Maqsad –  Prokuratura organlari faoliyatining ochiqligi

2019-11-26T11:36:41+00:0026 November, 2019|Navoiy vil.|

Navoiyda ilk bor viloyat prokuraturasi mutasaddilari jurnalistlar oldida yuzma-yuz bayonot berdi.

Navoiy shahridagi “Coworking” markazida o‘tkazilgan matbuot anjumani  O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.

Viloyat va respublika ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashgan tadbirda viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari Rahim Mahamov viloyat prokuratura  organlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berdi.

Yuzaga kelayotgan jinoyatchilik holatlari tahlil etilar ekan, ba’zi noxush holatlarning ko‘payib borayotgani, buning sabablari borasida alohida to‘xtalib o‘tildi.

Anjumanda, viloyatida sodir bo‘lgan, internet hamda ijtimoiy tarmoqlar va ayrim ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan, shov-shuvga aylangan ba’zi hodisalar xususida so‘z bordi. Shuningdek, mazkur voqealarni ommaviy axborot vositalarida yoritishda jurnalistlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan ayrim qonunbuzilishlar ham tilga olindi.

– Bugun ochiqlik va shaffolik zamonida yashayapmiz, – dedi R. Mahamov. – —Bu jarayonda jurnalistlarimizning sa’y-harakati alohida ajralib turibdi. O‘z o‘rnida mazkur islohotlar har birimizning zimmamizga ikki karra mas’uliyat yuklashini unutmasligimiz lozim. Shuningdek, ba’zi jinoyatlarning aynan OAVda e’lon qilingan materiallar ortidan fosh etilayotganligini ham aytib o‘tish joiz. Bu jurnalistlarimiz prokuratura organlariga jinoyatchilik holatlarini aniqlashda yaqindan ko‘mak berayotganidan dalolat.

Anjuman yakunida joylarda viloyat prokuratura organlari rahbarlari ishtirokida har uch oyda bir marotaba brifinglar tashkil etishga kelishib olindi.

Ozodbek MUSTAFOYEV.