Yangicha dunyoqarash bilan yuksalish sari: jurnalistlar Navbahor tumanidagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar bilan tanishdi

2019-09-17T05:41:47+00:0017 September, 2019|Navoiy vil.|

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi  tashabbusi bilan Navbahor tumanida press-tur o‘tkazilib, unda respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalarining vakillari – jami 20 nafarga yaqin jurnalistlar hududni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishishdi.

         Xususan, tadbir qatnashchilari “Straus farm Navbahor”, “Parades garden”, “Uchtut javohir toshlari” mas’uliyati chcheklangan jamiyatlari, tuman avtomobil yo‘llaridan foydalanish unitar korxonasining asfalt ishlab chiqarish zavodi, “ATLANT” xususiy klinikasi hamda “Sevinch” davlat xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan tanishishdi.

Qayd etish joiz, 100 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qilayotgan Navbahor tumani asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan. Hududda sanoat, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalarini rivojlantirish dolzarbligicha qolmoqda. Misol uchun, tumanda yiliga o‘rtacha 20 ming tonnaga yaqin meva-sabzavot yetishtiriladi. Biroq mazkur mahsulotlarni qayta ishlash yo‘lga qo‘yilmagan.

So‘nggi yillarda tumanda aynan mazkur yo‘nalishlarda yangi va zamonaviy korxonalar tashkil etishga e’tibor kuchaytirilmoqda. Xususan, 2018 yilning boshida hududdagi yirik tadbirkorlik sub’ektlari  100 tadan oshmagan bo‘lsa, bugunga kelib ular 250 taga yaqinlashib qoldi.

Janubiy Afrika Respublikasi, Turkiya kabi mamlakatlar ishbilarmonlari bilan  jadal hamkorlik olib borayotgan  “Straus farm Navbahor” tumandagi jadal rivojlanayotgan korxonalardan biri sanaladi. Jurnalistlar mazkur korxonaning parrandachilik kompleksiga tashrif buyurib, bu yerda Afrika tuyaqushlarining parvarishlash jarayoni bilan tanishishdi. 35 nafar ishchi-xodim faoliyat olib borayotgan korxona hududi bir gektarni egallagan bo‘lib, majmuada go‘sht yo‘nalishida broyler jo‘jalar, nasldor kurkalar, o‘rdaklar, qoramollar ham boqiladi.

  • Ayni paytda tumanda xorijlik hamkorlarimiz bilan “Safari park” tashkil etayapmiz,  – deydi korxona rahbari Jamshid Hamroyev. – Bugungi kunda tuman hududidan bizga ajratilgan ochiq maydonda belgilangan qurilish ishlarining 30-35 foizi bajarildi. Kelgusi yil nasib etsa mazkur maskanimiz ham foydalanishga topshiriladi.

Tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasiga tegishli asfalt zavodi hududdagi yana bir istiqobolli korxonalardan bo‘lib, uning mahsulotlari ayni paytda nafaqat tuman, balki Xatirchi, Nurota va Karmana tumanlari yo‘llarini ta’mirlashda ham ishlatiladi.

Soatiga 120 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega sub’ektda 12 nafar mutaxassis faoliyat olib borayapti.  Korxona uchun ayni paytda ma’muriy binolar hamda ishchilar dam olish uchun xonalarni tashkil etilmoqda.

  • Mazkur ishlab chiqarish bo‘limimizning jami loyiha qiymati 7,5 milliard so‘mdan ziyodni tashkil etadi, – deydi jurnalistlar bilan suhbatda tuman AYFUK rahbari Munis Fozilov. – Zavod ish boshlagach tegishli hududlarda yo‘llarni ta’mirlash ishlarning hajmi va sifati sezilarli ravishda oshdi. Xususan, qishloqlarimizning ichki tuproq ko‘chalarini  asfalt qoplama yotqizish tobora kengayib bormoqda.

Ma’lumki, Navbahor tumanining iqlimi, tuprog‘i uzumchilikni rivojlantirishga to‘la mos. Bir vaqtlar “Jambul” bog‘larining dorvrug‘i, bu yerda yetishtirilgan mevalardan tayyorlangan mahsulotlar jahon byuozorida xiridorgir bo‘lgan.

