“Qalban qorabog‘likman!”

2019-10-31T11:45:04+00:0030 October, 2019|Umumiy yangiliklar|

Rahmat Bobojon,

 “Kitob dunyosi” gazetasi muxbiri

Ozarbayjonga safarim “uchishdan” boshlandi. Ham ruhim, ham qalbim, ham jismim uchdi, osmonlarni bo‘yladi, ko‘kda o‘zini bir qadar erkin, hur his qildi, quvondi, shodlandi, baxt bilan uchrashdi. Bu xushnudlikning boshlanishi ekanini sezib turardim. Birinchi navbatda, men Ozarbayjon xalqidan, O‘zbekistonning qadrli do‘stlari, Ozarbayjon Yoshlar Demokratik harakati ittifoqi asoschisi Vusala Huseynlidan, shoir va tarjimon Akbar Qo‘shalidan minnatdorman. Ularning O‘zbekistonga, o‘zbek yoshlariga bo‘lgan e’tibori uchun tashakkur aytaman. Bir-biriga azal-azaldan qardosh ikki milatning bugungi kundagi a’loqalari, yanada yaqinlashuvida “Kitob dunyosi” gazetasining bosh muharriri Xosiyat Rustamovaning alohida xizmatlari borligi hammamizni mamnun qiladi. Qadrli Xosiyat opaga ham alohida tashakkur!

Ozarbayjonga safarim juda maroqli o‘tdi. Ozarbayjon xalqining mehmondo‘stligi, ochiq ko‘ngil odamlari, ayniqsa Boku shahrining shamolli tonglari menda o‘zgacha taassurot qoldirdi. Tongda osmonga boqar ekansiz, boshinggiz uzra moviy, oq bulutlar uchoqlar misoli uchib o‘tadi. Qay insonning chehrasiga boqsang, avvaldan tanishday, qadrdoningday tuyulaveradi, ko‘ngillar yaqinligini sezasan kishi.

Ozarbayjonda mehmon bo‘lishimdan asosiy maqsad “Yoshlar forumi”da O‘zbekiston nomidan qatnashish, mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, yangiliklar haqida so‘z yuritishdan iborat. Yoshlar muammolarini o‘rganish, hal qilish, ularga yaratilayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish haqida uch kunlik forum tashkil etildi. Forumda o‘nga yaqin: Iordaniya, Iroq, Belarussiya, Ukraina, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, O‘zbekiston kabi mamlakatlardan bittadan vakil ishtirok etdi. Har millat vakili o‘z yurtidagi yoshlarga berilayotgan e’tibor, imkoniyatlar haqida alohida to‘xtalib, yoshlar sharoitlarini yanada yaxshilash uchun o‘z takliflarini bildirdi. Men ham davlatimizda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, jumladan yurtboshimiz tashabbusi bilan tashkil qilingan “Yosh kitobxon” tanlovi va uning g‘olibiga avtomashina berilishi, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti ta’sis etilgani va uning sohiblari oliy o‘quv yurtlariga imtiyozli ravishda qabul qilinishi haqida gapirdim.

Forumning ikkinchi kunida ishtirokchilar bilan Ozarbayjonning xususiy media-markazida mehmon bo‘ldik. Bu media-markazda xususiy telekanallar, radiokanallar, internet saytlari faoliyat yuritar ekan. Firma rahbarining so‘zlari meni hayron qoldirdi: “Men bu firmani ochgan paytimda bitta telekanalimiz, bitta saytimiz, bitta gazetamiz, bor-yog‘i yettita ishchimiz bor edi. Mana hozirgi kunda o‘zingiz ko‘rib turganingizdek faoliyatimizni kengaytirdik, saytlarimiz, telekanallarimiz tinimsiz ishlab turibdi, ishchilarimiz soni esa 350 tadan oshdi.”

Men O‘zbekistonda paytim “Kulis.az” saytini kuzatardim, buni qarangki shu sayt ham bu firmaga tegishli ekan. “Kulis.az” saytining muharrirlari va ishchilari bilan yaqindan tanishdim. Tanishganimdan mamnun va minnatdorligimni, Ozarbayjon

Uchinchi kun esa Ozarbayjonlik shoir og‘alarimiz, qardoshlarimiz bilan uchrashdik. Akbar Qo‘shali, Intiqom Yashar, Kanan Haji, Sulaymon Abdulla, Turol Turon, Emil Rasimo‘g‘li, Nijot Hoshimzoda kabi shoir va yozuvchilar bilan bo‘lgan suhbatlarimiz haqida alohida to‘xtalmog‘im lozim. Ularning o‘zbek adabiyotiga bo‘lgan qiziqishi, ikki qardosh xalqning adabiy a’loqalari, tarjima to‘g‘risidagi fikrlari ham menda iliq taassurotlar qoldirdi. Bokuning salqin oqshomida kichik choyxonada gurunglashib o‘tirar ekanmiz, bir ozarbayjonlik begona odam suhbatimizga qo‘shildi: “Men bu davradigilarning ziyoli odamlar ekanini aniq bilaman. Sizlar shunchaki so‘zlayotganingiz yo‘q. Avvalo uzr, suhbatingizga quloq solmoqchi emasdim, ammo birdan eshitib qoldim, sizlar millat haqida gapirdingiz, adabiyot, yoshlar haqida so‘zladingiz, – dedi va menga qaradi – Siz qorabog‘likmisiz, yuzingiz, ko‘zingiz, ayniqsa burningiz juda o‘xshayapti?!”

Yonimdagilar “Yo‘q-yo‘q, bu o‘zbek shoiri, mehmon bo‘lib kelgan”, deyishdi. Haligi odam jilmaydi: “Xush kelibsiz! Biroq juda qorabog‘liklarga o‘xshar ekansiz!“

“Rahmat! – dedim qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib, – qalban qorabog‘likman, ruhan qorabog‘likman, og‘a!”. U yana jilmaydi va ketar chog‘ida: “O‘zbek qardoshlarimizga bizdan salom deng!”, – dedi qo‘lini silkib.

Uchinchi kun oqshomida forum yakunlandi va ishtirokchilarga esdalik sovg‘alarini topshirishdi. Men o‘z tug‘ilgan makonimdan qanchalik uzoqda ekanimni, “Sog‘indim!” deyish oson, biroq sog‘inch aslida qanday bo‘lishini O‘zbekistonga qaytar chog‘imda tushundim. Uchoqda paytim “O‘zbekistonga borsam, hamma yaqinlarimni mahkam quchaman, yerga tushishim bilan yerni o‘paman kerak bo‘lsa…” qabilidagi fikrlar miyamdan o‘tardi.

Men forum tashkilotchilariga, ozar qardoshlarimizga yana bir bor rahmat aytaman! Ajoyib forum uchun, mehmondo‘stlik uchun, sog‘inch uchun rahmat, azizlar!