Tahririyatlar nega yirik korxonalar kabi 25 foizdan yagona ijtimoiy to‘lov to‘laydi?

2019-08-20T07:39:44+00:0020 August, 2019|Navoiy vil.|

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyat bo‘limi tashabbusi bilan viloyat hokimligi hamkorligida viloyatdagi boshqarmalar, banklar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mahalliy va respublika OAV jurnalistlari, shuningdek blogerlar ishtirokida muntazam ravishda matbuot anjumanlari tashkil etish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, hamkorlikda tasdiqlangan reja-jadval asosida har oyda bir marotaba shahar-tumanlarda media-tur tashkil etilib, hududlarda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar bilan tanishiladi.

19 avgust kuni Viloyat davlat soliq boshqarmasi vakillari  ishtirokida “Soliq siyosatidagi yangiliklar, tizimdagi mavjud muammolar yechimi” mavzusida ommaviy axborot vakilari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjumanda  soliq boshqarmasi mutasaddilari  mamlakatimizda soliq yuki darajasini kamaytirish borasida 2019 yildan yuridik shaxslarning foyda solig‘i stavkasi 14 foizdan 12 foizga, mol-mulk solig‘i stavkasi 5 foizdan 2 foizga, yagona soliq to‘lovi stavkasi 5 foizdan 4 foizga va yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirilgani takidlandi.

— Bu holat byudjet tushumlarining kamayishiga olib kelmaydimi, degan savolni keltirib chiqarishi tabiiy, – dedi Soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sh.Raximov. – Joriy yilning 6 oyida viloyatimizning soliq tushumlari 4 trillion 388 milliard so‘mni takshil etdi – o‘tgan yilga nisbatan o‘sish qayd etildi. Qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovchilar, tadbirkorlik sub’ektlari sonining ko‘payishi, qolaversa “konvert” usulida oylik to‘lash holatlarining bartaraf etilishi natijasida bunga erishildi.

Ochiq muloqotda jurnalistlar bir qator savollar bilan murojaat qilishdi. Xususan, soliqlarni yashirish jinoyati bilan bog‘liq aniq raqamlar, shaharcha tipidagi ammo, hatto tabiiy gaz mavjud bo‘lmagan aholi punktlarida yashovchilar boshqa hududlarga qaraganda ko‘p miqdorda yer solig‘i to‘layotgani, 5-6 nafar xodim ishlaydigan tahririyatlar minglab ishchi faoliyat yuritadigan yirik korxonalar kabi 25 foizdan yagona ijtimoiy to‘lov to‘layotgani kabi holatlar yuzasidan izoh so‘rashdi.

Ommaviy axborot vasitalari vakillarining shu mazmundagi savollariga  soha mutaxassislari atroflicha javob berishdi.

—  Ommaviy axborot vositalari xodimlarining soliq tizimidagi o‘zgarishlardan to‘laqonli xabardor bo‘lishi aholining huquqiy ongini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi boshqaruvi raisi Otabek Aslonov. – Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda va aholi o‘rtasida kuzatilayotgan noto‘g‘ri talqindagi sharhlar va munosabatlar islohotlarni teskari talqin qilishga sabab bo‘lmoqda. Shu bois OAV vakillarining sohadagi yangilanishlarni mohiyatan anglab, targ‘ib qilishi bunday holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Matbuot anjumani yakunida soliq organlari va tahririyatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamalash, jurnalislar bilan axborot almashish jarayonlarini soddalashtirish, osonlashtirish yuzasidan takliflar o‘rtaga tashlanib, ushbu masalalar yechimi yuzasidan o‘zaro kelishib olindi.

Ozod MUSTAFOYEV.