“Obuna-2020” NIMA QILMOQ KERAK?

2019-09-30T08:02:23+00:0030 September, 2019|Sirdaryo vil.|

 bugun bosma nashrlarning rahbarlari va xodimlarini mana shu savol jiddiy o‘ylantirmoqda

  Bosma nashrlarning taqdirini hal qiladigan palla — obuna mavsumi eshik qoqib turibdi. So‘nggi yillarda bu mavsumni gazeta va jurnallarning tahririyatlari allanechuk bezovta bir kayfiyatda kutib olishmoqda. Majburiy obunaga barham berilishini ayrim qatlamlar, hatto  ajabtovur ziyoli kishilar ham bosma nashrlarning davri tugaganligiga olib borib taqashayapti. Vaholanki, Prezidentimizning ko‘lamdor islohotlarini el-ulusga tushuntirish, targ‘ib qilishda bosma nashrlarning alohida o‘rni borligi isbot talab qilmaydigan oddiy haqiqatdir. Mavzuning dolzarbligini hisobga olib O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi vohamizda chop etilayotgan gazetalarning muharrirlari, jurnalistlari, matbaa hamda bosma nashrlarni tarqatuvchi tashkilotlar rahbarlari va xodimlari ishtirokida anjuman tashkil etdi. Unda obuna masalasida chirsillab turgan muammolar keng muhokama  maydoniga tortildi.

Anjumanda nutq irod etgan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi raisi Boyjigit Abdullayevning e’tibori to‘g‘ridan-to‘g‘ri  mavjud muammolarga qaratildi. Obuna mavsumining to‘g‘ri tashkil etilishi mazkur sohada faoliyat olib borayotgan o‘nlab qalam ahlining emin-erkin ijod qilishi,  tirikchiligini ta’min etishini alohida urg‘uladi.

—Afsuski, viloyatimizda davlat ro‘yxatidan o‘tgan 21 ta davriy nashrdan 5 tasi — Boyovut, Sardoba, Mirzaobod va Sayxunobod tumanlari gazetalari, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashining “Davr yoshlari” nashri o‘z faoliyatini to‘xtatib turibdi. Demak, kattagina jabhada aholi mahalliy ahamiyatga molik xabarlarni olishdan mosuvo bo‘lib kelmoqda, —deya o‘z so‘zini boshladi notiq.

Shu o‘rinda, xo‘sh, nima qilmoq kerak, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bosma nashrlar xodimlari uchun muhim bu savolga notiq quyidagicha fikr-mulohaza bildirdi. “Biz kitob mutolaa qilish bilan bab-baravar gazeta ham o‘qishimiz kerak. Gazeta odamlar uchun shunchaki minbar emas, balki ularga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi kompas, o‘zlarining kimligini namoyon etuvchi ko‘zgu hamdir. Bugungi kunda xalqimiz orasida bir-biriga kitob sovg‘a qilish urfga aylanib borayotir. Qani endi, hotamtoy kishilar ehtiyojmand qatlamlarga o‘zlari sevgan nashrlarning obuna kvitansiyalarini tantanali ravishda topshirishni ham  odatga aylantirsalar.

Yana bir gap. Tuman va shahar hokimlari o‘zlarining siyosatlarini el-ulusga manzur qilishlari uchun ham vaqtli nashrlarga ega bo‘lishlari kerak, deb o‘ylaymiz. To‘g‘ri, yoshlarimiz bugun son-sanoqsiz telefonlar, smatrfonlar orqali yangiliklar ummoni ichra suzib yurishibdi. Biroq ulurning mazkur manbalardan milliy-ma’naviy axloq me’yorlariga to‘g‘ri keladigan ma’lumotlarni yuklab olayapti, deb kim kafolat bera oladi? Bu mas’uliyatli yumushga kim mas’ul etib belgilangan? Gazetalar shuning uchun kerakki, ularda eng zarur axborotlar sharqona axloq-odobi doirasida taqdim etiladi”.

Shuningdek notiq o‘z ma’ruzasida bosma nashrlarning narxi yil sayin oshib boryotganligi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga yangi a’zolar qabul qilish tartibi, mamlakatimiz Prezidentining  2019 yil 2 fevraldagi “Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5653–sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida 50 dan ziyod axborot xizmati rahbarlari (matbuot kotiblari) viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasidan ro‘yxatdan o‘tganligi, ular bilan mustahkam aloqada ishlash bosma nashrlarning o‘qishliligini oshirishi haqidagi ko‘z qarashlarini bayon qildi.

So‘ngra kun tartibidagi masala bo‘yicha “Xalq so‘zi” va “Ovozi tojik” gazetalarining Sirdaryo viloyati bo‘yicha muxbirlari Ahmadali Shernazarov, To‘xtamish Boqiy, “Sirdaryo” va “Guliston yangiliklari” gazetalari bosh muharrirlari Umarqul Ochilov, Furqat Toshmatov, “Poligraf AiF” xususiy ishlab chiqarish korxonasi direktori Rishad Abiyatov, “Sirdaryo matbuot xizmat”  MChJ bo‘lim mudiri Kamoliddin Hoshimovlar o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar. Notiqlarning chiqishlarida vaqtli nashrlar muassislarining mas’uliyatini oshirish, gazetalarning har bir yangi sonini o‘z vaqtida mushtariylarga yetkazib berish, vaqtli nashrlarda e’lon qilinayotgan tanqidiy chiqishlarning ta’sirchanligini oshirish kabi masalalar ko‘tarildi. Muammolarni o‘z vaqtida hal etish uchun tez-tez viloyat hokimi bilan uchrashuvlar o‘tkazib turish taklifi o‘rtaga tashlandi.

Mashvaratda bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarini xursand qiladigan yangilik ham ochiqlandi. “Poligraf AiF” xususiy ishlab chiqarish korxonasi rahbari viloyatimizga Germaniyadan gazetalarni rangli chop etadigan zamonaviy bosmaxona olib kelganligini ma’lum qildi.

Yig‘ilish ahli 2020 yilgi obuna mavsumini risoladagidek o‘tkazishda hamkorlik qilish uchun viloyat hamda tuman-shahar hokimlari, keng gazetxonlar ommasiga Murojaatnoma bilan chiqishga kelishib oldi.

Yig‘ilishda viloyat hokimining matbuot kotibi Jamshid Xoliqulov qatnashdi va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.

Bugun barcha bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarini: “Nima qilmoq kerak?” degan hayot-mamot savoli qiynamoqda. Bu savolning yechimi qanday hal bo‘ladi: yaqin ikki-uch oy orasida oydinlashadi.

Muhammadali AHMAD.

Muhammad KARIM olgan suratlar.