“Blogerni jurnalist deb bo‘lmaydi”

2019-09-25T10:44:57+00:0025 September, 2019|Umumiy yangiliklar|

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul  QUShERBAYeVga

“Hurriyat” gazetasi bir necha  savollar bilan murojaat qildi. Quyida ushbu savol-javoblar bilan tanishing.

  1. Sizning nafaqat xalq noibi-deputati, balki oddiy bir inson, gazetxon sifatidagi fikirlaringizni bilmoqchi  edik: bugungi gazeta va jurnallardan nechog‘lik ko‘nglingiz to‘layapti?
  2. Bosma OAVlari faoliyatini jonlantirish uchun sizningcha nimalar monelik qilyapti?
  3. Bugungi kunda bloger degan tushuncha ham paydo bo‘ldi. Huquqiy jihatdan blogerlarni jurnalist deb atash to‘g‘rimi? Qonunchiligimizda ularning vakolatlari qay darajada belgilangan?
  4. Yaxshi bilasangiz kerak, bosma nashrlar uchun obuna masalasi juda muhim, aytish mumkinki, “ hayot- mamot” masalasidir. Demoqchimizki, matbuot mutolaasi ham kitobxonlik singari qo‘llab – quvvatlanishi  kerak emasmi?
  5. — Bosma matbuotda ham tanqidiy tahliliy maqolalar ko‘payib, ancha jonlanib qolganini kuzatib borayapman. Bu ijobiy o‘zgarish albatta. Biroq internet ommaviy axborot vositalari asosiy axborot tarqatuvchi vosita sifatida milliy axborot makonida o‘rin egallab borayotgan bir sharoitda bu harakatlar o‘quvchilar e’tiborini qanchalik torta olayapti degan, savol o‘ylantiradi odamni. Balki bunday jonlanish ancha avval boshlanganida bosma nashrlar axborot tarqatishning an’anaviy vositasi sifatida bundan da ko‘p doimiy o‘quvchilariga ega bo‘lib, bugun duch kelib turgan iqtisodiy qiyinchiliklarni bemalol yengib o‘tgan bo‘larmidi. Bilmadim, biroq fakt shundaki bugun asosiy omma axborotni bosma nashrlardan olmayapti.
  6. — Fikrimcha bosma nashrlar bugun odamlarga yangilikni yetkazib berish bo‘yicha vazifasini qo‘ldan chiqarib bo‘ldi. Buni tan olish va asosiy e’tiborni boshqa turdagi axborot vositalarida qisqa-qisqa satrlarda ketayotgan yangiliklarni tahlil qilib, uning salbiy ijobiy yoki bizning sharoitdagi manfaatlarimizga mos jihatlarini ochib berishga qaratilgan chiqishlarni ko‘paytirish ustida ishlasa, inson ruhiyati va ongiga ta’sir qiluvchi voqeiliklarni chuqur ochib berishga yanada ko‘proq urg‘u qaratsa odamlar bosma nashrlarning alohida afzalliklarini aniqroq ajratib olishgan bo‘lar edi.

Shuningdek, yana bir muhim masala shundaki, bugun iste’molchi ya’ni o‘quvchi o‘zi mustaqil tanlov orqali qaysi nashrni o‘qishni o‘zi belgilashga o‘tayapti. Hoxlaymizmi yo‘qmi bunda obuna sohasida majburiylik yo‘qolib boradi. Shu bois, o‘quvchi talabiga mos ravishda uning psixologiyasini chuqur o‘rgangan holda har bir bosma nashr o‘zining auditoriyasini qayta ko‘rib chiqib, uni iqtisodiy manfaat nuqtai nazaridan aniq belgilab olishi lozim. Ma’naviyat, ta’lim tarbiya kabi masalalarda asosiy mas’ul davlat organlari esa faqatgina muassis sifatida emas, bosma nashr bilan zaruratga qarab ijtimoiy sheriklik asosida hamkorlik asosida ishlashi maqsadga muvofiq. Ochig‘ini aytganda vazirlik va idoralar muassisligida qandaydir nashrning bo‘lishi, bunday muassisga nisbatan nashrning holis, haqiqatni yozadigan, kerak bo‘lsa ochiq tanqid qiladigan mustaqil OAV ekanligiga shubha tug‘diradi. OAV erkinligini ta’minlash nuqtai nazaridan davlat idoralarining OAV ta’sis etish amaliyotiga chek qo‘yish kerak. Agar idoralarga o‘z faoliyatini yoritib borish kerak bo‘lsa bu alohida nashr emas axborotnoma ko‘rinishida bo‘lgani maqsadga muvofiq nazarimda.

