxshilab razm solsangiz,  ularning hammasi bir biridan ko‘chirilgan xabarlar, ma’lumotlar. Talato‘p axborot dunyosida yolg‘on-yashiqlar, odamlarni vahimaga soluvchi shov-shuvlar, jirkanch manfaatni ko‘zlovchi lavhalar, imlo va mantiq qoidalaridan yiroq matnlar, shaxsning obro‘-e’tiborini tushiruvchi, aniqrog‘i, badnom qiluvchi “yangiliklar” urchib, bijg‘ib yotibdi.

…Yoz kunlari edi. Yakshanba kechga yaqin yomg‘ir yog‘ib o‘tdi. Ertasi dushanbada ishga keldim. Bo‘shaganda “Daryo” ijtimoiy tarmog‘iga kirdim. “Namangan suv ostida qoldi…” degan suratli xabarni o‘qidimu “Batafsilni keyinroq o‘qirman, shahar markazida kattaroq jala bo‘libdi shekilli”, deya o‘chirdim. Yarim soatlar chamasi o‘tib, yana “Daryo”ni ochsam, haligi xabarni olib tashlashibdi. Vaholanki, Namanganda unaqa vahimali yomg‘ir ham yog‘magan, suv ham toshmagan. Sarlavhani ko‘ring: “Namangan suv ostida qoldi”, – emish. “He, nafasingni yel olsin…” –degingiz keladimi?!

Bizning talabaligimizda  domlalar nimani yozish kerakligu nimani yozmaslik kerakligini ham puxta o‘rgatishgan. Jurnalistika maktabida tuzukroq o‘qimagan ayni zamondosh yosh hamkasblarimiz esa yozilmasa ko‘proq manfaat beradigan narsalar haqida chunonam ko‘pirtirib bong uryaptilarki, bu bilan shunaqa salbiy holatlar jamiyatda yanada ko‘payishiga hissa qo‘shyaptilar. Ijtimoiy tarmoqlar ana shunday “dumbul jurnalistlar” uchun mardi maydon bo‘lib qoldi.

Gazetaning tezkorligi ijtimoiy tarmoqlarchalik  emasligini inkor qilmaymiz. Ammo u – qo‘l bilan ushlanadigan, xatosini-yu yutug‘ini ko‘rsatib turadigan, muayyan voqelikni tarixga muhrlaydigan vosita va kelajakda kimlargadir tayyor material bo‘ladigan “masalliq”dir.

  • Men nomzodlik dissertatsiyasini yoqlayotganimda ana shu haqiqatga amin bo‘lganman, – deydi ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha Namangan Davlat universiteti prorektori Alisher Isoqboyev. – Ilmiy ishimni yozish jarayonida oylab kutubxonalarda o‘tirib, “Ishtirokiyun” gazetasining sarg‘aygan taxlamlarini varaqlab, o‘qib chiqishimga to‘g‘ri kelgan. Biz – tarixchi olimlar bosma nashrlarning jamiyat rivojidagi o‘rnini, mafkuraviy kuch o‘chog‘i ekanligini  yaxshi bilamiz va qadrlaymiz…

Avvalda aytganimizdek, gazetani tayyor holiga kelguncha ozmuncha mehnat, ozmuncha xarajat ketmaydi. Ana shular obuna hisobidan qoplanishi ko‘pchilikka ayon. Biroq g‘alati manzara: hamma gazetada maqola chiqarishni, gazetaga chiqishni xohlaydi. Chunki, buning o‘ziga, faoliyatiga chiroyli ta’siri borligini yaxshi biladi. Lekin hamma ham cho‘ntagidan pul to‘lab, gazetaga dangal yozilishni istayvermaydi. Obuna narxini ko‘rib, ko‘zlari kosasidan chiqayozadi. Bu xuddi hamma jannatga kirishni xohlaydi-yu hech kim o‘lishni xohlamaydi, degandek.

