«Matbuotning vazifasi faqat «shov-shuv» ko‘tarish emas…»

2019-10-31T07:48:07+00:0031 October, 2019|Umumiy yangiliklar|

Bugun matbuot haqida turli mulohazalar, munozaralar, aksil fikrlar avj olayotgan bir zamonda tuman gazetasi degan ibora har kimda turlicha fikr uyg‘otishi tabiiy. Bugun markazda chop etilayotgan gazetalar safiga tuman gazetalarini qo‘yib taqqoslash biroz mushkul. Biroq masalaga mohiyatan yondashsak, bu gazetalarning cho‘g‘i baland, chunki etishib chiqayotgan ijodkor va jurnalistlarning, ziyolilarning ko‘pchiligiga tuman gazetalari ustozlik qiladi, o‘z zaminining birorta iste’dodiga befarq bo‘lmaydi.

Xorazm viloyatining Xiva tumanida chop etilayotgan “Xiva tongi” gazetasi bosh muharriri Sherjon Masharipov bilan bo‘lgan suhbatimiz ham tuman gazetalarining matbuotdagi o‘rni, ular aytayotgan So‘zning qadru qiymati haqida bo‘ldi.

— Sherjon aka, nazarimda bugun xalqning dardi ko‘payib ketayotganday… Ba’zida gir atrofing aylana muammolar oqimiga tushib qolganday his qilasan o‘zingni Siz nima deb o‘ylaysiz, odamlar muammolarga tez echim topish ishtiyoqiga tushib qolishganmi yoki ota-bobolarimiz dasturilamal qilib olgan “sabr” degan fazilatdan mosuvo tushishganmi, yoxudi ustoz Matnazar Abdulhakim aytganiday jurnalistlarning o‘zlari muammoli joylarga “Tez yordam” mashinasi monand chinqirib etib borishayaptimi?

— Bu dunyoda eng uyg‘oq kasb egasi jurnalist, deb aytgan bo‘lardim. Uning vujudi uxlashi mumkin, biroq qalbi hech qachon uxlamaydi. Siz aytmoqchi, Matnazar akaning fikrlarining davomida Gyotening “Dunyo darz ketsa uning chizig‘i shoirning yuragidan o‘tadi”, degan fikrlari bejizga keltirilmagan. Bu chiziq faqat shoirning emas, So‘zni bayroqday ko‘tarib chiqqan har bir odamning yuragidan o‘tadi.

Hech bir zamon muammolardan xoli bo‘lmagan. Faqat, gazetalar, jurnalistlar bu borada, ya’ni muammolarni o‘rganish, unga chora topish borasida doimo ilg‘or, peshqadamdir.

Gazetamizda “Sizni tahriryat eshitadi” degan ruknimiz bor. Shu ruknda biz xat orqali kelgan, o‘zi tashrif buyurgan yoki qo‘ng‘iroq orqali qilingan murojaatlarga javob beramiz. Gazetamizda rang-barang materiallarning berilayotgani hayot bilan hamqadam bo‘lishimizda deb bilaman.

— Bugun ijtimoiy tarmoqlarning bosma ommaviy axborot vositalaridan o‘zib ketgani bor gap. Ijtimoiy tarmoqlardagi tezkorlik, keskinlik, xolislik bosma nashrlarda etishmayapti deb o‘ylaysizmi?

— Ijtimoiy tarmoqlar, deylik, oddiy kun.uz, xabar.uz va hakozo saytlarini oladigan bo‘lsak, bir kunda kamida 3-4 ta shov-shuv bo‘ladigan materiallarni beradi. Biroq matbuotning vazifasi faqat shov-shuv ko‘tarish emas, vaziyatni o‘rganib, uni tahlil qilish, muammoga echim topish va vaziyatni to‘g‘ri va xolis baholashdan iborat.

— Lekin bir gapni aytmoqchi edim, bunday fursatda bosma ommaviy axborot vositalari ham qo‘lini cho‘ntakka tiqib, ijtimoiy tarmoqlar tarqatgan axborotlarga mahliyo bo‘lib o‘tiravermasa kerak…

— Bugun axborot dunyoni boshqaryapti. Kecha ham shunday edi va bu ertaga ham davom etadi. 1996 yilda Xivaga Frantsiya prezidenti Fransua Mitteran kelgan edi. Buyuk martabali mehmon Xiva go‘zalligidan qattiq hayratlangan edi. Bularning har biri gazetalarimiz sahifalarida tarixiy dalil sifatida saqlanib turibdi. Aytmoqchimanki, gazeta u axborot tarqatuvchi vosita sifatida faqat bugungi xizmat qilishi mumkin. Biroq u tarix, arxiv, solnoma sifatida har qanday asrga xizmat qiladi. Mana ko‘ryapsizmi, bosma axborot vositasining xizmatini. Hech shubhasiz ayta olamanki, agar buyuk yozuvchimiz Abdulla Qodiriy yoki Abdurauf Fitratning publitsistikasi agar o‘sha zamonda allaqaysi saytlarda chop etilganda edi, ehtimol bugun bosma holatda biz uni ko‘zimizga surib o‘qiy olmagan bo‘lar edik. Aynan bosma ommaviy axborot vositasi bo‘lgani uchungina biz ulardan har qanday zamonda bahramand bo‘layapmiz.

— Jadidlarimiz chiqargan gazetalarni o‘qisam, ularning publitsistikasi juda pishiq bo‘lganligini, har bir davr uchun muhim bo‘lgan masalalar ko‘tarilganligini ko‘raman. Sizningcha, bugungi jurnalist — kim? Bugungi kun jurnalistikasidagi salohiyat va jur’atni millat oydinlari bo‘lgan jadidlarimiz jurnalistikasi bilan solishtirib bo‘ladimi? Ya’ni, bugungi kun jurnalisti uchun jur’at va jasorat etikasi qaydarajada muhim deb o‘ylaysiz?

