“Hurriyat” muammosi yechimi jurnalistlarga bog‘liq

2019-08-12T12:03:20+00:0023 January, 2019|Umumiy yangiliklar, Uncategorized|

Jurnalist, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi xodimi sifatida markaziy va hududiy gazeta va jurnallarni imkon darajasida o‘qiyman, teleradiokanallar, veb-saytlarni, xususan, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA veb-saytini doimiy ko‘zatib boraman.

Joriy yilning 12 yanvar kuni O‘zA saytida ustoz Ahmadjon Meliboyevning “Hurriyat” muxlislari qayerdasiz?” (Maqola “Hurriyat” gazetasining nashr etilmayotgani haqida yozilgan) sarlavhali maqolasi chop etildi. Shundan keyin saytda mavzuga oid  materiallar “yomg‘iri” boshlandi – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalistlar  O. Toshboyev, M. Obidovlarning “Hurriyat” quyoshi botdi…mi?”, “Hurriyat”ni kutyapmiz – yiqilganni tepkilamang hamkasblar!”,  filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori B. Alimovning “Hur zamonga “Hurriyat” kerakmasmi?”, Samarqand viloyat “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri F. Toshevning ““O‘zbekiston matbuotini”ni yo‘qotib ulgurdik, “Yo‘qolish” navbati “Hurriyat”gami?…”, “Jamiyat” gazetasi bosh muharriri M. Jonixonovning “Hurriyat” dardi – matbuot dardi”,  Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ya. Qo‘chqorovning “Hurriyat” oldidagi qarz”, “Qashqadaryo” gazetasi bo‘lim muharriri N.Egamovning “Yonayotgan gazeta” sarlavhali materiallari paydo bo‘ldi. Shuningdek, boshqa bir qator OAVlarida ham mavzuga doir materiallar e’lon qilindi.

O‘zA saytida ko‘tarilgan ushbu masalaga ustoz jurnalistlar tomonidan munosabat – tegishli fikr-mulohazalar bildirilgani e’tiborga molik – ijobiy holat. Masalaning OAVlarida bunday keng muhokama qilingani milliy jurnalistikamizning erkinlashib, rivojlanib borayotganidan dalolat beradi. Ustoz va hamkasblarimizning sevimli gazetamiz “Hurriyat”ni ertangi kuni, taqdiri haqida o‘ylayotgani, kuyunchaklik bilan  qayg‘urayotgani  esa tahsinga loyiq.

Yil boshidan beri bir qancha hamkasb tanish-bilishlarim: “Hurriyat”  qachon chiqadi, unga qancha odam obuna bo‘libdi, nega uni qo‘llab-quvvatlamayapsizlar” degan gaplarni ko‘p aytdi, bu jarayon hanuz davom etmoqda. Ularning gap-so‘zlari, yuqorida sarlavhalari nomi keltirilgan maqolalarda bildirilgan fikrlardan ham Uyushma muassis sifatida “Hurriyat”ga yordam, moliyaviy ko‘mak bermayapti,  degan  qarash  anglanadi.

Ta’kidlash joiz, Uyushma “Hurriyat” chiqishini ta’minlash uchun vakolati doirasida barcha ishlarni bajarib kelmoqda. Misol uchun, 2018 yilda Uyushmamiz va  Respublika tovar – xom ashyo birjasi o‘rtasida tuzilgan “Do‘stlar klubi” tomonidan gazeta bosmaxona xarajatlari uchun  100 million 158 ming 932 so‘m  ajratildi. “Hurriyat”ga 120 nafar faxriy jurnalistlarni obuna qilinishini ta’minlash maqsadiga yigirma ikki million 421 ming 600 so‘m yo‘naltirildi.  Tahririyat internet tezligini oshirishga besh million 486 ming sarflandi. Jamoa xodimlariga moddiy yordam ko‘rsatishga qariyb 40 million, 2018 yil davomida esa jami 167 million 306 ming 675 so‘m “Hurriyat”ga tuhfa etildi.

Mazkur materialni tayyorlash asnosida bir necha markaziy gazetalarimiz bosh muharrirlari bilan telefon orqali suhbatlashdim. Ularning aksariyati gazetasi muassisi tayinli moddiy-ma’naviy yordam ko‘rsatmaganidan nolidi.