Endi oddiy arifmetikaga murojaat qilamiz. Masalan, bizning “Namangan haqiqati” bir yil mobaynida  xonadonga kirib borishi uchun 240 000 so‘m kifoya. Bu bilan butun oila a’zolari – ular to‘rt kishimi, o‘n besh kishimi –  dunyo, mamlakat, viloyat, shahar va tumanlardagi muhim yangiliklardan xabardor bo‘ladi. Yana eng asosiysi, odamning qonini qaynatmaydigan, asabini buzmaydigan, ta’limiy-tarbiyaviy ahamiyatga ega, filtrlangan materiallar bilan ta’minlanadi. Gazetaning ma’naviy-ma’rifiy missiyasi to‘xtagach ham u aslo chiqitga chiqmaydi: bekajonlarimiz tokchaga, bo‘lmasa savatga soladilar, oxirgi nuqtada esa o‘tqichga aylantirib, qozon qaynatadilar.

O‘zlaricha gazetani siqib chiqarmoqchi bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlardagi maqolalar-chi? Ularga bir marta ko‘z yugurtirganingizdan so‘ng nigohdan ham, xotiradan ham o‘chadi. Go‘yoki havodagi gap havoga uchib ketganday. Vaholanki, bir oilada yo‘q deganda to‘rt kishi kamida 50 000 dan oylik to‘lov qilganda oyiga 200 000, yiliga oz emas 2 400 000 (!) so‘m mablag‘ yelga sovuriladi. Bundan tashqari, kichik ekranga “mixlangan” dan so‘nggi ko‘z og‘riqlari, o‘zimiz sezmagan holda o‘z vujudimizni radiatsiya to‘lqinlari bilan “siylayotganimiz-chi?!” Bilmadik, uyali telefonlarga bu ketishda ruju qo‘yaversak, insoniyat salomatligi masalan, o‘n, yigirma yildan so‘ng yana qanaqa muammolarga giriftor bo‘lar ekan?..

Prezidentimiz tomonidan kitobga e’tibor, kitobxonlikka rag‘bat – ma’naviyat olamidagi  buyuk bir jasorat bo‘ldi. Unutilayozgan kitobga muhabbat tiriltirildi. Ammo har qanday kitobning onasi GAZETA ekanligini ham yoddan chiqarish aqlga to‘g‘ri kelmaydi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: qaysi bir olimning ilmiy maqolasi yoki shoiru adibning she’ru hikoyasi birdaniga kitob bo‘lib chop etiladi? U avval gazeta-jurnallarda bosiladi, o‘nlab tahrirlar, nigohlar nazaridan o‘tadi. Keyin yig‘ilib-yig‘ilib KITOB holiga keladi va kitobxon qo‘liga yetib boradi.

Biz yashab turgan jamiyat ulkan bir tana bo‘lsa, ommaviy axborot vositalarining oqsoqoli – matbuot, gazeta shu tananing bosh miyani ozuqa bilan ta’minlovchi qon tomiri yoki tutib turuvchi mustahkam tirgaklaridan biri. Egasiz buyum bo‘lmaganidek, buni qarangki, har qanday bosma nashrning qoq peshonasiga uning egasi, homiysi, muassisi qayd etib qo‘yilgan. Muassislar esa jamiyatning rahnamosi, yetakchi kuchi. U hokimlik darajasidami yo kichik tashkilot miqyosidami – o‘sha nashr hayoti, taqdiri uchun qayg‘uruvchi valine’matlardir.

“Sulton suyagini xo‘rlamas” deydilar. “Sulton” o‘zining har bir so‘zini, siyosatini har bir tashkilot, muassasa va korxonaga, qolaversa, har bir xonadonga, fuqaroga bexato yetib borishi uchun jon tomirlaridan  bo‘lmish matbuotiga g‘amxo‘rlik qilsa,  ko‘ngil odamlari sanalmish qora qalamga suyangan beminnat dastyorlari -ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlasa  – faqat va faqat olg‘a intilishini, g‘alabasini ta’minlagan bo‘ladi. Ana shunda mamlakat, viloyat solnomasini yaratayotgan qalamkashlar ham e’tibordan ruhlanib, tarix zarvaraqlarini yanada ilhom, jo‘shqinlik, shijoat bilan bitishda charchamaydilar.

Risliqxon MAJNUNOVA,

O‘zbekiston Respublikasida

xizmat ko‘rsatgan jurnalist.