— Albatta, jurnalistlarimiz jur’atli bo‘lishi shart. Ammo juratli bo‘lish bu og‘zingga kelgan gapni aytish degani emas, jasoratli bo‘lish bu voqelikni oyog‘ini osmondan qilib ko‘rsatish ham emas. Siz juda to‘g‘ri aytdingiz, har qanday jur’atning, har qanday jasoratning etikasi bo‘lishi kerak. Abdurauf Fitratning “Tilimiz” maqolasini o‘qib ko‘ring. U har qanday davrda eskirmaydigan, o‘z latofatini yo‘qotmaydigan maqola. Ularda tahlil bor, muammolarga keng miqyosda yondashish bor, keskinlik bor, mulohaza va taklif bor. Lekin har bir masalaga yuksak sharqona madaniyat va etika bilan yondoshilgani seziladi. Mening nazarimda vujudi emas, qalbi ziyoli odamning mulohazasi ana shunday bo‘ladi. Fitratning o‘sha maqolasi yozilgandan buyon juda ko‘p suvlar oqib o‘tdi. Biroq tilimizning naqadar boy va shuning barobarida naqadar “baxtsiz” ekanligini Fitratchalik hech kim ochib berolgani yo‘q.

Ahmadjon Meliboev maqolalaridagi teranlikni, Karim Bahrievdagi shiddatu shijoatni, Farruh Jabbordagi uchqur mahoratni har bir asr jurnalistikasi bilan taqqoslasa bo‘ladi, nazarimda. Ziyo ko‘rgan odamlar o‘z millatining ziyolilarini, millat oydinlarini qadrlay oladi.O‘zi yashayotgan zamondan, o‘z faoliyatidan qoniqmaslik hissi yaxshi, albatta. Biroq biz bu uchun Vaqtga, kelgusi asrlarga ters qarashga mahkum emasmiz.

— Xiva sayyohlar shahri. Gazetani tayyorlashda bu jihatga ham e’tibor qaratasizlarmi?

— Xiva turizm shahri bo‘lgani uchun yiliga bir milliondan ortiq ichki va tashqi sayyohlar kelishadi. O‘tgan yilning o‘zida 1 million 300 nafar turist kelib ketgan. “Xiva sayyohlar nigohida” degan rubrikamiz bor. Shunda sayyohlarning Xiva haqidagi taassurotlarini berib boramiz.

Yana bir hayratlanarli narsani aytib o‘tmoqchiman. 1994 yilda Xьyu Bernede degan fuqaro Londondan Xivamizga etti yarim ming kilometr yo‘l bosib mototsiklda kelgandi.

Men undan shuncha yo‘l bosib mototsiklda kelmasdan samolyotda kelsangiz bo‘lardi-ku, desam, “yo‘q, men tabiiylikni yaxshi ko‘raman, yo‘l-yo‘lakay qancha mamlakatlarni ko‘rib keldim. Maqsadim shuki, bobom bundan 120 yil avval Xivada bo‘lgan, borib kitob yozgan. Men o‘sha kitobning davomini yozmoqchiman”, degandi.

— Oldinlari oliy o‘quv yurtlarini bitirganlar o‘zi yashayotgan viloyatga borib o‘z faoliyatini boshlagan. Bugungi kunda esa hamma iloji boricha markazda qolishga talpinmoqda. Bu borishda bora-bora mahalliy ishxonalarda etuk kadrlarga talab kuchayishi bor gap. Bu holni siz qanday baholaysiz?

— Agar respublikamizda 1500 ga yaqin ommaviy axborot vositalari bo‘ladigan bo‘lsa, bular orasida “Xiva tongi”ning o‘z o‘rni, o‘z ovozi bor. Ba’zida hayron qolaman, bizdan o‘tgan asrning 40-50 yillaridagi gazetalarni so‘rab kelishadi. Kitobxonlikka yo‘l gazetadan boshlanadi-da.

Endi kadr masalasi faqat “Xiva tongi”ning emas, butun o‘zbek matbuotining muammosi. Viloyat va tuman gazetalarida faqat fidoyi odamlargina qoldi. Chunki tuman gazetalarining adadi yoki sifatini poytaxt gazetalari solishtirib bo‘lmaydi.

Aynan shu kadr masalasi bo‘yicha “Hurriyat” gazetasida Sherzod Qudratxo‘jaevning maqolasi chop etildi. Undan keyingi sonda “O‘zligini izlayotgan o‘zbek matbuoti” degan maqola chop etildi. Bunda aynan tuman gazetalariga ko‘proq urg‘u berilgan.

— Ayni paytda gazeta obunasini ko‘paytirish yuzasidan qanday amaliy ishlar olib borilyapti?

— Yaqinda men “Qiziltepa tongi” gazetasi bosh muharririning maqolasini o‘qib qoldim. Unda o‘rganadigan, tajriba qiladigan narsalar juda ko‘p ekan. Pochta aloqasi bilan ham, Matbuot tarqatuvchi bilan ham ishlamas ekan. Gazetani o‘zi chiqarar va o‘zi tarqatarkan. Juda havasim keldi. Bu gazetaning adadi hozir ham 10 000 dan kam emas ekan. Kelgusida biz ham shu tajribasini amalda qo‘llashimiz kerakligini his qilayapman. Bu bozor iqtisodi sharoitida “Olma pish, og‘zimga tush” deb o‘tirib bo‘lmaydi. Bir paytlar bizning gazetamiz ham o‘n mingta adadda chop etilgan. Hozirgi paytda esa yil boshida 3000 taga eta olyapmiz, xolos.

Go‘zal BEGIM.

Manba: «Hurriyat»