Axborot  maydonida hech qachon bo‘sh o‘rin topilmaydi yoki sohadagi plьyus va minuslar

2019-09-30T07:10:10+00:0030 September, 2019|Umumiy yangiliklar|

Bugungi dunyo — axborot dunyosi. O‘zgacha hayot tarzi, tezkor va shiddatli vaqt oqimi qanday o‘tayotganini bilmay ham qolyapmiz. Bundan o‘ttiz-qirq yil avval odamlar hayotini gazeta-jurnallarsiz, radio va televizorsiz tasavvur qila olmasdi. Tong sahardan «Matbuot do‘kon»lari oldi mushtariylar bilan tirband bo‘lardi. O‘zimiz gazetada mas’ul lavozimda ishlasak-da, dam olish kunlari o‘sha «kiosk»ga qarab chopardik.

Endi… Hayot tamoman o‘zgardi. «Matbuot do‘kon»lari oldida odamlarni ko‘rmaysiz hisobi. Bekat va xiyobonlardagi o‘rindiqlarda, avtobus va metrolarda gazeta o‘qiyotgan yoki qo‘lida gazeta va jurnal ushlagan insonni uchratmaysiz. Nega? Nima bo‘ldi? Insonlar hayotga befarq bo‘lib qoldimi? Yoki bosma nashrlarda odamlarni qiziqtiradigan, dunyoqarashini, tafakkurini boyitadigan maqolalar chop etilmayaptimi?!

Axir, o‘sha yillar o‘zim ham gazetalarni «Ertalabki ma’naviy nonushta» deb atagandim. Bu tasavvur balki o‘sha davr uchun to‘g‘ridir. Gazetalar o‘tgan asrning 80-yillari oxirlarida xalqning chinakam maslahatgo‘yi, eng yaqin do‘sti va axborot manbaiga aylangandi. Ayniqsa, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», “Toshkent oqshomi”, “Yoshlik”, «Yosh kuch», “Sharq yulduzi”, “Fan va turmush” kabi gazeta-jurnallarining yosh avlod, qolaversa, keng omma ongini shakllantirishdagi o‘rni o‘zgacha bo‘lgan. Ular mustaqillikning haqiqiy jarchilari edi. Ularda tezkor xabarlar, jo‘shqin reportajlar, o‘sha zamon qahramonlari xaqida lavha va ocherklar, hayotdagi muammolarni qamrab olgan tanqidiy va tahliliy maqolalar, felьetonlar berib borilardi. Bosma nashrlar hayotning barcha jabhalarini qamrab olgandi. Respublikadagi birorta yangilik va voqea e’tibordan chetda qolmasdi. Ularda chop etilayotgan maqolalar hammaning — oddiy fuqarodan tortib, eng katta rahbarning ham diqqat-e’tiborida edi. Tanqidga uchragan odam yoki tashkilot omon qolmasdi. Chunki tanqidlar tag-zaminan, har tomonlama asoslangan bo‘lardi. Bosh muharrirdan tortib oddiy muxbirgacha gazetachilik mas’uliyatini chuqur his qilishardi. Ayniqsa, bosh muharrirlar gazetasida biror muammo ko‘tarib chiqilgan maqola chop etilgan bo‘ladi, shu kuni tushgacha o‘zlarini qo‘yarga joy topolmasdi.

Aytishlaricha, o‘sha davrda «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida bosh muharrir bo‘lib ishlagan taniqli adib Odil Yoqubov ishdan ketayotganida: «Men besh yil olovning ustida o‘tirib ishlayotganday his qildim o‘zimni», degan ekan.

Endi-chi? Gazetalarimiz, umuman matbuot nega bunday noshud bir ahvolga tushib qoldi. «Olov» emas, hatto bir cho‘g‘day ham nafi bo‘lmasa… Bunday turg‘unlik, befarqlik, karaxt holat bir kunda yoki bir yilda paydo bo‘lgani yo‘q. U o‘tgan yillar davomida yuzaga keldi. Avvaldan qotib qolgan ichki tsenzura hukmronlik qildi. Bu holat ayrim nufuzli nashrlarda hozirgi kunda ham davom etmoqda. «Gazeta nashr qilinsa bo‘ldi», degan fikr tahririyat rahbarlari miyasiga o‘rnashib qolgan. Mushtariy mutolaa qiladimi, yo‘qmi hech qiziqmayapti. Gazetalarni obunachilarga etkazish tizimi batamom izdan chiqqan.

