Bolalar salomatligi muhim masala

2019-09-20T09:43:10+00:0020 September, 2019|Surxondaryo vil.|

Termiz shahridagi «Meridian» mexmonxonasida YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida «Bola sog‘lig‘i xususan immunizatsiya masalalarini OAVda yoritish”  mavzusida seminar-trening  o‘tkazildi.

Treningda dastlab viloyat Sanitariya-epidimiologiya nazorati markazi mutaxassisi Xudoynazar Xo‘janazarov vaksinatsiya va uning bola sog‘ligiga ijobiy ta’siri mavzusida jurnalistlarga ma’lumot berdi. Shundan so‘ng, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi treneri, O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti dotsenti Nargis Qosimova loyihaning maqsad va vazifalari,  an’anaviy va onlayn OAVda bolalarni emlash,  axborot manbalari bilan ishlash,  feyk-xabarlar va OAVda  bolalar mavzusi bilan bog‘liq yolg‘on xabarlarning tarqalishini oldini olish, bolalar salomatligi masalasi bo‘yicha OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan materiallardagi stereotiplarni aniqlash, emlash tarixi mavzulari bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.

—Trening ommaviy axborot vositalarida emlash mavzusini yoritishning zamonaviy usullari, immunizatsiya bo‘yicha chiqayotgan soxta materiallar, xabarlarni aniqlash va tekshirish borasidagi bilim hamda ko‘nikmalarimizni yanada oshirdi,—deydi “Diyor24” internet nashri muxbiri Matluba Negmatullayeva.   — O‘quv mashg‘uloti davomida  malakali trener va mutaxassislardan olgan ma’lumotlarni tayyorlaydigan maqolalarimizda ko‘rsatishga harakat qilamiz.

Shuningdek, seminarda mavzu yuzasidan jurnalistlar uchun uslubiy tavsiyalar ishlab chiqildi.

Mastura HAMROYEVA,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy

 uyushmasi viloyat bo‘limi mutaxassisi