Yomonlik yo‘lini to‘sib, yaxshilik tarqataylik…

2019-08-28T11:40:11+00:0028 August, 2019|Hafta maqolasi|

Salon to‘la odam. Avtobus chayqalib-chayqalib ketyapti. Goh o‘ngga, goh chapga og‘adi, bir tormoz qattiq bosiladi, bir gaz… Shofyor tinmay so‘kinadi. Birovlarning onasi ham, singlisi ham, qizi ham qolmadi…

Oxiri sabrim chidamadi. Sirg‘alib old eshik tomon yurdim. Ungacha navbatdagi bekat yaqinlashib qoldi.

– Amaki, nega buncha so‘kinasiz?

– Ko‘rmaysanmi bularning haydashini, bezrayib yo‘lingga chiqib keladi, ko‘chada yurishni bilmaydi bular…– Shu so‘kkaningizni ular eshitdimi?

– Asabingni buzgandan ke­yin nima qilasan?

– Siz bir o‘zingiz ketmayapsiz, avtobus to‘la odam. Sochingiz oppoq, yoshingiz oltmishdan oshganga o‘xshaydi, sizga yarashadimi shu?

– Aql o‘rgatadigan ko‘p, asabing buzilsa ko‘rasan…

– Shunday orqangizda 10-12 yoshli qizcha turibdi. Nevarangiz tengi bo‘lsa kerak. Hech bo‘lmasa shundan uyalsangiz bo‘lardi! Yoki uyda ham qizingiz, keliningiz, nevarangiz oldida so‘kinasizmi?

Shunda kallasiga bir nima urilgandek, shofyor birdan o‘zgardi.

– Kechir, o‘g‘lim, bilmay qomman…

– Siz mendan emas, avtobus­da­gi odamlardan, borib ana tushib ketgan qizchadan kechirim so‘rang, mana yo‘l haqi, omon bo‘ling, bu yog‘iga piyoda keta qolaman…

Qiziq, shu avtobus haydovchi­sining og‘zidan nima kirib nima chiqyapti, kelganini qaytarmay so‘kinyapti, birov g‘ing demaydi.

Tasvirga olib, internetga joylasam-chi, so‘kinishi ming barobar ko‘payib o‘ziga qaytib keladi, degan xayolga ham bordim. Lekin nega endi bu beodoblikni targ‘ib qilishim kerak, deb darrov fikrimdan qaytdim. Bunaqa beodoblarni nega tarbiyalab qo‘ya olmaymiz? Nega tanbeh bermaymiz?

Ochig‘ini tan olaylik, unga tanbeh befoyda, deymiz-u, aslida «Siz kimsiz mening ishimga aralashadigan?», «Sizga nima, yo‘lingizdan qolmang», «Sen o‘zingni bil…» degan gaplarni eshitishdan, bizga ham tashlanib ketishidan, izza bo‘lib qolishdan qo‘rqamiz! Lekin, bir kishiga tashlanar, ikki kishiga tashlanar, boringki, uch-to‘rt kishiga bas kelar, lekin hammani g‘ajib tashlay olmaydi, ko‘pchilikka qarshi borolmaydi-ku… Xo‘sh, tanbeh bermabmiz, tartibga chaqirmabmiz, ikki og‘iz e’tiroz bildirishni o‘zimizga ep ko‘rmabmiz, telefonga tushirib, butun dunyoga tarqatishdan maqsad nima unda? Bu videoni onangiz, opangiz, singlingiz, ahli ayolingiz, qizingiz ko‘rishi uchunmi? Yoki maqsad rostdan ham ularning yuzidan hayo pardasini yirtib tashlashmi?