Avvallari barcha markaziy nashrlar respublikaning eng uzoq manzillariga ham tushgacha etkazib berilgan bo‘lsa, keyinchalik ularni obunachilarga haftalab kechiktirilgan holda olib borish holatlari yuz bera boshladi. Bunday salbiy holatlarning kelib chiqishi chuqur tahlil etilmadi, tahririyatlar ham befarq bo‘lishdi. Shu tarzda nashrlar yillar davomida o‘z obro‘sini yo‘qota borib, jamiyatdagi mavqeini eng past darajaga tushirib qo‘ydi.

Ayniqsa, joriy yilning boshiga kelib, mamlakatimizda gazeta va jurnallarning adadi achinarli ahvolga tushdi. Aksariyati yilning ikkinchi yarmida faoliyatini to‘xtatdi.

Axborot maydonida hech qachon bo‘sh o‘rin topilmaydi. Qaysi bir hududda axborot tarqatishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilsa, o‘sha hududni boshqa bir axborot vositasi egallab oladi. Bizda ham shunday bo‘ldi. Axborot tarqatishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan gazetalar, hatto radio va televidinieni dog‘da qoldirgan blogerlar paydo bo‘ldi. Ular axborot olamini shunday yashin tezligida egallab oldiki, bir zumda hammaning nazarini o‘zlariga jalb qilishdi.

Avvaliga ko‘pchilik (jumladan, o‘zim ham J.R.) blogerlarning faoliyatiga qiziqmadi. Ularni “o‘yinqaroq bolalar-da”, biroz vaqt o‘tgach, quyilib qolishadi, deb o‘yladi. Lekin ular “quyilib” qolishmadi. Axborot maydoniga behuda chiqishmaganini amalda isbotlay boshlashdi. Qotib qolgan rahbarlarning boshqaruv ish uslublarini, noqonuniy harakatlari, mansabdor shaxslarning ma’naviy qiyofasini, eskicha ishlab bo‘lmasligini oshkora fosh eta boshlashdi. Blogerlar (hammasi ham emas) davlatimiz rahbarining jamiyat boshqaruvidagi dadil islohotlariga, qaroru farmonlariga birinchilar qatorida «labbay» deb javob berishdi.

Hozir ularning chiqishlarini internet tarmoqlari orqali muntazam kuzatib boryapman. Hayratim oshmoqda. Xato-kamchiliklari, shoshma-shosharliklari ko‘p, ammo harakatlari dadil, o‘ziga xos. «Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari»nig bayram kunida bir guruh blogerlarning davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi esa ko‘pchilikning ularga bo‘lgan qarashini o‘zgartirdi.

Taniqli jurnalist va olim Beruniy Alimovning quyidagi so‘zlari esa fikrimni tasdiqladi: «Bloger, haloling bo‘lsin! Blogerni «tez yordam» mashinasiga mengzayman. Jurnalist esa diplomli jarroh. Tan olaman professional jurnalist sifatida, avvaliga ularni jinim suymagan. Lekin keyinchalik fikrim o‘zgardi. Chunki ular jamiyatga kerakligini isbotlashdi».

Xo‘sh, blogerlar kim? Ular haqida ma’lumot olish uchun o‘zimizda nashr qilingan «O‘zbekiston entsiklopediya»sini, lug‘atlarni va boshqa kitoblarni varaqladim. Afsuski, hech nima topa olmadim. Axiri, yana internetga murojaat qilishimga to‘g‘ri keldi. U erda quyidagi ta’riflarni o‘qidim: “Blog” so‘zi inglizcha bo‘lib, u voqea-hodisalarni qayd etuvchi internet-jurnal, internet-kundalik, onlayn-kundalik kabi veb saytlarni anglatar ekan.

Blog termini ilk bor Yornom Barger tomonidan 1997 yil  17 dekabrda tilga olingan. Ammo uni Piter Merxolьts 1999 yilning bahorida «Peterme.com» blogida hazil aralash amalda qo‘llagan. Evan Uilьyams esa «Pura labs» saytida «Bloger» terminini ishlata boshlagan. Aynan «Pura labs»da «Blogger.com» dunyoga kelgan.

Blogerlar haqida ko‘p va xo‘p gapirish mumkin. Lekin ular va ularning ishlari matbuotning, ommaviy axborot vositalarining o‘rnini bosa oladimi?! Bu borada xorij mutaxassislari o‘rtasida hali ham bir fikrga kelingani yo‘q. Bahs-munozaralar davom etmoqda. Lekin bahs-munozaralar o‘z yo‘liga, bizda ular allaqachon OAV da qisman o‘z yo‘nalishini egallab bo‘lishdi.

Sohada tajriba to‘plagan bir jurnalist sifatida blogerlarning faoliyati-ni ko‘rib, tahlil qilib, quyidagi fikrlarni bildirmoqchiman.

