Byudjet mablag‘lari qanday ishlatilyapti?

2019-09-25T10:49:58+00:0025 September, 2019|Navoiy vil.|

Bu savolga Uyushmaning Navoiy viloyati bo‘limi tashabbusi bilan Navoiy shahridagi “Coworking” markazida viloyat Moliya bosh boshqarmasi hamda G‘aznachilik boshqarmasi hamkorligida “Moliya tizimi: shaffoflik yo‘lidagi islohotlar” mavzusida o‘tkazilgan  matbuot anjumanida javob berildi.

Anjumanda G‘aznachilik boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Shukurov hamda Moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Azim Toshpo‘latov so‘zga chiqib, tizimda olib borilayotgan ishlar, islohotlar, yangiliklar xususida ma’ruza qildi. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida viloyat G‘aznachilik organlarida jami 450 ga yaqin byudjetdan mablag‘ oluvchi tashkilotlar hamda byudjetdan tashqari jamg‘armalarning qariyb 1 trillion so‘mlik shartnomalari qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Soha vakillari tomonidan byudjetdan ish haqi oluvchi xodimlarning maoshlari kechi bilan har oyning 5 sanasiga tashlab berilishi tizimli amalga oshirilib kelinmoqda.

—Uyushmaning viloyat bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilayotgan matbuot anjumanlari ommaviy axborot vositalari vakillari hamda tashkilot va muassasalar uchun ayni muddao bo‘lmoqda, — deydi “Salomatlik” gazetasi muxbiri Jamoliddin Axtamov. — Moliya muassasalari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan bugungi matbuot anjumanida soha rahbarlaridan mazkur sohada amalga oshrilayotgan yangiliklardan, byudjet kodeksining mazmun-mohiyatidan xabardor bo‘ldik. Eng muhimi, bu anjuman sohadagi bilimlarimizni mustahkamlashga zamin yaratdi.

Moliya tizimi bo‘yicha viloyat mahalliy byudjetining joriy yil uchun tasdiqlangan daromadlar tushumlari prognozi 7 919,2 milliard so‘mni tashkil etadi. (O‘tgan yili 4 485,5 milliard so‘m). Shundan, mahalliy byudjet tushum rejasi 1 495,8 milliard (O‘tgan yili 860,0 milliard) so‘m. Joriy yilning  8 oylik  ijrosi davomida belgilangan prognoz 109,9 foizga bajarildi.

Mahalliy byudjet xarajatlarining o‘rtacha 51 foizini xalq ta’limi tizimi xarajatlari, 31,4 foizini sog‘liqni saqlash, 9,3 foizini maktabgacha ta’lim, 3,6 foizini madaniyat va sport va boshqa sohalar tashkil etadi.

  • Moliya vazirligi tomonidan “Ochiq byudjet portali” tashkil etilganligi fuqarolarimizning byudjet mablag‘larini taqsimlashda bevosita ishtirok etishlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda, – dedi viloyat Moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari A.Toshpo‘latov – Xususan, bugungi kunda openbudget.uz saytida ro‘yxatdan o‘tib, har kim o‘z hududi bo‘yicha ijtimoiy soha ob’ektlarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qurilishlar va boshqa tadbirlar yuzasidan taklif berishi mumkin. Eng ko‘p ovoz olgan takliflarni amalga oshirishga mahalliy byudjet mablag‘larining 10 foizi sarflanadi. Mazkur sayt joriy yilda ish boshlaganidan buyon 10 mingta takliflar kelib tushgan. Xususan, viloyatimizdan Zarafshon shahri aholisi eng ko‘p takliflar bilan chiqqan. Bugungi kunda mazkur loyihalar o‘rganib chiqilmoqda.

Matbuot anjumanida jurnalistlar orttirilgan byudjet mablag‘larining qay tartibda ishlatilayotgani va nimalarga yo‘naltirilayotgani va mazkur tarmoq yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddilardan  atroflicha javob oldilar.

Ozod MUSTAFOYeV,

O‘zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi Navoiy

viloyati bo‘limi mutaxassisi.

 Suratlar muallifi Siroj Aslonov.