Dinimiz bir, tilimiz yaqin, ijodimiz ham hamohang

2019-10-30T09:49:55+00:0030 October, 2019|Samarqand vil.|

Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Afg‘oniston Islom Respublikasi Balx viloyatining yozuvchi va jurnalistlari Samarqand shahriga tashrif buyurdi.

Dastlab mehmonlar viloyat Matbuot uyida bo‘lib, «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» hamda «Ovozi Samarqand» gazetalari tahririyatlarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, “Samarqand matbuoti tarixi” muzeyini tomosha qildilar.

Shundan so‘ng ikki balxlik va samarqandlik qalam ahli ishtirokida “Tarix va sivilizatsiya zaminiga safar” nomli mushoira uyushtirildi. Tadbirni O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi F.Toshev olib bordi.  Mushoirada aytilgan she’r va g‘azallar yig‘ilganlarga ajoyib kayfiyat baxsh etganini aytib o‘tish kerak.

—Dinimiz bitta, tilimiz yaqin, shu bois ijodimiz ham hamohang, — deydi o‘zbek tilida ijod qiluvchi afg‘onistonlik shoir, jurnalist Qiyomiddin Qot’e. – O‘zbekistondagi bunyodkorlik ishlariga havasimiz keldi. Samarqandning tarixiy obidalari va xalqingizning ijodga, xususan, adabiyot va san’atga oshuftaligi hayratimizni oshirdi. Tashrifimizdan maqsadimiz ikki davlat o‘rtasidagi madaniy, adabiy, ijodiy, ilmiy-tarixiy aloqalarni mutahkamlash, O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, o‘zbek xalqining milliy urf-odatlari to‘g‘risida turkum reportaj va maqolalar tayyorlash edi. Yurtingizga ikki haftalik safarimiz davomida bunga erishamiz.

Shuningdek, tadbirda mehmonlarga samarqandlik shoir va jurnalistlarning kitoblari sovg‘a qilindi.

Husan Eltoyev