Men bugun bahorni ko‘rdim

2019-03-01T08:31:32+00:001 March, 2019|Umumiy yangiliklar|

Men bugun bahorni ko‘rdim…

Bir necha kundan buyon qovog‘i ochilmayotgan osmonning havoyi po‘pisasida, dam tinib, dam sharros quyayotgan yomg‘ir tomchilarida, hardamxayol daraxtlarning o‘zlarigada anglamsiz tabassumida, bo‘g‘otlar ostida qunishib o‘tirgan chumchuqlarning oniy tushlarida ko‘rdim bahorni.

Men bugun bahorni ko‘rdim…

Rutubatli havoning namxush zaxrini pisand qilmagandek ko‘krak tugmalarini yechib, shaxdam odimlayotgan, yuraklaridagi qo‘r yuzlariga ko‘pchigan  yigitlarning  o‘ktam nigohlarida, iliq kunlarni kutib sabri chidamagan, bir-birini qo‘ltiqlagancha yomg‘irpo‘sht ostida sirli qadam tashlayotgan qizlar egnidagi nafis liboslarning yengil tebranishida ko‘rdim bahorni.

 

Men bugun bahorni ko‘rdim…

Ko‘chalarda po‘rtanadek toshib, shoshib borayotgan avtolar oqimidan, go‘yo hurkak otlar uyuridan ajralgandek, ajralib chiqqan mashina yo‘l chetiga ohista to‘xtaganida, nabirasining jajji qo‘lchalaridan tutib, haydovchi yigitni alqaganicha mashinaga o‘tirgan onaxonning nur yog‘ilib turgan chehrasida, dimog‘imga faqat onalardangina taraladigan sog‘inch bo‘yi urilganida va… shundoqqina ariq labida sachrab chiqqan maysalarning yashil ro‘ylarida ko‘rdim bahorni.

 

Men bugun bahorni ko‘rdim… U xuddi uyatchan qizaloqlardek barmog‘ini tishlaganicha ostonada jilmayib turibdi. Hademay u bo‘yqizlardek ifor taratib, yuraklarni o‘ynatib, aqllarni o‘ylatib, nigohlarni bo‘ylatib, oppoq liboslarga burkanganicha o‘z namoyishini boshlaydi. Borliq uyg‘onadi. Uning ortidan suqlanib tikiladi navqiron teraklar. Tollar shokilalaridan poyandozlar to‘shaydi uning poyiga. Mitti oftobchalar – momaqaymoqlar chambaraklar to‘qiydi. Majnuntollarning misrang xivchinlari  umid bilan barg chiqaradi. Yasharish, yangilanish fasli boshlanadi. Tiniqib uxlagan kurtaklar ko‘z ochib, yuz chayadilar abri naysonga. Chuchiktil bolarilar sevgi qo‘shig‘ini boshlaydi. Nam tortgan g‘umbaklar oftobga yelka tutib, rangin kapalaklarga aylanadi. Chumolilar zir yugurib, bir-birini qutlaydilar Yangi kun bilan. Maysalar ko‘kka bo‘y cho‘zadi. Mastona yalpizlar iforidan suv yuguradi taroshlangan ariq lablariga. Keksa tutlar yuzlariga tushgan ajinlarni unutib, yoshligini xotirlaydilar. Betiyiq shabbodalar barmoq tekkizib entiktiradi dillarni. Oftobning zarrin nurlari qo‘zigullarga za’faron rang beradi,  ol rang  ato etadi yal-yal yonayotgan lolaqizg‘aldoqlarga.

 

Bahor nafaqat olamga, balki ruhimizgada yangilanish olib kiradi. Daraxt novdalariga tiriklik suvi yugurgani misol ko‘zlarimizga nur, qalblarimizga surur, bilaklarimizga kuch, yuraklarimizga muhabbat inadi. Hademay olam yashillikka burkanadi. Qizilqum cho‘llariyu, Nurota tog‘lari, Afrosiyob adirlariyu, Toshkent ko‘chalari yashil libos kiyadi hademay.

 

Osmon varraklar va bolalar qiyqirig‘iga to‘ladi, qizlar kaftida ezilgan o‘smalarga kamon qoshlarda qayta jon inadi, faqat o‘zlarigina his etadigan orziqish bilan dovcha teradilar yukli kelinchaklar. Qo‘llaridan tasbeh, tillaridan shukronalik tushmaydigan otaxonlar oftobro‘y go‘shalarda gurungni boshlab yuboradilar. Yosh-yalang, qiz-juvon bog‘-rog‘larga, shaffof shabadalar raqsu samo qilayotgan qir-adirlarga oshiqadi. Qozonlar qaynaydi. Askiyadan bir-biriga saboq berayotgan yigitlar qahqahasi, sirli pichirlashgan qizlarning shodon kulgusi yangraydi.

 

Men bugun bahorni ko‘rdim…

Ko‘klamning tansiq ne’matini tatib ko‘rgan bobolar shukronasida, momolar «omonliq-somanliq, hech ko‘rmaylik yomonliq» deya ko‘zlariga surtgan boychechak iforida, sizu bizga quvonch, yurtimizga qut-baraka, ezgulik tilab chiqqan quyoshning zarrin nurlarida ko‘rdim bahorni…

BAHORING MUBORAK O‘ZBEKISTONIM!!!

Vohid LUQMON

Leave A Comment