Sifatli axborotga hech qachon talab o‘zgarmaydi

2019-09-23T11:27:50+00:0023 September, 2019|Farg‘ona vil.|

Farg‘ona viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan davriy bosma nashrlarning bugungi holati qanday, yuzaga kelgan muammolarning ildizi qayerda? Tomonlar: muassis, tahririyat va obuna qiluvchi tashkilotlar nega bir-birini ayblaydi? Xalqimiz gazeta o‘qimay qo‘ydimi? “Farg‘ona press-klub”ining navbatdagi sessiyasida ana shu masalalar xususida so‘z yuritildi.

Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, har qanday axborot tezlik bilan tarqamoqda. Axborot olish va uni yetkazish, ta’sirchan jamoatchilik fikrini shakllantirish borasida ham raqobat keskin tus olmoqda. Jamiyatimizda bosma nashrga bo‘lgan ehtiyoj pasayib, turli ijtimoiy tarmoqlar, internet tobora taraqqiy etayotgani ham sir emas. Bunday murakkab sharoitda davriy bosma nashrlarning oldida ham muhim vazifalar turganligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Xususan, majburiy obunaga barham berilgani gazeta va jurnallar adadining keskin pasayib ketishi va iqtisodiy tang holatga tushib qolishiga sabab bo‘ldi.

Har bir shahar va tumanda mahalliy hokimliklar muassisligidagi gazetalar mavjud. Ular ana shu hudud aholisi hayotini yoritish, muammolari yechimiga ko‘maklashishda bevosita ishtirok etadi. Biroq, boshqa gazetalarga nisbatan aynan ana shu mahalliy hokimliklar muassisligidagi gazetalarning adadi juda kam. “Qo‘qon sadosi” – 600, “Bag‘dod hayoti” -700, “Yaypan ovozi” – 560, Furqat tumani hokimligi muassisligidagi “Navbahor” gazetasi esa atigi 260 nusxada chop etilmoqda. Bu gazetalar eng ko‘pi bilan oyda ikki marta chiqadi. Muassis o‘zining zimmasidagi vazifalarni umuman bajarmayapti. Shuningdek, bugungi kunda matbuot tarqatish korxonalarining faoliyati ham talab darjasida emas. Gazeta va jurnallar obunachiga o‘z vaqtida yetkazib berilmayapti. “Farg‘ona Press-klub”i ana shu masalalarga alohida e’tibor qaratdi.

Sessiyada viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i U.Jabborov, “Farg‘ona haqiqati” – “Ferganskaya pravda” gazetalari bosh muharriri G.Saidg‘aniyeva, “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyatining Farg‘ona filiali boshlig‘i A.Ibragimov va boshqalar bu borada o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Yurtdoshlarimizning gazeta, majburiy obuna haqidagi fikrlari asosida tayyorlangan videolahva namoyish etildi.

“Amerika ovozi” muxbiri Navbahor Imomovaning AQShdagi davriy bosma nashrlar faoliyati haqidagi videolavhasi bahs –muhokamalarga sabab bo‘ldi.

– Bu mamlakatda ommaviy axborot vositalari kuchli, qudratli va katta ta’sir ega, – deydi N.Imomova. – “USA Today”, “The New York Times”, “The wall street journal” kabi gazetalarni ko‘rib, maqolalar bilan tanishib, bu jamiyatda bosma matbuot hamon hayot, barqaror va faolligining guvohi bo‘lasiz. Aslida esa bosma ommaviy axborot vositasi hayot uchun, yashab qolish uchun bir necha yillardan beri kurashmoqda. Masalan, “The New York Times”dek gigant media kompaniyaning daromadi o‘n yil ichida 50 foizga kamaygan, o‘quvchilari ham shunday. Bu gazetalar hayot va kelajak axborot texnologiyalarida ekanligini inobatga olib, faoliyat olib bormoqda. Sifatli axborotga hech qachon talab o‘zgarmaydi. Bugun axborotni o‘quvchiga xohlagan vaqt va shaklda yetkazib berish bosma nashrning ham muhim vazifasiga aylangan.

Shahar va tuman hokimligi muaassisligidagi gazetalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, jurnalistlar uchun sharoitlar yaratish, obuna va targ‘ibot borasida zamonaviy shakllardan foydalanish kabi masalalarda fikr-mulohazalar almashildi.

M.SULAYMONOV.

Manba: O‘zA ​