OAV bo‘yicha jamoatchilik kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

2019-10-09T10:06:58+00:009 October, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Jurnalistlari  ijodiy uyushmasi  qoshidagi  Ommaviy axborot vositalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashining yig‘ilishi  bo‘lib o‘tdi.

Kengash  raisi Hurshid Do‘stmuhammad  rahbarligida  o‘tgan yig‘ilishda  mamlakatimiz  ommaviy axborot vositalari faoliyatidagi bugungi ahvol, yutuq va kamchiliklar,  jurnalistlarning huquqiy  madaniyati, burch va mas’uliyati masalalari  haqida so‘z bordi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda  so‘z  erkinligi, ommaviy axborot vositalarining  xolis va haqqoniy faoliyat olib borishi uchun zarur bo‘lgan   huquqiy- tashkiliy  asoslar yaratilgan. Xususan keyingi yillarda mediasohada amalga oshirilayotgan  islohotlar   milliy  jurnalistikada sezilarli  o‘zgarishlarga, ochiq-oshkoralik, tanqidiy-tahliliy  ruh kuchayishiga olib keldi. OAVda  nafaqat erishilayotgan  yutuqlar, balki jamiyat hayotining og‘riqli nuqtalari o‘z aksini topgan  materiallar  ko‘paydi va  ularning aksariyati o‘z ijobiy samarasini  bermoqda.

Shu bilan birga  ommaviy axborot vositalari faoliyatini kuzatish davomida  bir qator muammolar ham ko‘zga tashlanadiki, ularni xal etish birinchi  navbatda  soha  xodimlari, jurnalistlarning  o‘zlariga, ularning o‘z ustilarida  ishlashlari, amaliy bilim-ko‘nikmalarini  oshirishlari, intilish va izlanishlariga  bog‘liq.

Jumladan ,mamlakatda  yuz berayotgan  voqea-hodisalarga  jurnalistlar munosabati, ularni yoritishda mavzu  va ob’ektni chuqur  o‘rganish,  tahlil qilish madaniyati, axborotlarning haqqoniy va ishonchliligini  tekshirish, ijtimoiy tarmoqlarda  shov-shuvlarga e’tiborning kuchayishi, jurnalistlik va  blogerlikning o‘ziga xos xususiyatlari, kasbiy  etika me’yorlari   bilan bog‘liq masalalar  sohada dolzarblik  kasb etmoqda.

Kengash  a’zolarining fikricha,  jurnalistlarning bilim-ko‘nikmalari, huquqiy savodxonligini oshirishga  alohida e’tibor qaratish  lozim va  bu  maqsadda  tashkil etiladigan o‘quv tadbirlarini ham nazariy, ham amaliy  bilimga  ega bo‘lgan  tajribali  ekspertlar olib borishlari maqsadga muvofiq.

Yig‘ilishda kengash  faoliyatini yo‘lga qo‘yish, uning  mediamuhitda o‘z o‘rnini egallashi,   OAV xodimlarining   kasb etikasi me’yorlariga rioya etishi bilan  bog‘liq  masalalar  muhokama qilindi  va kelgusi faoliyat  uchun  maqsad-vazifalar  belgilab  olindi.

Kengash  har chorak yakuni bo‘yicha yig‘ilib, o‘tgan vaqt  davomida  o‘rganilgan  masalalar yuzasidan   hisobot   tayyorlab, uni  uyushma muassisligidagi   “Hurriyat”  gazetasi va  Jurnalistlar ijodiy uyushmasi  saytida e’lon qilib boradi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining shu yil 23 iyulda bo‘lib o‘tgan  respublika konferensiyasida O‘zbekiston Jurnalistlari kasb etikasi kodeksi  qabul qilingan va ayni shu  konferensiya ishtirokchilari  tomonidan   kodeks talablari va me’yorlari buzilish holatlarini kuzatish, tahlil qilish va tegishli xulosa chiqarish  maqsadida uyushma  qoshida Ommaviy axborot vositalari bo‘yicha jamoatchilik kengashi  saylangan edi.

Kengash  yetti kishidan iborat bo‘lib, ommaviy axborot vositalarida ko‘p yillik ish tajribasiga ega  taniqli jurnalist va  ekspertlardan  shakllantirilgan.

Kodeksda  e’tirof etilganidek, Jamoatchilik kengashi milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan (tarqatilgan) materiallarni jurnalistning kasb etikasi me’yorlari nuqtai nazaridan o‘rganadi, tahlil qiladi, baholaydi, xulosa chiqaradi; jurnalistlik faoliyati bilan bog‘liq bahsli holatlarga oydinlik kiritilishida yordamlashadi; kodeks me’yorlariga rioya etilmaslik holatlari yuzasidan taqdim etilgan murojaatlarni ko‘rib chiqadi va qaror qabul qiladi; jurnalist kasb etikasiga taalluqli boshqa masalalarni jamoatchilik e’tiboriga havola etadi.

Ta’kidlash joizki, Jamoatchilik kengashi qarori jurnalistni intizomiy, ma’muriy yoki boshqa turdagi javobgarliklarga tortish uchun asos hisoblanmaydi, u tavsiya xususiyatiga ega.

 

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi