Ma’rifiy davra bizga nima beradi?

2019-11-26T09:53:02+00:0026 November, 2019|Umumiy yangiliklar|

Yaqinda teatr, konsert va kinoga kirgan, asar muhokamasi yoki ijodkorga bag‘ishlangan kechalarda qatnashganlar bilan suhbatlashsangiz, ular bu savolga aniq va ijobiy javob berishadi.

Bu fikr xayolimga Bulung‘urga – jurnalist do‘stim Xolboy Qosimovning 65 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda keldi.

Chiroyli milliy chorlov musiqasi mehmonlarni  kutib oldi. Tuman hokimi B.Bahromov birinchi bo‘lib so‘zga chiqdi.

—O‘zbekiston Qahramoni Hasan Normurodovning 80 yilligi tadbiri bizga saboq bo‘ldi, — dedi u. — Bunday anjumanlar kishini insonni qadrlashga, davrada o‘tirishga, minbarda gapirishga o‘rgatadi. Misol uchun, mana shu majlislar zalida ham faqat rasmiy yig‘ilish va tahlillarni o‘tkazamiz. Ochig‘i, hali istirohat bog‘i, durustroq konsert zalimiz yo‘q. Shu sababli bu ijodiy anjumanni shu yerda uyushtirdik. Hozir mehmonlar va zalda o‘tirganlarning turishiga, kayfiyatiga havasim kelib turibdi. Xolboy Qosimovga kelsak, 21 yildan beri tuman ma’naviyat markazini boshqaradi. Bir qancha kitob chiqardi, ocherk va feletonlar yozib turadi. Muhimi, tumanda ijtimoiy muhitni yaxshilashga bizga tavsiyalar beradi.

Bunday odamlar faoliyatini e’zozlash boshqalarni ham shunday ishlashga da’vat etadi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, adabiyotshunos Saydi Umirov o‘z sobiq talabasining bugungi obro‘si va ijodiy jo‘shqinligi, shoir Nodir Jonuzoq esa tumandoshining ibratli hayoti, jurnalistlar Shuhrat Ro‘ziyev, G‘ulom O‘rolov hamkasbining ijodiy jo‘shqinligi xususida so‘z yuritdi. Tuman badiiy havaskorlarining jonli ijrolari davraga fayz bag‘ishladi.

Davradan yaxshi kayfiyat bilan chiqar ekanman, xayolimga ko‘p savollar keldi:

Bizga bunday ma’rifiy davralarni uyushtirishga nima, kim xalaqit beradi? Har bir tumanning, har bir qishloqning Xolboy Qosimovga o‘xshagan ziyolisi yo‘qmi? Yaxshi o‘qituvchilar, shifokorlar kechasini o‘tkazish mumkin emasmi? Bunday tadbirlarni aynan hokimliklar yoki musiqa maktablari zallarida jadval asosida, muntazam o‘tkazishni kim zimmasiga oladi? Ilg‘or ziyolilarga, faol fuqarolarga bepul obuna chiptasi, kitoblar hadya qilishni-chi?

 Farmon TOSHEV.