O‘tgan yili faoliyatini boshlagan  “Paradise garden” korxonasi tumanda ana shu ishlarni qayta tiklash maqsadida 16 gektar maydonda  tomchilab sug‘orish asosida uzumzor tashkil etgan. Qo‘shimcha yana 60 gektardan ziyod yerda ham shu asosda bog‘ tashkil etiladi. Press-tur ishtirokchilari cho‘l bag‘rida barpo etilayotgan mazkur tokzorlar bilan birga, ayni shu korxona tomonidan “Qorajon” mahallasi hududida qurilayotgan, qiymati bir million AQSh dollariga teng bo‘lgan mevani qayta ishlash zavodini ko‘zadan kechirishdi. Ayni payta bino qurish ishlari tugatilgan bo‘lib, Janubiy Koreya Respublikasining “MS Holdings” hamda Italiyaning “DELLA TOFFALA SPA” kompaniyalaridan texnologiyalar olib kelinishi kutilmoqda.

Tumanning iqtisodiy salohiyati ishlab chiqarish yo‘nalishida jadal ish olib borayotgan ishbilarmonlarning sa’y-harakati bilan birga ijtimoiy sohada faol bo‘lgan tadbirkorlarning loyihalari bilan ham yuksalmoqda. Xususiy bog‘chalar va klinikalar bunga misol bo‘ladi. Joriy yilning o‘zida tumanda 8 ta xususiy va 11 ta oilaviy bog‘chalarning faoliyat boshlagani natijasida hududda bog‘cha yoshidagi bolalarning qamrovi sezilardi darajada oshdi.

“Sevinch” davlat xususiy sheriklik asosidagi 120 o‘rinli bog‘cha yaqinda foydalanishga topshirilgan. OAV vakillari mazkur muassasa faoliyatini ko‘zdan kechirar ekan, bu yerda bolajonlarning sifatli ta’lim olishi uchun barcha shart-sharotilar yaratilganiga guvoh bo‘lishdi.

Tuman markzidagi “Atlant” klinikasining ham ish boshlaganiga ko‘p vaqt bo‘lmadi. Malakali lor, terapevt, stomotologlar bugungi kunda bu yerda bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Ikki qavatli muassasada bemorlar uchun yotib davolanish imkoniyati ham yaratilgan. Muassasa rahbari, vrach Ilyos Jo‘rayevning ma’ulm qilishcha, kelgusida klinikada plastik jarrohlikni yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilgan.

Pres-tur doirasidagi navbatdagi manzil – “Uchtut javohir toshlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan “Oq tepa” dam olish maskani bo‘ldi. Mazkur turizm ob’ekti hozirda nafaqat yurtdoshlarimiz, balki Nurota tumaniga ziyoratga borayotgan xorijlik mehmonlarning ham diqatini tortgan. Hududda zamonaviy kafe, basseyn, madaniy hordiq chiqarish maydonchalari hamda mehmonxona xizmati tashkil etilgan.

Shu yerning o‘zida tuman hokimi Lochin Obloqulov ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. L.Obloqulov hududda bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusida rejalashtirgan loyihalar xususida ma’lumotlar berdi. Shundan so‘ng tuman rahbari jurnalistlarning kommunal sohada, yoshlar siyosati hamda nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi savollariga batafsil javob berdi.

  • Amalga oshirayotgan loyihalarimiz ko‘p, qilishimmiz kerak bo‘lgan ishlar esa undan ham salmoqli, – dedi hokim. – “Obod qishloq”, “Obod markaz” hamda boshqa davlat dasturlari asosida olib borayotgan sa’y-harakatlarimiz joylardagi ko‘pgina masalalarga yechim bo‘lmoqda. Misol uchun tuman markazini tubdan o‘zgartirayapmiz. 100 dan ziyod tadbirkorlarimiz bo‘layotgan o‘zgarishlarni to‘g‘ri anglab, ular tomonidan bu hududda zamonaviy savdo ob’ektlari qurilmoqda. Xuddi shunday o‘zgarishlar chekka hududlarimizda ham davom etayapti. Yaqin bir-ikki yil ichida tumanning salohiyatini respublikada sezilarli darajada yuksaltirish harakatidamiz.

Press-tur yakunida tuman hokimligi hamda hududdagi boshqa mas’ul tashkilotlarning jurnalistlar bilan hamkorligini kuchaytirish masalasi muhokama qilinib, bu boradagi qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Ozod MUSTAFOYEV.