Yaponiyalik jurnalistlar Surxondaryo viloyatida

2019-11-26T05:11:46+00:0026 November, 2019|Umumiy yangiliklar|

Mamlakatimizda yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlarni, sayyohlik salohiyatni keng targ‘ib qilish uchun yurtimizga kelgan Yaponiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari Surxondaryo viloyatida bo‘ldi. Jurnalistlar ikki kun davomida qadimiy vohaning tarixiy-arxeologik, madaniy yodgorliklari va boshqa diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi.

Joriy yilning 19 noyabridan buyon Toshkent shahri, Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida mehmon bo‘lgan kunchiqar davlat jurnalistlari ishlab chiqarish korxonalari, milliy hunarmandchilik an’analari, tarixiy memoriy obidalarni, uzoq o‘tmishdan hikoya qiladigan muzeylarni borib ko‘rdi. Qadimiy go‘shalar bo‘ylab sayr qildi.

Yaponiyalik jurnalistlar Surxondaryo viloyatidagi ijodiy safarini Termiz tumanidagi Sulton Saodat memoriy majmuasi va Qirqqiz tarixiy obidasi bilan tanishishdan boshladi. Jarqo‘rg‘on tumanidagi osmono‘par minora va mintaqamizda yagona Termiz arxeologiya muzeyi ijodiy guruhda boy taassurot uyg‘otdi.

Sayohatning ikkinchi kuni Termiz tumanidagi Fayoztepa va Qoratepa buddaviylik markazlari Yaponiya OAV vakillaridan iborat delegatsiya a’zolarini maftun etdi.

Fayoztepa eramizning I-VII asrlarida buddaviylik monastri vazifasini o‘tagan. Bu joydan topilgan yozuv namunalariga ko‘ra, diniy markaz “Haya-Vihara” ya’ni “ Otlilar manastri“, deb atalgan. Arxeologik yodgorlikdan oqtosh va ganchdan ishlangan budda va bothisatva haykallari, devoriy suratlar, qadimgi yozuvlar, Kushon podsholari nomidan zarb etilgan tanga, hunarmandlik buyumlari va boshqa asori-atiqalar topilgan.

Qoratepaga eramizning I asr o‘rtasida asos solingan. Majmua bundan 91 yil ilgari aniqlangan. 58 yildan buyon bu yerdagi yer usti va g‘orsimon inshootlarda ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. O‘zbek-yapon ekspeditsiyasi tarkibida yaponiyalik mashhur arxeolog olim Kato Kyudzo noyob topilmalarni izlab, topgan. Majmuadan topilgan qadimgi yozuvlarda bu yer “Khadeuka Vixara” ya’ni, “Hukmdor monastiri“, deb yuritilgan.

O‘tmishdagi ajdodlarning hayot tarzi, hunarmandchilik rivoji va buddaviylik ta’limotidan so‘ylaydigan har ikkala majmua haqida mehmonlarga atroflicha malumot berildi.

– O‘zbekistonda birinchi marta bo‘lishim, – deydi Yaponiyadagi “Mainchi shinbun” gazetasi xodimi Maetani Xiroshi. – Go‘zal va maftunkor, turli davrlarga oid tarixiy obidalarga boy yurt ekan. Bizga xalqingizning mehmondo‘stligi,ko‘ngli ochiqligi ham juda yoqdi. Termiz shahrida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, tinch-osuda turmush va tarixi juda uzoq o‘tmishga borib taqaladigan obidalari bilan yaqindan tanishdik. O‘zbekiston bilan Afg‘onistonni ajratib turadigan Amudaryoni ko‘rdik. Albatta, bu yerdan olgan taassurotlarimizni gazetamiz sahifalarida keng yoritib, vatandoshlarimizni maftunkor bu yurt bilan yanada yaqinroq tanishtiramiz.

Bu yerda kun chiqar mamlakat delegatsiyasi o‘tmishdan saqlanib qolgan arxeologik noyob yodgorliklarni o‘zgacha qiziqish bilan uzoq tomosha qildi. Inshoot devorlari, g‘orsimon xonalar, budda stupalari, o‘sha davrdan devorlarda saqlanib qolgan qadimiy ranglar va boshqa yodgorliklarni tasvirga olib, suratga tushirdi. Ilk taassurotlarini biz o‘rtoqlashdi.

– Safarimiz juda sermazmun bo‘ldi, – deydi “Globe Trotter Travel Guidebook” turistik yo‘llarni ko‘rsatuvchi kitobcha muharriri Xidefumi Kavada. – Biz turistik gidlarga mo‘ljallangan kitobcha nashr etamiz. O‘zbekistonda sayyohlar uchun qulay muhit va juda-juda qiziqarli joylar, tarixiy-arxelogik, madaniy yodgorliklar haqidagi ma’lumot hamda suratlarni shu kitobchada chop etib, yurtdoshlarimiz e’tiboriga havola qilamiz. Bu yerlarda o‘tmishdan meros qolgan inshootlarni o‘z holicha saqlashga alohida e’tibor qaratish zarur. Chunki yaponlarda rekonstruksiya qilingan yodgorliklarga emas, balki tabiiy holda saqlangan qadimiy inshootlarga juda katta qiziqish bor.

Shu kuni ijodiy guruh Muzrabot tumanidagi Oks Aleksandriyasi (Kampirtepa) yodgorligi, Termiz shahridagi buyuk alloma Hakim Termiziy va Sherobod tumanidagi ulug‘ muhaddis Iso Termiziy majmualarini ham o‘zgacha zavqu-shavq bilan tomosha qildi.

 Manba: O‘zA