To‘g‘ri, har kim axborot olish va uni tarqatish huqu­qiga ega, lekin, keling, bir ahmoqgarchilik, beandishalikni olamga jar solgandan ko‘ra qo‘limizdan kelsa yaxshi ishlarni tarqataylik…

Bekzod ShUKUROV

 

Mirodil ABDURAHMONOV:

– Iqtisodni rivojlantirish, uylar, maktab va bog‘chalar qurishda juda katta natijalarga erishyapmizu, ammo tarbiya masalasida juda katta narsa boy beril­ganini endi-endi anglayapmiz. Bunga faqat mahalla, xotin-qizlar qo‘mitasi yoki boshqa bir idora qarashi kerak, deb bir qarorga kelgunimizcha masala battar chuqurlashadi. Avtobus haydovchisimi, o‘qituvchimi, ishchimi, kim bo‘lishidan qat’i nazar unga jamoatchilikdan kuchlirok ta’sir etadigan kuch yo‘q aslida. Menga aloqasi yo‘q degan odam esa bir kun kelib, albatta pushaymon qiladi. Ammo unda kech bo‘lishi muqarrar.

 

Oygul NURMETOVA:

– Ayrimlar mana shunaqa holatlarni tezroq ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishga harakat qilmoqda. Bu ularga ta’sir qilib, o‘zlariga xulosa chiqarib olsa yaxshi. Lekin ta’sir qilmasa-chi? Buning o‘rniga internetga chiqib mashhur bo‘ldim, deb maqtanib yursa-chi? Shuning uchun eng to‘g‘ri yo‘l virtual dunyoda emas, hayotda ularga saboq berib, ko‘zini ochish kerak. Internetda bu yana qancha-qancha odamlarga, yoshlarga, ayniqsa o‘smirlarga va bolalarga juda yomon ta’sir qilishi mumkin. Bolalarimizni mana shunday johilliklar va ularning zaharli ta’siridan asrash uchun ham hamma narsani internetda tarqatmaslik kerak, deb o‘ylayman.

 

Husniddin BERDIYeV:

– Oddiygina befarqlik ortidan hali ham ko‘p narsani boy berishda davom etyapmiz. Oilalarda kitob, gazeta o‘qish, dildan bir oilaviy suhbatlashish butunlay yo‘qoldi. Hamma narsani pul va moddiyat bilan o‘lchaydigan darajaga keldik. Ma’naviyat haqida gap ketsa «qo‘y, shu shoirona gaplarni, bu bilan qorin to‘ymaydi» deyish odatiy hol bo‘lib qoldi. Aslida ma’naviyat va moddiyat qushning ikki qanotidek. Bu ikkalasi baravar harakatlanmasa qush hech qayerga ucha olmaydi.

 

Ubaydulla ABDUShOHIDOV:

– Tarbiyani avvalo internet kengliklaridagi o‘zbekcha izoh qoldirayotganlardan boshlash kerakmikan, deb o‘ylayman. Munosabatlarda «dolban»dan boshlab «debil»gacha (bundan qo‘polroqlarini yozishga qo‘lim bormadi) hamma harflardan boshlanadigan, o‘zbekcha, ruscha, inglizcha, forscha va hokazo tillardagi haqoratli so‘zlarni bemalol ishlatib fikr bildirilyapti. Ayniqsa, bunday so‘zlarni ayollar musohabalarida, ular bildirayotgan fikrlarda ko‘rib lol qolasan kishi…

 

Fotima JO‘RAYeVA:

– Ma’naviyat, odob, axloqni avvalo hamma o‘z oilasidan bosh­lashi kerak. Qolaversa, farzand­larimiz miyasiga go‘dakligi­dan buni singdirib borish kerak… Bir tomondan o‘sha shofyor amakiga ham rahmim keldi…

«Nega?!» deysizmi? Sababi, haqiqatdan ham hozirgi kunda o‘qimay haydovchilik guvohnomasi olvol­ganlar, istagan joyida to‘xtab, istagan joyida yo‘lni kesib o‘tuvchilar ko‘payib ketgan. To‘g‘rimi?

Asablari ham ko‘tarmay qolgan bo‘lsa kerak… desam, «asabi chidamasa, uyda o‘tirsin» deydiganlar topiladi. Lekin, hozir nafaqat qariyalarimiz, balki yoshlarimizning ham asablari tarang…

O‘zimizdan so‘raylik, ota-ona bo‘lib oxirgi marta qachon farzandlarimiz bilan dildan suhbat qurib o‘tirdik? Farzand sifatida ota-onamiz bilan-chi?.. Ha, bu masalaning mohiyati, ildizi ancha chuqur joyda joylashgan…

 

Manba:« Oila davrasida» gazetasi