Birinchidan, bloger u-bu voqea va hodisani videoga olib yoki oddiy so‘zlar bilan yozib keng ommaga tarqatadigan shaxs, u mutaxassis emas. Bloger mukammal operatorlik mahoratiga ega bo‘lishi, bo‘lar-bo‘lmas tasvirlarni videoga tushiravermasligi, oddiy hayotiy        etikaga rioya qilishi kerak. Aytilayotgan yoki yozilayotgan har bir so‘z, jumla uchun javobgarlikni his qilishi lozim. Shoshma-shosharlik, betgachoparlik, biryoqlamalik, noqonuniy harakatlar blogerlarni halokatga olib keladi. Ular axborot tarqatish naqadar mas’uliyatli vazifa ekanini, ijodiy ishligini his qilishlari lozim.

Ikkinchidan, blogerlar videoga olish, suratga tushirish, zamonaviy dizayn asosida bezash, mahoratli yoza olish qobiliyatiga ham ega bo‘lishlari kerak. Buning uchun ma’lum darajada tajriba, bilim darkor. Shu maqsadda eng ko‘zga ko‘ringan blogerlardan iborat «Mahorat maktabi»ini tashkil etsa maqsadga molik bo‘lar edi.

Uchinchidan, blogerlar mutaxassis bo‘lishlari uchun, menimcha, jurnalistika maktabida, albatta, o‘qishlari kerak. Axborot olamida qonun-qoidalarsiz, jurnalistika janrlarini bilmasdan, faqat videoga olish yoki ovozni yozib olish bilan ish bitirib bo‘lmaydi. Ular uchun O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida bo‘limlar ochish zarur mikin? O‘ylab ko‘rilsa, yaxshi bo‘lar edi.

Blogerlarning voqea-hodisaga o‘zboshimchalik bilan aralashuvi, manmanlik-ka berilishi salbiy jarayonlardir. Quyidagi misollarga e’tibor bersa, samarqandlik 33 yoshli bloger Otabek Jo‘raev 250 mln. so‘mga aldangan ayolning muammolarini yoritish jarayonida jinoyatchi tomonidan bolta bilan jarohatlangan. Bir o‘smir bloger yurib kelayotgan poezd yo‘liga yotib olib, avtomatik video yozuvni amalga oshirgan. Bu g‘irt savodsizlik va ma’nan kaltabinlik emasmi? Qolaversa, bloger degani, ming bir uzr, “Yuvilmagan qoshiq kabi” o‘zini kerak nokerak joyga uravergani bilan, “Amerikani kashf qilolmaydi”. U allaqachon bobolarimiz tomonidan kashf qilingan. Shuningdek, odamlarni hayratlantiraman deb hech bir insonning o‘zini va boshqalarni yomon yo‘lga boshlashga haqqa yo‘q. O‘zini bloger hisoblayotganlarning ko‘pchiligi o‘smirlar va hayotiy tajribasi kam yoshlardir.

Shu o‘rinda muhtaram Prezidentimizning «Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari» kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida alohida ta’kidlagan quyidagi so‘zlarini esdan chiqarmasligimiz kerak: «Ayni vaqtda barchamiz bir haqiqatni unutmasligimiz zarur: axborot maydonidagi turli bahs va tortishuvlar, avvalo, haqqoniylik va xolislik tamoyillariga asoslanishi, qonun va odob qoidalari doirasida bo‘lishi, shaxsiy g‘araz va xusumatga, soxta obro‘ orttirish usuliga aylanib ketmasligi, inson shaxsi va sha’nini tahqirlashdan yiroq bo‘lishi, bunday salbiy holatlarga bizning media maydonimizda mutlaqo o‘rin bo‘lmasligi kerak».

Qolaversa, blogerlar faoliyati faqat kamchiliklarni yoritishdan iborat bo‘lmasligi lozim. Chunki biz bir zaminda yashayapmiz. Vatan ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida xolis xizmatdamiz. Ularga quyidagi so‘zlarni alohida ta’kidlagim keldi:

Albatta, faoliyatning to‘g‘ri yo‘lda bo‘lishi muvaffaqiyat kaliti. Halq doimo yangiliklarni, xushxabarlarni sog‘inib kutadi. Hayot faqat shov-shuvli, muammoli voqea-xodisalardan iborat emas. Vatan qiyofasi o‘zgarmoqda, mamlakat yangilanmoqda, xalq o‘z tanlagan yo‘lidan dadil bormoqda. Buni unutishga, hisobga olmaslikka esa hech kimning haqqi yo‘q.

Jabbor RAZZOQOV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.

 Manba:«Hurriyat» gazetasi