Shunday bo‘lsa-da, ular jon saqlab qolishga harakat qilgan. Qiyinchiliklar evaziga bunga erishgan ham. Bu bilan “Hurriyat” chilarni ayblamoqchi emasman. Ular targ‘ibot-tashviqot, obuna tashkil etish  ishlarini ko‘ngildagidek olib bordi, deb ham aytolmayman.

“Hurriyat” – jurnalistlar gazetasi. Yurtimiz ommaviy axborot vositalari ijodkorlarini birlashtirgan ushbu nashrda eng sara jurnalistik materiallar chop etib kelingan.  Gazeta obunachilarining asosiy qismi jurnalistlar hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yil uchun “Hurriyat”ga atigi yetti yuz nafarga yaqin gazetxon obuna bo‘lgan. Bugungi kunda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida taxminan 10 ming nafardan ziyod jurnalist faoliyat yuritadi. Ularning 30 foizi “Hurriyat”ga obuna bo‘lgan taqdirda ham gazeta bunday muammoga duch kelmagan bo‘lardi.

O‘qituvchilarning “Ma’rifat”ga obuna bo‘lmaganini tushunish qanchalik qiyin bo‘lsa, jurnalistlarning “Hurriyat”ga yozilmagani shunchalik o‘ylantiradigan masala.

Taniqli jurnalist Farmon Toshevning O‘zA saytida e’lon qilingan materialidagi quyidagi jumla ko‘ngilni yorishtiradi: “Samarqand viloyat matbuot va axborot boshqarmasi rahbari M.Ibodullayev, “Paxtakor ovozi” (Narpay), “Urgut sadosi”, “Oqdaryo ovozi” gazetalari muharrirlari T.Toshmurodov, S.Taylonov, Y.Muhammadiyev bilan kelishib, dam olish kunlari har birimiz “Hurriyat”ga besh nusxadan obuna uyushtirdik. Bu ishni ertadan boshqa muharrirlar va o‘zimiz ham davom ettiramiz.”

Ishonchim komil, agar har bir viloyatda, tuman va shaharda  shu tarzda ish olib borilsa, “Hurriyat” ning tiraji biz istagan nusxadan ham oshib ketadi. Demak, masala yechimi o‘z qo‘limizda.

Obunasi tushib ketgan gazeta birgina “Hurriyat” emas. Aksariyat gazetalarga obuna o‘tgan yilga nisbatan keskin kamayib ketgan. Bir qancha nashrlar yopilgani, yopilish arafasida turgani haqida ma’lumotlar bor. Bu holat – konyuktura taqozosi.

Hozir milliy media maydonimizda o‘zaro raqobat, sinov va o‘tish davri hukm surmoqda. Tahririyatlar ham bu vaziyatdan kelib chiqqan holda harakatni yangicha qarash va rejalar asosida izchil davom ettirishi, avvalgi davrlar o‘tganini, bozor sharoitiga moslashish zarurligini, aks holda muammolarga duch kelishi mumkinligini  his qilish kerak.

Shuningdek, gazetada nimani, qancha hajmda chop etish, gazetxonlar qalbidan qanday qilib joy olish haqida ko‘proq o‘ylash muhim ahamiyatga ega.    Ustoz, “O‘zbekiston ovozi” – “Golos Uzbekistana” gazetalari bosh muharriri Safar Ostonov ta’kidlaganidek, mamlakatimizda kechayotgan bugungi jarayonlar va odamlar qiziqishi, talabidan kelib chiqib, gazetalar qiyofasini ham, mavzularini ham o‘zgartirib borishi lozim.  Odamlarni qiynab kelayotgan, ularga foydasi tegadigan masalalarni, jamiyatning og‘riqli muammolarini, ma’naviy ozuqa beradigan mavzularni ko‘proq yoritish zarur. Ehtimol shunda nashrga e’tibor oshadi, gazeta obunachilari ko‘payadi.

Sohamiz yanada rivojini ta’minlash, keyingi yillarda bunday muammolar yuzaga kelmasligi uchun islohotlar qilish vaqti kelganini unutmaslik, mavjud qonunchiligimizga, tahririyat faoliyatini moliyalashtirish tartibiga aniqlik kiritilishi darkor.

“Hurriyat” muammosiga qaytadigan bo‘lsak, Uyushma gazeta tahririyatiga  o‘z qonuniy vakolati va imkoniyati darajasida qo‘llab-quvvatlash  borasidagi ishlarni bundan buyon ham davom ettiradi.

Xolmurod SALIMOV,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy

uyushmasi raisi o‘rinbosari