Negativ axborotning yoshlar ma’naviyatiga ta’siri muhokama etildi

2019-10-30T13:16:23+00:0030 October, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekison Jurnalistlari ijodiy uyushmasi  mamalakatimiz ommaviy axborot vositalarida faoliyat ko‘rsatayotgan yosh jurnalistlarning kasb mahoratini oshirish, ularning tafakkurini boyitish va dunyoqarashini kengaytirish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

Xususan Uyushma qoshidagi Yosh jurnalistlar kengashi tomonidan tashkil etilayotgan o‘quv-seminarlari, ijodiy uchrashuvlar yosh jurnalistlarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

«Ma’rifat» va «Uchitel Uzbekistana» tahririyati anjumanlar zalida o‘tkazilgan kengashning navbatdagi davra suhbati ham bugungi kunda muhim sanalgan mavzularni qamrab olgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.  “Ijtimoiy tarmoqlardagi negativ axborotning yoshlar ma’naviyatiga ta’siri” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan noxolis axborotlardan o‘quvchilarni, xususan yoshlarni asrash borasida ommaviy axborot vositalari vakillari oldida turgan muhim vazifalar xususida  so‘z yuritildi.

Unda ustoz jurnalistlar, markaziy bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib borayotgan yosh jurnalistlar, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari ishtirok etishdi.

Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o‘rinbosari Xolmurod Salimov, Uyushma qoshidagi Yosh jurnalistlar kengashi raisi, «Yoshlar ovozi» va «Molodyoj Uzbekistana» gazetasi bosh muharriri Faxriddin Karimov  va boshqalar so‘zga chiqib, yoshlar ma’naviyati, dunyoqarashi va milliy qadriyatlarimizga tahdidlar bevosita internet ommaviy axborot vositalari orqali bo‘layotgani, bu esa ayrim yoshlar ongu tafakkuriga salbiy ta’sir etayotganini ta’kidladilar.

Davra suhbatida Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti, yuridik fanlar doktori Eshmuhammad Qodirov «Ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumot tarqatish mas’uliyati va huquqiy javobgarlik masalasi» hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi doktoranti Mirjalol Qosimov «So‘z erkinligi: global axborot maydonida buzg‘unchi g‘oyalardan himoyalanish muammolari» mavzuidagi ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Ochiq va tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilish yakunida taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.