Toyloq: bunyodkorlik manzili

2019-10-30T09:56:23+00:0030 October, 2019|Samarqand vil.|

Samarqnd viloyat hokimligi axborot xizmati, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamda viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida tuzilgan media-rejaga muvofiq tashkil etilgan press-turning navbatdagisi Toyloq tumanida bo‘ldi.

Press-tur tumanning “Qo‘shchinor” gazetasi tahririyatining barcha qulayliklarga ega, yaqindagina ta’mirdan chiqarilgan zamonaviy binosini ko‘zdan kechirishdan boshlandi. Ayniqsa, tahririyatning mo‘’jazgina kutubxonasi, uncha katta bo‘lmagan, ammo ijodkor uchun ilhom bag‘ishlaydigan hovlisi hamkasblarda katta taassurot qoldirdi.

Bir paytlar asosan qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish bilan shug‘ullangan toyloqliklar bugungi kunga kelib sanoat, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarida ham tajriba orttirishdi. Tumanning eksport salohiyati ham yildan-yilga oshib boryapti. Misol uchun, birgina shu yilning 9 oyida tumanda jami 15 million 602 ming dollarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti amalga oshirildi. Bu ko‘rsatkich 2018 yilga nisbatan 120,2 foizni tashkil etdi. Hududda 2019 yilgacha jami 19 ta eksportyor korxonalar faoliyat ko‘rsatib kelgan bo‘lsa, shu yilning o‘zida ular safiga yana 6 ta korxona qo‘shildi.

Biz tumandagi yetakchi korxonalardan biri “Pet Agro Oil” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan yaqindan tanishdik. O‘simlik yog‘lari ishlab chiqarish va qadoqlash, ozuqa-yem tayyorlash, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash yo‘lga qo‘yilgan korxonada 252 kishi ish bilan band.

—Korxonamiz 2017 yilda tashkil etilgan, — deydi korxona mutaxassisi Umida Qurbonova. — Yiliga o‘rtacha 20 ming tonna o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish, 2 ming tonna olma shinnisi, 1,5 ming tonna tomat pasta, 3 ming tonna quritilgan meva-sabzavotlar tayyorlash quvvatiga ega. Eksport ko‘rsatkichlarimiz ham yildan-yilga oshib bormoqda. Jumladan, 2018 yilda 3,9 million dollarlik mahsulot xorijga eksport qilingan bo‘lsa, 2019 yilning o‘tgan davrida sexlarimizda tayyorlangan 4,2 million dollarlik mahsulot Rossiya, Turkiya, Singapur, Belarus, Saudiya Arabistoni, Eron kabi davlatlarga sotildi.

Press-tur ishtirokchilari tumandagi “Toyloq baxmali” korxonasi, “Siyob Shavkat Orzu” fermer xo‘jaligining meva-sabzavotlarni qayta ishlash va qadoqlash sexlari, “Bog‘izog‘on” mas’uliyati cheklangan jamiyatining uzumni qayta ishlash zavodi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Shundan so‘ng, yangilanayotgan tuman markazidagi qurilish bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdik. Bu yerda tuman hokimi Bahodir Bobonazarov jurnalistlar va blogerlar bilan uchrashib, ularni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.

— Bugungi kunda tumanimizda aholini uy-joy bilan ta’minlash eng muhim masalalardan hisoblanadi, — deydi B.Bobonazarov. — Ushbu masalani ijobiy hal etish maqsadida tumanimiz markazida ulkan qurilish ishlarini amalga oshiryapmiz. Bu yerda yangi shaharcha bunyod etilmoqda. Bundan tashqari, 2019 yil manzilli dastur asosida jami 126 ta, jumladan, 4 ta to‘rt qavatli, 24 kvartirali, 30 ta bir qavatli, 3 xonali uylar qurilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, hozirgi kunda bunyodkorlik ishlari jadal olib borilmoqda.

To‘lqin SIDDIQOV