Bosma nashrlarning bosh muharrirlari ham o‘zlari rahbarlik qilayotgan tahririyat shtatlarida faqatgina jurnalistlar emas balki psixolog, sotsiolog, tarixchi, siyosatchi, iqtisodchi kabi sohalarning yaxshi mutaxassislari bo‘lishi kerakligini tushunishlari lozim. Nashr auditoriyasi bilan ishlash va doimiy ravishda uning diqqat markazida bo‘lishda bu muhim ahamiyatga ega.

  1. —Blogerni jurnalist deb bo‘lmaydi.

“Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunda bloger kim ekanligi keltirilgan, ya’ni bloger – Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatga ega axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs hisoblanadi.

E’tibor qilinsa blogerlik faoliyati albatta Internet jahon axborot tarmog‘i bilan bog‘liq. Ularning axborot tarqatish yoki ma’lum masalalar bo‘yicha o‘z shaxsiy pozitsiyasini bildirish nuqtai nazaridan ijtimoiy faol fuqarolar sifatida ko‘rsak ham bo‘ladi.

Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra esa jurnalist mehnatga oid yoki boshqa shartnomaviy munosabatlar asosida ommaviy axborot vositalari uchun xabarlar va materiallarni to‘plash, tahlil etish, tahrir qilish, tayyorlash hamda tarqatishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi shaxsdir.

Ushbu qonun asosida jurnalistlik faoliyat professional faoliyat hisoblanib, unga o‘z maqomiga ko‘ra faoliyatini kafolatlashga oid alohida huquq va vakolatlar belgilangan. Jurnalist bir vaqtning o‘zida fuqarolik huquqlari asosida blogerlik ham qilishi mumkin. Biroq bloger agar mehnatga oid yoki boshqa shartnomaviy munosabatlar asosida ommaviy axborot vositalari bilan bog‘liqligi bo‘lmasa jurnalist hisoblanmaydi.

Aytmoqchimanki, bloger OAVda qonuniy faoliyat yuritmasa, jurnalist sifatida jurnalistik surishtiruv va jurnalistik faoliyatga daxldor boshqa huquqlarga ham ega emas. Buni keng jamoatchiligimiz yaxshi tushunib olishi kerak.

  1. —Qo‘llab-quvvatlanishi shart. Biroq qo‘llab-quvvatlash faqat obuna orqali bo‘lmasligi lozim. Obuna nashrning mustaqil ishi, foydasi ham zarari ham o‘ziniki bo‘lishi kerak.

Menimcha davlat tomonidan davlat ahamiyatiga molik va zarur deb hisoblangan, asosiy maqsadi tijorat bo‘lmagan bosma nashrlarning reyestri yuritilib, ularni turli ko‘rinishlarda qo‘llab-quvvatlash tizimga o‘tilishi lozim. Bunda qo‘llab-quvvatlash doirasiga tushadigan nashrlarga bo‘ladigan talablar ochiq va hamma nashrlar uchun teng sharoitlar darajasida bo‘lgani ma’qul. Masalan, bolalar uchun mo‘ljallangan badiiy yoki ma’naviy ma’rifiy, huquqiy masalalarni yoritishga moslashgan va davlat tomonidan belgilangan mavzu, yo‘nalishlarni ustuvor vazifa sifatida belgilagan nashrlarga bunday imkoniyatlar yaratilsa, maqsadga molik bo‘lur edi.

 

O‘z muxbirimiz yozib oldi.

Manba: «Hurriyat»