Jamoat transportida qanday yangiliklar bo‘ladi?

2019-11-27T13:34:02+00:0027 November, 2019|Sirdaryo vil.|

Sirdaryo viloyati transport boshqarmasida Prezidentimizning tizim rivojiga oid qabul qilingan farmon va qarorlari ijrosiga bag‘ishlab jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i Oybek Erbekov Prezidentimizning joriy yil 1 fevraldagi “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, keyingi 3 yilda tizimni rivojlantirish borasida qabul qilingan qarorlar ijrosi, sohadagi yangiliklar, mavjud muammolar va ularning yechimiga oid batafsil ma’lumot berdi.

– Viloyat bo‘yicha joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida transport sohasini rivojlantirish maqsadida jami 67 milliard 737 million so‘mlik investitsiya mablag‘lari yo‘naltirildi, – deydi boshqarma boshlig‘i O.Elbekov. – Viloyat avtotransport parkini yangilash va qayta tiklash uchun 60 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Yo‘lovchilarga avtotransport xizmatlari ko‘rsatish maqsadida xarid qilingan 24 ta avtobusdan 13 tasi yangi. Bundan tashqari, 8 ta yangi zamonaviy rusumdagi mikroavtobuslar, 57 ta yengil rusumdagi yangi avtomobillar sotib olindi. Bu transport vositalari bugun shahar, shahar atrofi va shaharlararo yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, matbuot anjumanida kelgusi 2020 yilning yanvar oyidan boshlab Toshkent shahrida, yilning birinchi choragidan boshlab esa butun O‘zbekiston bo‘yicha yagona transport kartalaridan foydalanish imkonini beruvchi maxsus transport kartalari joriy etilishi ma’lum qilindi. Mutaxassislar bu tizimning afzalliklari xususida to‘xtaldilar.